
O‘zbekistonning boks bo‘yicha terma jamoasi Hindistonda o‘tkazilgan World Boxing kubogi final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sportchilarimiz bir necha vazn toifalarida hal qiluvchi janglarga chiqib, oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritishdi.
48 kg vazn toifasida Farzona Fazilova hindistonlik Minakshiga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. 70 kg vazn toifasida Aziza Zokirova Arundxati Choudhariga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
90 kg vazn toifasida Nusratbek To‘xirov ingliz bokschi Isak Okoxga 0:3 hisobida yutqazdi. 80 kg dan yuqori vazn toifasida Oltinoy Sotimboyeva qizg‘in jangda hindistonlik Nupurga hakamlarning 2:3 qarori bilan yutqazdi.
85 kg vazn toifasida Jasurbek Yo‘ldoshev qozoq bokschisi Sultonbek Aybaruliga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. 50 kg vazn toifasida Asilbek Jalilov hindistonlik Jadumani Mandengbamni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
55 kg vazn toifasida Samandar Olimov Pavand Bartvalni 5:0 hisobida yutdi. 75 kg vazn toifasida Javohir Abdurahimov polyak bokschisi Mixal Jarlinskini 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
90 kg dan yuqori vazn toifasida Halimjon Mamasoliyev hindistonlik Narenderni 5:0 hisobida ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.