22:32 / 17.02.2017
5 153

Terma jamoamizga ikki e’tiroz!

Terma jamoamizga ikki e’tiroz!

O‘zbekiston terma jamoasining Turkiyada o‘tkazgan yig‘ini nihoyasiga etdi. Uning yakunlari bo‘yicha tegishli bayonot berilishi va «JCh saralashidagi muhim uchrashuvlar oldidan yig‘in juda samarali o‘tgani» haqida aytilishi turgan gap. Chunki bunga qadar ham shunday bo‘lgan va bundan keyin ham shunday davom etadi. Albatta, mutasaddi va murabbiylar o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadga erishgandirlar. Ammo oddiy muxlisning ko‘ngli to‘ldimikan? Shu o‘rinda ba’zi e’tirozlar borki, bayon qilib o‘tmasak bo‘lmaydi.

1-E’TIROZ. LOBANOV - SARDOR?

Yaxshi bilasiz, har qanday jamoa uchun sardorlik bog‘ichi katta ahamiyat kasb etadi va uni hamma ham taqa olmaydi. Odatda, u eng tajribali futbolchiga ishonib topshiriladi. Maydonda o‘n bir o‘yinchi bo‘lsa, faqat biri sardorlik qila oladi. Demak, da’vo qiladiganlar ko‘p topilishi turgan gap. Shu sababli ham aksariyat jamoalar sardor tanlashda bir prinsipga asosan ish tutishadi - eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi tanlanadi.

Albatta, bu prinsipdan chetga chiqish holatlari kuzatiladi. Futbol tarixida hatto 18 yoshida sardorlik bog‘ichini taqqan «bolakaylar» bo‘lgan. Ammo buning uchun butun jamoani ortidan ergashtira olish darajasida iqtidor talab etiladi. Masalan, Zvonimir Boban Zagrebning «Dinamo»sida sardorlik qilganida aynan 18 yoshda edi. Endi bir savolga javob bersangiz, Aleksandr Lobanov sardorlik bog‘ichini qaysi xizmatlari evaziga taqdi? U terma tarkibida eng tajribalimi? Yo‘q. Yoki qisqa vaqt ichida hammani ortidan ergashtira oldimi? Bu savolga ham ijobiy javob berish qiyin.

To‘g‘ri, «Amkar»ga qarshi maydonga tushgan tarkib faqat mahalliy futbolchilardan iborat edi. Unda etakchi legionerlar bo‘lmagan. Shunday ekan, balki Lobanovning sardorlik qilishi to‘g‘ridir? Ammo Islom To‘xtaxo‘jaev 19 yoshidan buyon O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. Shunday futbolchi turganda sardor sifatida Aleksandr Lobanov tanlanishi... Bunisini endi tushunmadik.

Albatta, bu o‘rinda Samvel Babayan darvozabonni qo‘llashga uringanini taxmin qilish mumkin. Aleksandr Lobanov JCh saralashida Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘yinda xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Bu xato unga katta bosim yuklashi turgan gap. Kim biladi deysiz, Babayan balki unga ishonch bildirish orqali darvozabonni mana shu ruhiy bosimdan olib chiqib ketishga uringandir. Shunday bo‘lsa, murabbiyni tushunsa bo‘ladi. Ammo bu uslub har doim ham samara keltiravermasligini ham aytib o‘tish lozim. Masalan, Madridning «Real» klubi ham Benzemaning o‘yini qancha ortga ketgani sari, unga yangi shartnoma taklif etish va maoshini oshirish orqali ruhlantirishga urinmoqda. Hozircha bu uslub ko‘p foyda keltirgan yo‘q. Ko‘ramiz, Babayan va Lobanov tarixi qanday yakun topar ekan...

2-E’TIROZ. «AMKAR» VA «ALAShKERT»

O‘zbekiston terma jamoasi Turkiyadagi yig‘in davomida ikkita nazorat uchrashuvi o‘tkazdi. Aniqrog‘i, Samvel Babayanning ta’biri bilan aytganda, bitta nazorat va yana bir «mashg‘ulot» o‘yini o‘tkazildi. Murabbiyning nazdida «Amkar»ga qarshi kechgan va 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakuniga etgan bahs muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. «Alashkert» bilan esa shunchaki, mashg‘ulot o‘yini o‘tkazilgan. Agarda birinchi bahs O‘FF matbuot xizmati tomonidan ko‘p va xo‘p yoritilgan bo‘lsa, ikkinchisiga e’tibor ancha sust bo‘ldi. Biz bu bahsda Samvel Babayan shogirdlari 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraganini xorij matbuoti orqali bilishga majbur bo‘ldik. Hozir axborot asri va hech bir yangilikni yashirib bo‘lmaydi. O‘FF matbuot xizmati yoritmagani bilan internet orqali «Alashkert» g‘alaba qozonganini bilish qiyin emas. Hatto ushbu klub tarkibida qaysi futbolchilar maydonga tushganiyu, kim gol urganigacha bor. Marhamat, tanishib olishingiz mumkin:

Darvozabon: Arsen Beglaryan; Himoyachilar: Dmitriy Xovbosha, Ararat Arakelyan, Gagik Dagbashyan, Urosh Nenadovich; Yarim himoyachilar: Artak Grigoryan, Irakliy Kvekveskiri, Artak Edigaryan; Hujumchilar: Artur Edigaryan, Migran Manasyan.

Shunaqa. Arman klubining tarkibi bor, butun boshli terma jamoadan kimlar o‘ynaganidan esa bexabarmiz. Buni qarangki, ikki kun oldin «Amkar»ga qarshi kechgan o‘yin tafsilotlarini atroflicha yoritgan O‘FF matbuot xizmati bu safar sukut saqlashni ma’qul ko‘rdi. Albatta, o‘yindan so‘ng Samvel Babayan bergan intervyuda «Alashkert»ga qarshi kechgan o‘yin ko‘p ham ahamiyatga molik emasligi va shunchaki, mashg‘ulot bahsi sifatida o‘tkazilgani aytilibdi. Ehtimol, bu fikrlar savolimizga javob bo‘lar? Chunki mazkur o‘yinda asosan yosh futbolchilar sinovdan o‘tkazilgan. Boz ustiga, Ignatiy Nesterov oilaviy sabab tufayli Toshkentga qaytgach, terma jamoa darvozasini «Metallurg» posboni Suhrob qo‘riqlagani ham aytilibdi. Bularning barchasi mag‘lubiyat sababini tushuntirishi mumkindir, balki.

Ammo shu o‘rinda bittagina savol yo‘llashga izn bersangiz - nima uchun o‘sha «katta ahamiyatga ega bo‘lmagan nazorat o‘yini»da qaysi futbolchilar maydonga tushganini bilishga haqqimiz yo‘q? Bu o‘yin mashg‘ulot maqomida bo‘ladimi yoki nazorat, har holda, O‘zbekiston terma jamoasi libosida o‘tkazildi. Shunday ekan, muxlislarning hech bo‘lmasa tarkibni bilishga haqlari bordir?

Yana takrorlaymiz, milliy termamizning o‘yini, u xoh mashg‘ulot bahsi bo‘lsin, biz uchun juda katta ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, uning har bir daqiqasi, u bilan bog‘liq har bir futbolchi va raqib tarkibi haqida ma’lumot olishga ishtiyoqimiz oshaveradi. Ishonamizki, keyingi uchrashuvlarda bunday imkoniyatdan bahra olish barchamizga nasib etadi. Va albatta, o‘sha o‘yinda milliy jamoamizning g‘alaba qozonganini ko‘rib, quvonishdan umidvormiz.

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamizga ikki e’tiroz!