
Polshada yana josuslik bilan bog‘liq mojaro yuzaga chiqdi. Mamlakatning Harbiy kontrrazvedka xizmati (SKW) va Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida ikki nafar Ukraina fuqarosi qo‘lga olindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular xorijiy maxsus xizmatlar manfaati yo‘lida faoliyat yuritgan, deb xabar berdi Polskie Radio.
ABW matbuot kotibi Yatsek Dobjinskiyning ma’lum qilishicha, 32 va 34 yoshli erkak hamda ayol razvedkaviy vazifalarni bajargan. Ularga Polsha harbiy salohiyati haqida ma’lumot yig‘ish, shuningdek, strategik ahamiyatga ega infratuzilmalarni yashirin kuzatish uchun maxsus qurilmalar o‘rnatish vazifasi yuklatilgan.
Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, ular to‘plagan ma’lumotlar Polshadagi harbiy baza va logistika tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan. Xususan, Ukrainaga harbiy yordam yuborishda ishtirok etuvchi transport yo‘nalishlari va infratuzilmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham shular qatorida bo‘lgan.
Hozircha gumonlanuvchilar qaysi davlat maxsus xizmati foydasiga ishlagani ochiqlanmagan. Ammo mahalliy tahlilchilarning fikricha, bu faoliyat Rossiya razvedka tizimi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli katta.
ABW’ning rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, qo‘lga olish amaliyoti 14-oktyabr kuni Polshaning Katovitse shahrida amalga oshirilgan. Ertasi kuni har ikki shaxs prokuraturaga yetkazilib, ularga rasman ayblov e’lon qilingan. Sud ularni uch oy muddatga qamoqqa olish haqida qaror chiqargan.
Bu Polshada so‘nggi vaqtlarda qayd etilayotgan ilk holat emas. Bir hafta oldin Bosh vazir Donald Tusk ham mamlakat hududida diversiya harakatlarini tayyorlayotganlikda gumon qilingan sakkiz kishining qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi. Ular orasida Ukraina fuqarosi Danilo X. ham bo‘lib, u Rossiya razvedkasi bilan aloqada bo‘lgani aytilgan.
Tuskning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda Polsha xavfsizlik xizmatlari Rossiyaning ta’sir doirasini cheklash bo‘yicha qattiq choralar ko‘rmoqda. Buni Dobjinskiy ham tasdiqlab, oxirgi bir necha oy ichida 55 nafar shaxs Rossiya foydasiga josuslik qilgani uchun ushlanganini bildirdi.
Polsha hukumati bu holatni milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida baholamoqda. Mamlakat rasmiylari NATO va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda kiberhimoya va josuslikka qarshi kurashni yanada kuchaytirish rejasini ishlab chiqmoqda.
Shu bilan, Polsha hududida josuslik faoliyatiga qarshi olib borilayotgan kurash yangi bosqichga chiqdi. Bu voqealar ayni vaqtda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi shiddatli munosabatlar fonida Yevropa xavfsizligi masalasi yanada dolzarb bo‘lib borayotganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!