Aleksandr Isak jarohati sababli "Manchester Yunayted"ga qarshi o'yinda qatnashmaydi

"Liverpul" hujumchisi Aleksandr Isak chov qismidagi jarohati sababli "Manchester Yunayted"ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi. Shvetsiyalik futbolchi mashg'ulotlar vaqtida jarohat olgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bu holat bosh murabbiy Arne Slot uchun katta yo'qotish bo'ldi.
26 yoshli hujumchi "Nyukasl"dan 130 million funt sterling evaziga transfer qilingan edi. Uning "Enfild"dagi debyut mavsumi jarohatlar sababli omadsiz kechmoqda.
Isak joriy mavsumda atigi 13 ta o'yinda maydonga tushib, uchta gol urishga erishdi.
Jamoaning yana bir hujumchisi Ugo Ekitike ham mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Shu sababli "Liverpul" "Old Trafford"dagi muhim uchrashuvga asosiy hujumchisiz yo'l oladi.
Shuningdek, Muhammad Salah ham mushaklaridagi jarohat tufayli o'yinda ishtirok eta olmaydi.
Jarohatlar fonida Muhammad Salah mavsum oxirida klubni tark etish qarori haqida gapirdi. 33 yoshli misrlik futbolchi sobiq sardor Stiven Jerrard bilan suhbatdan so'ng yakuniy qarorga kelganini ma'lum qildi.
"Manchester Yunayted" va "Liverpul" o'rtasidagi uchrashuv Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun muhim ahamiyatga ega. Maykl Karrik boshchiligidagi mankunianliklar oktyabr oyida "Enfild"da 2:1 hisobida g'alaba qozongan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!