Maykl Olisening 100-daqiqada kiritgan goli "Bavariya" klubini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi

"Bavariya" Bundesliga doirasida "Xaydenxaym" bilan 3:3 hisobida durang o'ynadi. Maykl Olise 100-daqiqada gol urib, jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qoldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mehmonlar "Alyans Arena" stadionida ikki marta hisobda oldinga chiqib olishdi.
Vensan Kompani Chempionlar ligasi yarim finalida "PSJ"ga qarshi o'yin oldidan asosiy tarkibda yettita o'zgarishni amalga oshirdi. Harri Keyn, Olise va Luis Dias zaxirada qoldirildi.
"Xaydenxaym" 22-daqiqada Budu Zivzivadze va 31-daqiqada Eren Dinkchi orqali ikkita gol urishga muvaffaq bo'ldi.
Tanaffus arafasida Leon Goretska jarima zarbasidan unumli foydalanib, hisobni qisqartirdi. Ikkinchi bo'limda Kompani Keyn, Olise, Dias va Kimmixni maydonga tushirdi.
57-daqiqada Goretska o'zining ikkinchi golini urib, hisobni tenglashtirdi.
O'yin tugashiga 15 daqiqa qolganda Zivzivadze yana "Xaydenxaym"ni oldinga olib chiqdi. Biroq, hakam tomonidan qo'shib berilgan 10-daqiqada Olise darvoza ustunidan qaytgan to'pni darvozaga joylab, yakuniy hisobni o'rnatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!