Fenerbahche sobiq futbolchisi Mourinyoni va'dasida turmadi dedi

"Fenerbahche"ning sobiq futbolchisi Linkoln jamoani 2024–2025 yillarda boshqargan portugaliyalik murabbiy Joze Mourinyo haqida keskin fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Linkolnning aytishicha, Mourinyo unga bergan va'dasini bajarmagan va hurmatsizlik qilgan. Futbolchi ijara asosida "Xall Siti"ga ketishidan oldin murabbiy bilan gaplashgani, Mourinyo esa uni yozgi yig'inga Portugaliyaga chaqirishini bildirganini ta'kidladi.
Mavsum yakunida u yig'inga chaqiruv kutgan, biroq murabbiy bilan bog'lanmoqchi bo'lganida Mourinyo suhbatdan bosh tortgan. Linkoln tarjimon orqali qo'ng'iroq qilganini, lekin Joze uni sport direktori bilan gaplashishga yo'naltirganini aytdi.
Futbolchi jamoa Portugaliyada bo'lgan paytda o'zi ham Portugaliyada uyida turganini, shunga qaramay Mourinyo uni Istanbulga qaytarib, alohida shug'ullanishni buyurganini qo'shimcha qildi. Uning fikricha, bu holat adolatsiz va hurmatsiz munosabat bo'lgan.
Linkoln "Fenerbahche"da ko'plab uchrashuvlarda klubga yordam berish uchun borini berganini, ba'zan o'z pozitsiyasida bo'lmasa ham maydonga tushganini eslatdi. Shuningdek, og'ir jarohatdan keyin qo'llab-quvvatlash kutganini, ammo buni his qilmaganini qayd etdi.
U Fanatik nashriga bergan intervyusida, yulduz futbolchilar qatorida bo'lmasa ham, har doim maydonda maksimum ishlaganini ta'kidladi.
Hozirda Joze Mourinyo "Benfika"ni boshqarmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!