Bugungi “Barselona”ni Mayk Taysonga o‘xshataman. Taysonni hech kim engishni o‘ylamasdi – buning imkoni yo‘q edi chunki, faqatgina birinchi raundda turib berish haqida gap borardi boshqalarda. Mayk shu qadar zamon bokschilaridan ilgarilab ketgandiki, u faqat o‘ziga yengilsagina, raqibi oltin kamarlik bo‘lardi. Ha, bugungi “Barselona”ning haqiqiy chizmasi shu!
Oldindan aytib qo‘yay, men “Real”ning ashaddiy muxlisiman. Uning o‘yinlarini behayajon kuzata olmayman, zo‘rg‘a o‘tiraman. Shunday bo‘lsa-da, bitta haqiqatdan ko‘zni yumolmayman;
… “Barselona” shunday buyuk jamoaki, uning mag‘lubiyati ko‘pchilikni shokka tushirib qo‘yadi, klub epoxasi tugadi, deb yuboradi uning mag‘lubiyatini kutgan shahlovchilar.
… “Barselona” shu qadar g‘alaba degan so‘zga omuxta bo‘lib ketganki, unga yengilish mutlaqo mumkin emas! Engildimi, tamom, uni xohlagancha tanqid qilishga ruxsat bor!
… Bu jamoa yigirma birinchi asrda o‘ziga o‘zi shunday “planka” qo‘yib ulgurdiki, unga boshqalar eta olmasa-da, o‘zi doimo o‘sha balandlikdan yuqoriroq sakrashi kerak, dahshat-a?! Birgina jiddiy mag‘lubiyat bilan bosh murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatiladigan darajaga chiqib ulgurdi o‘zi. Jamoa prezidentining xohishi bilan almashtiriladigan holat emas bu, muxlislaru mutaxassislarning fikriga ko‘ra…
Ha, Enrike yengildi, yengilganda ham raqibiga har tomonlama yengildi. PSJ bu o‘yinda ispaniyalik yulduzlarni tom ma’noda eb qo‘ydi. Lekin men baribir Utkinga o‘xshab Kataloniya superklubidan inqiroz so‘zini yasamoqchi emasman. Vasiliyga o‘xshab bu bahsni 20 yil oldingi “Nou Kamp”da Shevchenko va jamoadoshlari tomonidan uyushtirilgan shouga mengzay olmayman. To‘g‘ri tushuninglar, bugungi “Barselona” bunga ijozat bermaydi.
Rus sharhlovchisi meni to‘g‘ri tushunsinki, xuddi unga o‘xshab men ham moziy sahifalarini bezab turgan o‘sha o‘yinni diqqat bilan tomosha qilganman. O‘shanda “Dinamo” Kiev yana o‘n marta o‘sha “Barsa” bilan o‘ynasa, o‘novida ham g‘alaba qozonardi. Bugungi PSJ variantida mutlaq teskarisi. O‘ntadan bitta – o‘xshab qoladigan g‘alabani ilib ketdi Parij.
Bu so‘zlarni ishonch bilan aytishimga yana bir sabab bor – bugungi kataloniyaliklar haqida yaqin kunlar ichida ham hech kim ortiqcha gap aytmayotgandi. Har bir jamoa boshida mavjud bo‘lgan tarkib borasidagi muammolar yo futbolchilarning o‘zgarib turadigan kayfiyatlari “Barselona”ni inqiroz so‘ziga sinonimdosh qilib qo‘ymaydi, axir.
Hamma tanqidlarga qarang, o‘yindan keyin aytilyapti. Tanqidlar odatda yutqazilgan bahsdan so‘ng bo‘ladi-da, dersiz?! Yo‘q, gap bunda emas. Gap oldingi da’volarning oz bo‘lsa ham bugungilariga mos tushishida. Oddiy misol – Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi. Bu jamoa avvalgi o‘yinlarida tinmay g‘alabalar qozondi. Shunda ham ko‘pchilik Babayan o‘yinini tanqid ostiga oldi. Mag‘lubiyatga uchralgandan keyin sel bo‘lib yog‘ilgan tanqidlar o‘sha, g‘alabali onlardagi o‘yinlarda aytilgan gaplarning davomi edi, xolos. Bugungi “Barselona” haqida aytilayotgan “davri tugadi”, “inqiroz” va shunga o‘xshash so‘zlar mening nazdimda tagi yo‘q, asossiz so‘zlar.
Bugungi “Barsa”ning boshida turgan Enrikeni ham, uning tarkibida o‘ynayotgan yulduzlarni ham tanqid botqog‘iga botirib tashlamasligimga yana bitta sabab bor – Parijdagi o‘yin har bir jamoa boshida bo‘lib turadigan, ammo negadir faqat “Barselona”ga ayb ko‘riladigan tasodifiy mag‘lubiyatlardan biri bo‘lganidadir. Bu haqda boshida aytib o‘tdim, yana to‘xtalmayman. Faqat birgina jihatga e’tibor qaratishingizni so‘rayman – javob o‘yinida biror kim “Arsenal” o‘z uyida to‘rtta javobsiz gol urib, “Bavariya”ni musobaqadan chiqarib yuborishiga ishonyaptimi, yo‘g‘-a, ammo “Nou Kamp”dagi o‘yindan oldin Enrike matbuot anjumanidagi qitmir jurnalistga “uyalib qolasan hali” deya olyapti. Utkin xafa bo‘lmasinu, bunaqa gaplarni yigirma yil oldingi “Barselona” murabbiyi ham ayta olmasdi.
Xayrulla Hamidov
Manba: www.maydon.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi