Intel va AMD x86 uchun APX kengaytmasini ishlab chiqmoqda

Intel va AMD kompaniyalari x86 arxitekturasini yangilash ustida ishlamoqda. Ular APX (Advanced Performance Extensions) kengaytmasini joriy etishni rejalashtirgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu platformani tubdan o'zgartirmasdan protsessorlar unumdorligini oshirishga qaratilgan.
APX kengaytmasining asosiy yangiligi 64 bitli rejimda umumiy maqsadli registrlar sonini 16 tadan 32 taga ko'paytirish hisoblanadi. Registrlar protsessor ichidagi eng tezkor ma'lumotlarni saqlash darajasi bo'lib, ularning kengayishi xotiraga murojaatlarni kamaytiradi.
Shuningdek, APX yangi turdagi ko'rsatmalarni, jumladan, dastlabki ma'lumotlarni saqlab qoluvchi operatsiyalarni o'z ichiga oladi. Bu ortiqcha nusxalashni kamaytiradi va kodni optimallashtirishni osonlashtiradi.
Dasturchilarning hisob-kitoblariga ko'ra, APX yuklash operatsiyalarini 10 foizga, saqlash operatsiyalarini esa 20 foizgacha kamaytiradi. Bu nafaqat unumdorlikni oshiradi, balki energiya sarfini ham pasaytiradi.
Yangi kengaytmaning muhim afzalligi uning oldingi dasturlar bilan mos ishlashidir. Hozirgi dasturiy ta'minotlar o'zgarishsiz ishlashda davom etadi.
Hozircha APX faqat loyihalash va simulyatsiya bosqichida turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!