
AQSH delegatsiyasi Toshkentda: Gor va Landau O‘zbekiston bilan yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya O‘zbekiston poytaxtidagi ilk kunida mamlakatning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishdi.
«Toshkentda birinchi kun ajoyib o‘tdi! Maxsus vakil Gor va kotib o‘rinbosari Landau O‘zbekiston madaniyati va tarixi bilan tanishishdan katta taassurot oldilar», — deyiladi AQSH elchixonasi ma’lumotida.

Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va strategik aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, S5+1 mintaqaviy hamkorlik formatidagi yangi yo‘nalishlarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
AQSH Davlat departamentining ta’kidlashicha, delegatsiya nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham hukumat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, mintaqaviy xavfsizlik, energetika va savdo sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqadi.

Muzokaralar kun tartibiga iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, muhim minerallar sohasida sarmoyalar, energiya xavfsizligi va ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini muhokama qilish kabi masalalar kiritilgan.
Elchixona o‘z bayonotida quyidagicha ta’kidladi:
«Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekistonni istiqbolli imkoniyatlar kutmoqda. Biz O‘zbekiston bilan barqaror va o‘zaro manfaatli sheriklikni davom ettiramiz».

Eslatib o‘tamiz, Serjio Gor sentyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi chog‘ida o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lib, «Donald Tramp O‘zbekiston prezidentini juda hurmat qilishi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori baholashini» ta’kidlagan edi.
Tahlilchilar fikricha, bu tashrif AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichiga o‘tishidan dalolat beradi. Minerallar va energiya sohasidagi hamkorlik esa mamlakatlar o‘rtasidagi strategik munosabatlarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!