
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola yaqinda bergan intervyusida argentinalik hujumchi Xulian Alvares haqida samimiy fikrlar bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis sobiq shogirdini hali ham katta hurmat bilan eslab, uning hozirgi holatidan mamnunligini ta’kidladi.
Gvardiolaning so‘zlariga ko‘ra, Alvares «Siti» safida bo‘lgan paytlarda ham katta mehnat va intizom namoyon etgan, ammo Erling Holand bilan raqobat tufayli jamoada muntazam o‘ynash imkoni kam bo‘lgan.
«Trebl mavsumini eslaysizmi? O‘sha yil menda zaxirada qolgan ajoyib futbolchilar bor edi: Emerik Laport — milliy jamoa a’zosi va mustahkam himoyachi, Xulian Alvares — mehnatkash va juda iqtidorli hujumchi. Hozir ularni yana jamoamda ko‘rishni istardim, ammo ular ko‘proq o‘ynashni xohlab ketishdi», — dedi Gvardiola.
Murabbiyning ta’kidlashicha, Alvaresning ketishi shaxsiy ambitsiya va rivojlanish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan.
«Holand bilan raqobat qilish Xulian uchun oson bo‘lmagan. Bu biz uchun ham murakkab qaror edi. Ammo men uni to‘liq tushunaman — u doim o‘ynashni, o‘zini namoyon etishni xohlaydi. Endi u “Atletiko Madrid”da, Simeone kabi jahon darajasidagi murabbiy qo‘l ostida, kuchli jamoa bilan birga o‘ynayapti va ajoyib natija ko‘rsatmoqda», — dedi Gvardiola.
Ispaniyalik mutaxassis Alvaresning professionallik darajasi va xarakterini yuqori baholadi:
«U har doim jamoa manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yardi. Bunday futbolchilar bilan ishlash men uchun sharaf. Hozir u qaysi klubda bo‘lishidan qat’i nazar, har doim yuqori saviyada harakat qiladi. Shaxsan men uni yana “Siti”da ko‘rishni juda istardim».
Ma’lumot uchun, 24 yoshli Xulian Alvares 2022–2024-yillar davomida «Manchester Siti» tarkibida to‘p surgan. Bu davrda u jamoa bilan Chempionlar ligasi, Premer-liga va Angliya kubogini qo‘lga kiritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!