«Lokomotiv»da hozir qishki sotuv davri. Ha, adashmadingiz, «xarid» emas, balki «sotuv» davri. Jamoadan bir qator futbolchilar ketib ulgurishdi. Shunda ham o‘tgan yili chempionlikka katta hissa qo‘shgan o‘yinchilar ketishmoqda. Eng qizig‘i, «temiryo‘lchilar» ularni osongina qo‘yib yuboryapti, deb ma’lum qilmoqda "Interfutbol" nashri.
KETUVChILAR
«Lokomotiv»ning eng tajribali futbolchilaridan bo‘lgan Server Jeparov faoliyatini Eronning «Istiqlol» klubida davom ettiradigan bo‘ldi. Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi eronliklar bilan bir yarim yillik shartnoma imzolagan. Shuningdek o‘tgan mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Temurxo‘ja Abduxoliqov ham qatar chempionatiga ketdi. Unga «Al-Sayliya» klubidan taklif keldi.
«Lokomotiv»ning yana bir etakchi futbolchisi bo‘lgan Sanjar Shoahmedov ham endi o‘z baxtini qatardan izlaydi. Temurxo‘ja singari u ham «Al-Sayliya» bilan shartnoma imzoladi. Aytishlaricha, qatar chempionatida to‘p surishga faqat o‘z mamlakati terma jamoasida o‘ynaydigan futbolchilarga ruxsat berilar ekan. Ammo yaxshi futbolchi termada o‘ynamasa ham chetga ketaverar ekan. Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan Sanjar Shoahmedov bunga yaqqol misol. Shoahmedov-ku bir-ikki marta bo‘lsa ham termaga chaqirilgandi. Ammo Abduxoliqovning chetda qolib ketayotgani o‘tgan mavsumning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan bo‘lganini yaxshi bilamiz.
BOShQA KLUBLAR
Umuman olganda, har doim bo‘lganidek, bu yil ham futbolchilarimizga Osiyodan tushayotgan talab yomon emas. «Lokomotiv»dan tashqari boshqa klub vakillari ham xorijga ketishmoqda. Masalan, «Andijon» yarim himoyachisi Javlon Guseynov Tailandning «Chainat Xonbill» klubi bilan shartnoma imzoladi. Himoyachi Bobur Akbarov esa Malayziyaning «Kuala-Lumpur» jamoasiga ketdi. Shuningdek, o‘tgan mavsumning birinchi yarmini «Olmaliq»da o‘tkazgan Farhod Tojiev ham «T-Tim» jamoasiga qaytdi. Hujumchi garchi o‘tgan mavsum etarlicha o‘yin amaliyotisiz qolgan bo‘lsa-da, malayziyaliklar unga baribir, ishonch bildirishdi. Farhod 2015 yilda «T-Tim» safida o‘ynab, 13ta o‘yinda 14ta gol urgan edi. Undan yana shunday to‘purarlik kutishmoqda. Nima ham derdik, oliy ligada o‘yini qovushmagan futbolchi Malayziya chempionatida to‘purarga aylansa, buning aslo hayron qolarli joyi bo‘lmasa kerak.
Albatta, bu transferlar orasida Fozil Musaevning «kunchiqar o‘lka»da to‘p surishi eng e’tiborlisi bo‘lishi turgan gap. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini «Nasaf»da o‘tkazgan yarim himoyachi Yaponiyaning «Jubilo Ivata» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Agar Fozil J-ligada o‘zini ko‘rsatadigan bo‘lsa, Yaponiyada ham o‘zbek futbolchilariga bo‘lgan qiziqish oshishi aniq. Demak, «kunchiqar o‘lka»dagi ilk o‘zbek futbolchisi zimmasiga yuklanadigan mas’uliyat kattagina...
KIMGA FOYDA?
Xo‘sh, bu transferlar o‘zbek futboliga nima berishi mumkin? O‘zbekistonlik futbolchi Malayziya yoki Tailandda o‘ynashi qay darajada foydali-yu, qay darajada zarar? Bu borada hammaning fikri har xil bo‘lishi turgan gap. Masalan, Fozil Musaevning Yaponiyaga ketganini aytmasa, qolgan transferlarga bo‘lgan munosabatni u qadar yuqori deb bo‘lmaydi. Deylik, o‘tgan mavsum oliy liga to‘purari bo‘lgan Temurxo‘ja Abduxoliqovning «Al-Sayliya»dan kuchliroq jamoa safida ham o‘ynab keta olishiga ishonadiganlar soni anchagina. Shuningdek, Sanjar Shoahmedov haqida ham xuddi shunday fikr bildirish mumkin.
Albatta, bu gaplarda jon bor. Muxlis xalqiga qolsa, har bir futbolchimiz kuchli klublarda o‘ynashini istaydi. Hech bo‘lmasa, Rossiya chempionatida. Ammo afsuski, buning imkoni har doim ham bo‘lavermaydi. Hozircha Evropada to‘p surib keta oladigan o‘yinchilar o‘zbek futbolida ko‘rinmayapti. Bizning asl darajamiz esa Osiyo bo‘lib qolmoqda. Iqtisod tilida bir ibora bor: «talab va taklif», deyiladi. Evropadan talab bo‘lmagach, ularga kimni ham taklif eta olardik? Demak, hozircha o‘zbek futbolchilari Osiyoda o‘ynab turishadi.
BIZGA FOYDA
Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham, oliy ligada kuni o‘tib turgan futbolchilarning Malayziya yoxud Tailand bo‘lsin, baribir, chetga ketishining ijobiy tomonlari ham mavjud. Yaxshilab qidirgan muxlis hatto Alisher Azizovning qirg‘izistonning «Dordoy» klubiga ketishida ham ijobiy jihat topa oladi. Qanday, deysizmi? Hozir shunga to‘xtalib o‘tamiz.
Futbolchilarning xorijga yo‘l olishidan o‘zbek futboliga keladigan eng katta foyda shundaki - iqtidorli yoshlar uchun yo‘l ochiladi. Aytaylik, Server Jeparov «Istiqlol»ga ketgan bo‘lsa, demak, endi quvondiq Ro‘zievda ko‘proq imkoniyat bo‘ladi. Temurxo‘ja Abduxoliqovning o‘rnida esa Bobur Tillaboyevni sinab ko‘rish mumkin. Yoki yoshlardan yana kimnidir. Nima bo‘lgan taqdirda ham, tajribali futbolchilarning o‘rni yoshlarga qolayotgani faqat ijobiy jihat. Axir Jeparov asosiy tarkibda o‘ynayversa, «yangi Jeparov» qayerdan ham chiqardi?
SERBIYa
Aslida, futboli rivojlanayotgan o‘lkalarda legionerlarning chetga ketishi har doim qo‘llab-quvvatlanadi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsum yakuniga etgach «Interfutbol» nashrida «Nasaf» yarim himoyachisi Ognen Krasich bilan intervyu chop etilgan edi. O‘sha suhbatda Krasichga Serbiya futboli haqida savol berilgan va nima sababdan serbiyalik futbolchilar chetga ko‘p ketishi so‘ralgandi. Yarim himoyachi savolga quyidagicha javob qaytargan:
«Serbiyada futbolchilarga juda kam maosh to‘lanadi. Iqtidorli futbolchilar esa anchagina. Mening yurtimda kuchli futbolchilarni har bir hududdan topish mumkin. Ular yosh vaqtida faoliyatini mahalliy klublarda boshlaydilar, ammo imkon tug‘ilgani hamono xorijga ketishga harakat qiladilar. Chunki Serbiyada hech kim sizga Germaniya yoki qozog‘istondagidek maosh to‘lamaydi. Shu bois kimdir Evropaga, yana kimdir esa Osiyoga ketadi. Axir kuching bor vaqtda pul ishlash kerak-da», - degan edi Krasich.
Ko‘rib turganingizdek, Serbiyada futbolchi etishtirish bo‘yicha butun boshli tizim yuzaga kelgan. Mamlakatda futbolchilarga ko‘p maosh to‘lanmaydi. Oqibatda ular mahalliy birinchilikda mahoratlarini oshirib olgach, o‘z baxtlarini xorijdan qidirishga harakat qiladilar. Buning ortidan iqtidorlar mudom etishib turadi. Bu esa, o‘z navbatida, Serbiya futbolining rivojlanishiga olib kelmoqda.
O‘ZBEKISTON
Albatta, O‘zbekiston va Serbiya futbolini o‘zaro taqqoslab bo‘lmaydi. Ammo biz ham futbol olamida o‘zimizga yarasha o‘rnimizga egamiz, Osiyoda bizni ancha hurmat qilishadi. Shunday ekan, nima uchun serbiyalik futbolchilar Evropa-yu Osiyoni to‘ldirganda, o‘zbekistonlik o‘yinchilar ham xorijda to‘p surmasliklari lozim? To‘g‘ri, har bir futbolchimiz yuqori mahorat sohibi emas. Ammo hammaning o‘ziga yarasha xaridori bo‘ladi. Kimgadir Yaponiyadan qiziqish bor, yana kimgadir esa qirg‘izistondan. Mayli, futbolchilarimiz qayerda bo‘lsa ham, o‘ynashaversin. So‘nggi yillarda Xitoy va qatar futboli tobora rivojlanib bormoqda. Shunday ekan, nima uchun u erlarda o‘zbek futbolchilari ham to‘p surmasliklari lozim?
Bundan tashqari, legionerlarning xorijga yo‘l olishida boshqa ijobiy jihatlar ham bor. Masalan, iqtisodiy manfaat...
IQTISOD
Legionerlar eksporti nafaqat mamlakat futboli, balki iqtisodiga ham naf keltirishini aytsak, hayron qoladigan ko‘p topilmasa kerak. Zero zamonaviy futbol allaqachon professional kasbga aylanib ulgurgan va ancha-muncha daromad manbai hisoblanadi. Jahon tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Janubiy Amerika davlatlari uchun xorijga futbolchi sotish iqtisodiyotning o‘ziga xos sohasiga aylanib ulgurgan. Masalan, 2005 yilda Braziliya klublari futbolchilarni xorijga transfer qilishdan 158 million evro ishlab olishgan edi. So‘ngi yillarda bu mablag‘ ancha-muncha oshib ulgurdi. Agar o‘sha yili chetda o‘ynash uchun 804 nafar futbolchi ketgan bo‘lsa, o‘tgan yili legionerlar soni mingdan oshib ketgan. O‘sha o‘yinchilarning har biri transfer qiymatidan tashqari yana ishlagan haqini ham Braziliyaga olib kelishini inobatga olsak, mamlakat iqtisodi qancha foyda ko‘rayotganini tushunib etish qiyin emas.
Albatta, bu borada o‘zbek futboli endi atak-chechak qilayotgan bolaga o‘xshaydi. Unaqa millionlarni biz hozir orzu qilishimiz ham qiyin. Ammo shu bilan birga legionerlar eksportini shakllantirish uchun imkon borligini ham unutmaslik lozim. To‘g‘ri, bizning futbolchilarga hozircha Evropadan qiziqish yo‘q va hatto, u qadar kuchli bo‘lmagan Rossiya chempionatida ham kam. Biroq Osiyodagi obro‘-e’tiborimizdan foydalanib, nima uchun qit’ada o‘z o‘rnimiz uchun kurashmasligimiz lozim?
Zero bu borada etarlicha tajribaga ham egamiz. Yodingizda bo‘lsa, «Al Jaish» Sardor Rashidovni «Bunyodkor»dan 2100000 dollarga sotib olgani aytilgan edi. Shuningdek, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, Temurxo‘ja Abduxoliqov uchun ham 800 ming dollardan oshiqroq sarflangan. Ko‘rib turganingizdek, o‘zbek futbolchilariga chetdan qiziqish bor. Faqat o‘sha qiziqishlarni oxiriga etkazib qo‘yish uchun olib borilayotgan ishlar etarli emas.
AGENTLIKLAR
Biz yuqorida Braziliyadagi futbolchilar eksporti haqida gapirib o‘tdik. U erda bu borada butun boshli agentliklar ish olib borishini esa hali aytib ulgurganimiz yo‘q. Braziliyada va futboli rivojlangan istalgan o‘lkada transferlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi butun boshli kompaniyalar faoliyat yuritadi. Ular shunchaki o‘yinchilarni chetga chiqarish bilan emas, balki ularni shakllantirish uchun ham ko‘p ishlarni amalga oshiradilar. Agentliklar yosh iqtidorlarni topish, ularni yuqori saviyaga chiqarish va klublarga joylash bilan shug‘ullanadilar. Zamonaviy futbol endi shunchaki oddiy sport turi bo‘lmay qolgan. Uni istang shou-biznes deng, istang boshqa narsa, ammo allaqachon ulkan tizimga aylanib bo‘ldi.
Bizning futbol esa hozircha oddiy futbol bo‘lib qolmoqda. Uni ham yuqori darajaga ko‘tarish uchun esa hali ko‘p ishlash lozim. qachondir bizda ham shunday tizim yaratilar, balki. Futbolimiz rivojlanib borar ekan, busiz iloj yo‘q. Ammo qachonligini aytish imkonsiz. O‘zbekistonda agentlik xizmati bor, ammo rivojlanmagan. Uch-to‘rt agent o‘z holicha ish yuritadi. Kim biladi deysiz, balki bu borada ham Braziliya tajribasini o‘rganish kerakdir...
Zafar QOSIMOV “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Shimoliy Koreya ballistik raketalar ishlab chiqaruvchi zavodini kengaytirmoqda
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Maksim Shatskix "Istiqlol"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
Yangi Zelandiyada maori qabilasi oqsoqolining portreti auksionda rekord narxda sotildi