Linkoln Mourinyoni tanqid qildi va so'zida turmadi dedi

“Fenerbahche”ning sobiq futbolchisi Linkoln Joze Mourinyoni keskin tanqid qildi. Portugaliyalik mutaxassis Istanbul klubini 2024–2025 yillarda boshqargan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Linkoln Fanatik nashriga bergan intervyusida Mourinyoni va’dasiga sodiq bo‘lmaganlikda aybladi. “U juda ko‘p yutuqlarga erishgan, buni hech kim inkor etmaydi. Ammo menga nisbatan hurmatsizlik qildi. Men uchun hayotda xarakter sovrinlardan muhimroq”, — dedi futbolchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Hall Siti”ga ijara asosida ketishidan oldin Mourinyu bilan gaplashgan va murabbiy yozgi yig‘inga Portugaliyaga chaqirishini aytgan. Mavsum yakunlangach, Linkoln yig‘inga taklif kutgan, biroq keyinroq tarjimon orqali Mourinyu bilan bog‘lanmoqchi bo‘lganida, mutaxassis muloqotdan bosh tortib, sport direktoriga yo‘naltirgan.
“Jamoa Portugaliyada edi, men ham Portugaliyada uyimda edim. Shunga qaramay, Mourinyu meni Istanbulga qaytarib, alohida shug‘ullanishimni aytdi. Men bilan adolatsiz va hurmatsiz munosabatda bo‘lishdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Linkoln klub uchun turli o‘yinlarda, hatto o‘zi uchun noqulay pozitsiyada ham maksimal yordam berishga harakat qilganini, og‘ir jarohatdan keyin esa yetarli qo‘llab-quvvatlovni sezmaganini ta’kidladi. “Men boshqalar kabi mashhur emasman, lekin doim maydonda borimni beraman”, — dedi u.
Hozirda Joze Mourinyu “Benfika”ni boshqarmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!