
Janubi-Sharqiy Osiyoda bir necha oy davom etgan harbiy keskinlik yakun topdi. Tailand bosh vaziri Anuthin Chanvirakun va Kambodja hukumati rahbari Khun Manet AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida tinchlik shartnomasini imzoladilar, deb xabar berdi Thmey Thmey.
Imzolash marosimi Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammiti doirasida amalga oshdi. Ushbu kelishuv mintaqada barqarorlikni tiklash va ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi uzoq yillik tortishuvlarga nuqta qo‘yishni ko‘zda tutadi.
Marosimda so‘zga chiqqan AQSH prezidenti Donald Tramp tinchlik kelishuvini “Janubi-Sharqiy Osiyodagi barqarorlik sari katta qadam” deb atadi. U, shuningdek, Kambodjada hibsda bo‘lgan 18 nafar harbiy asir ozod etilganini e’lon qildi.
«Tinchlik barqaror bo‘lishi uchun xalqaro nazorat muhim. Shu bois Malayziya va boshqa Osiyo mamlakatlaridan maxsus kuzatuvchilar joylashtiriladi», — dedi Tramp o‘z nutqida.
Ma’lumot uchun, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara mojarosi 2025-yil may oyining oxirida avj olgan edi. Bir necha hafta davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda har ikki mamlakat artilleriya va havo hujumlaridan foydalangan, tinch aholi orasida ham qurbonlar bo‘lgan.
Iyul oyiga kelib, harbiy harakatlar kuchaygani sabab xalqaro hamjamiyat aralashuviga ehtiyoj tug‘ildi. AQSH, Xitoy va Malayziya davlatlari vositachiligida olib borilgan muzokaralar natijasida tomonlar avval sulh, so‘ng esa to‘liq tinchlik shartnomasiga kelishdi.
Tahlilchilar fikricha, mazkur kelishuv nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaning geosiyosiy barqarorligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kelishuv iqtisodiy hamkorlik va chegara xavfsizligini mustahkamlashda yangi bosqichni boshlashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!