date

Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi yangi dastur ishlab chiqildi

Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi yangi dastur ishlab chiqildi

Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishini kamaytirish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan yangi kompleks choralar ishlab chiqildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi.

Loyiha Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — sanoat korxonalari va issiqxonalardan chiqadigan zararli moddalar miqdorini keskin qisqartirish.

Hujjatda belgilanishicha, korxonalarda chang va gaz tozalash uskunalari o‘rnatish, eski qozonlarni energiya tejamkor va ekologik toza tizimlarga almashtirish nazarda tutilgan. Shuningdek, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanib, alternativ energiya manbalariga o‘tish rejalashtirilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilayotgan va tozalash inshootlari hamda avtomatik havo monitoringi tizimlarini joriy etayotgan korxonalar moliyaviy imtiyozlar va grantlar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur choralar amalga oshirilsa, poytaxt va viloyatdagi havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi. Bu nafaqat ekologik xavfsizlikni oshiradi, balki aholi uchun sog‘lom va qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Ekologik talablarni kuchaytirish esa O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi yangi dastur ishlab chiqildi