Selyuk Safonov hozircha PSJning birinchi raqamli darvozaboni emas

Mashhur agent Dmitriy Selyuk PSJ tarkibidagi Matvey Safonovning hozirgi o‘rni haqida fikr bildirdi. Jarohatdan tiklangan rossiyalik darvozabon jamoaning Chempionlar ligasidagi so‘nggi o‘yinida “Nyukasl”ga qarshi maydonga tushgandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Selyukning ta’kidlashicha, Safonovning aynan shu uchrashuvda o‘ynagani hozirgi Chempionlar ligasi formati fonida katta xulosa chiqarishga asos bo‘la olmaydi. Agent uning PSJda hozircha asosiy darvozabon maqomiga ega emasligini qayd etdi.
“Eng muhimi — Matvey o‘yin amaliyotini olyapti. Siyosatni chetga sursak, Safonov hozircha birinchi raqamli emas, chunki Shevalye bor. Vaqti-vaqti bilan rossiyalikni tarkibga qo‘yishadi, xolos”, — deya Selyukning so‘zlarini Metaratings keltiradi.
PSJ navbatdagi uchrashuvini 1 fevral kuni Fransiya chempionatida safarda “Strasbur”ga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!