Dunyoga mashhur investor O‘zbekiston aksiyalarini sotib oldi

Moliya olamidagi mashhur amerikalik investor Jim Rodjers o‘z investitsiya strategiyasida keskin qaror qabul qildi. U AQSH bozoridagi barcha aksiyalarini sotib, sarmoyasining bir qismini O‘zbekiston fond bozoriga yo‘naltirdi.
Investorning ta’kidlashicha, AQSH bozori 2009 yildan buyon uzluksiz o‘sib kelmoqda va bu tarixdagi eng uzoq davom etgan o‘sish sikllaridan biri hisoblanadi. «Amerika bozori yaqinda tarixiy maksimumga chiqdi. Bu o‘sish yakuniga yaqinlashayotgandek tuyuldi, shuning uchun barcha aktivlarimni sotdim», — dedi Rodjers.
Ushbu bitimlar 2025 yil oxiriga yaqin amalga oshirilgani aytilmoqda. Shu davrda investor o‘z portfeliga noodatiy, ammo istiqbolli yo‘nalish sifatida O‘zbekiston aksiyalarini qo‘shgan. «Birjada savdodagi aksiyalar ko‘p emas, men deyarli barchasini sotib oldim», — deya izoh berdi u.
Ayni paytda Toshkent fond birjasida 85 ta kompaniya aksiyalari muomalada bo‘lib, ular bank, neft-gaz, telekommunikatsiya va boshqa tarmoqlarni qamrab oladi. Rodjers O‘zbekiston bozoriga qiziqishini ilk bor 2021 yilda bildirgan va islohotlar, xususiylashtirish hamda IPO rejalarini diqqat bilan kuzatib kelayotganini aytgan edi.
Investor faqat o‘zbek kompaniyalari aksiyalariga ega ekanini, shuningdek, o‘zbek so‘miga ishonishini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u Xitoy bozoridagi ayrim aktivlarini hali sotmagan, ammo kelgusida bu qarorni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ham istisno etmadi.
Rodjers dollarda katta miqdorda naqd mablag‘ saqlayotganini bildirib, global inqiroz sharoitida dollar hali ham eng ishonchli vositalardan biri bo‘lib qolishini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!