date

Tojikistonga noqonuniy pul olib o‘tishga urinish fosh etildi

Tojikistonga noqonuniy pul olib o‘tishga urinish fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida navbatdagi yirik noqonuniy valyuta operatsiyasining oldi olindi, deb xabar berdi dxx.uz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bekobod shahrida joylashgan «Farhod» chegara bojxona postida amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida, katta miqdordagi naqd pullarni Tojikiston Respublikasiga noqonuniy yo‘l bilan olib chiqishga urinish fosh etilgan.

Tekshiruv davomida Bekobod shahrida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan shaxs 18 million 680 ming 300 Rossiya rubli, 140 ming 700 tojik somoni va 180 million so‘mni chegara orqali noqonuniy ravishda o‘tkazishni rejalashtirgani aniqlandi. Bu mablag‘larni u bo‘laklarga ajratib, tashish uchun 34 nafar fuqaroga bo‘lib bergan. Ular har biri moddiy manfaat evaziga pullarni Tojikistonga yetkazib berishni bo‘yniga olgan.

Biroq, tezkor xodimlar amalga oshirgan nazorat natijasida barcha ishtirokchilar «Farhod» postiga kirish vaqtida ushlandi. Holat tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirildi.

Shuningdek, operatsiya vaqtida ayblanuvchiga tegishli «Treker» rusumli avtomobil ham ko‘zdan kechirilgan. Avtotransport ichida maxsus o‘ramlarga joylashtirilgan holda yana 13 million 538 ming 305 rubl, 24 ming 107 tojik somoni, 885 yevro, 300 AQSH dollari, 300 xitoy yuani, 6840 qirg‘iz somi va 10 million 207 ming so‘m topilgan. Barcha pullar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

O‘tkazilgan tadbirda musodara qilingan pul mablag‘larining umumiy qiymati milliy valyutada 5 milliard 200 million so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Bu holat mamlakat xavfsizligi va moliyaviy qonunchilikni buzishning jiddiy ko‘rinishi sifatida baholandi.

Hozirda ushbu ish bo‘yicha asosiy tashkilotchi — Bekobod shahri fuqarosiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi (valyuta qimmatliklarini noqonuniy yo‘l bilan olib chiqish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarori bilan unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov jarayonida noqonuniy pul mablag‘larining asl egalari va ularning chegara ortidagi sheriklari aniqlanmoqda. Tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlarni davom ettirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tojikistonga noqonuniy pul olib o‘tishga urinish fosh etildi