Ozodbek Nazarbekov to‘yda kuyladi: qistirilgan pullarga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘y marosimida qo‘shiq kuylayotgani aks etgan videolavha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videoda vazir sahnaga chiqib kuylayotgani, shu asnoda unga pul uzatilgani va u bu pullarni olayotgani ko‘rinib qolgan. Kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, turli munosabatlar uyg‘otdi.
Mazkur holat yuzasidan Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov Kun.uz’ga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, videodagi voqea 2025 yil 25 oktyabr kuni vazirlik xodimlaridan birining nikoh to‘yida sodir bo‘lgan.
Rasmiy izohda qayd etilishicha, videoda ko‘ringan pul uzatish holati oldindan rejalashtirilmagan. Vaziyat o‘z-o‘zidan yuzaga kelgan va bu paytda fuqarolarning xohish-irodasini keskin rad etish ularni omma oldida noqulay holatga tushirib qo‘yishi mumkinligi inobatga olingan. Ya’ni, bu holat ba’zilar tomonidan kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri tushunilishi ehtimoli borligi uchun, vazir tomonidan vaziyatga nisbatan ijobiy munosabat bildirilgani aytilmoqda.
Vazirlik esa yana bir muhim jihatga e’tibor qaratgan: to‘y marosimlarida xonandalarga pul uzatish yoki uzatmaslik amaldagi qonunchilikka ko‘ra taqiqlanmagan. Bu jarayon xalq orasida asrlar davomida shakllangan milliy urf-odatlar va qadriyatlarning bir qismi sifatida baholanadi. O‘zbekona an’analarda bunday holatlar “orzu-havas” sifatida qabul qilib kelinishi ham ta’kidlangan.
Shuningdek, rasmiylar Ozodbek Nazarbekov nafaqat madaniyat vaziri, balki taniqli o‘zbek xonandasi ekanini ham eslatib o‘tgan. U O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq artisti, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi hisoblanadi. Demak, to‘y marosimida kuzatilgan holatni aynan uning kasbiy faoliyati — milliy qo‘shiqchilik san’ati bilan bog‘liq vaziyat sifatida ko‘rish lozimligi aytilmoqda.
Izoh yakunida esa shunday xulosa keltiriladi: inson qaysi lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z tanlagan kasbidan to‘liq ayro bo‘lib ketolmaydi. Vazirlikka ko‘ra, mazkur holatga ham shu nuqtayi nazardan yondashish kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!