date

Kapadze: Kannavaro bilan munosabatlarimizda hech qanday muammo yo‘q

Kapadze: Kannavaro bilan munosabatlarimizda hech qanday muammo yo‘q

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va uning yordamchisi Temur Kapadze o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Temur Kapadze “Sport TV” telekanalida efirga uzatilgan “Gol” ko‘rsatuvida gapirdi.

Kapadze ta’kidlashicha, italiyalik mutaxassis bilan ish jarayoni juda samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan.

«Fabio bilan munosabatlarimiz sof va samimiy. U bilan hech qanday nizo yoki tushunmovchilik bo‘lmagan. Aslida, uning terma jamoaga bosh murabbiy sifatida kelishi men uchun tabiiy jarayon edi — bu futbolning o‘ziga xos qonuniyatlaridan biri. Kannavaro juda katta tajribaga ega, futbolchilik davrida eng nufuzli klublar sharafini himoya qilgan va katta natijalarga erishgan inson. Shunday mutaxassis bilan bir jamoada ishlash men uchun ham katta maktab», — dedi u.

Temur Kapadze shuningdek, Kannavaro bilan hamfikrlik va o‘zaro ishonch muhiti mavjudligini ta’kidladi:

«Biz ikkimiz ham futbolchi bo‘lganmiz, shuning uchun bir-birimizni tez tushunamiz. U mening fikrimni tinglaydi, men esa uning qarorlariga hurmat bilan qarayman. Terma jamoada ish jarayoni jamoaviylik va anglashuvga asoslangan. Bu jamoa uchun eng muhim jihatlardan biri».

Ma’lumot uchun, Temur Kapadze hozirda Kannavaro rahbarligidagi terma jamoa murabbiylar shtabida faoliyat yuritmoqda. Italyan mutaxassis ish boshlaganidan keyin Kapadze uning yaqin maslahatchilaridan biri sifatida jamoada qoldirilgan.

Mutassadilarning fikricha, Kapadze va Kannavaro o‘rtasidagi ishonchli munosabat terma jamoa uchun muhim omil bo‘lib, bu nafaqat jamoa ichki muhitini barqarorlashtiradi, balki yosh futbolchilar bilan ishlash jarayoniga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kapadze: Kannavaro bilan munosabatlarimizda hech qanday muammo yo‘q