Tochilin: XOK qarori FIFA va UEFAdagi taqiqni yumshatishi mumkin

Futbol eksperti Aleksandr Tochilin «Yevro-Futbol.Ru» nashriga bergan eksklyuziv intervyusida FIFA prezidenti Janni Infantinoning Rossiyaga qo‘yilgan ban bo‘yicha fikrlari hamda jahon OAVda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOK) yaqin orada Rossiya sportiga nisbatan barcha sanksiyalarni bekor qilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Tochilinning aytishicha, sanksiyalar olib tashlanishi haqidagi gap-so‘zlar anchadan beri yuribdi va u bunday ssenariy ro‘y berishiga umid qiladi. Uning fikricha, Rossiyaning sportdagi izolyatsiyasini tugatish uchun Yevropa tomondan prinsipial qaror kerak, chunki Rossiyasiz yirik musobaqalarning qiziqishi va ommabopligi pasayadi.
Infantinoning Rossiya jamoalarini chetlatishni «ma’nosiz» deb atagani haqida so‘ralganda, Tochilin bu bayonotni dunyoda vaziyat o‘zgarayotgani bilan bog‘ladi. U Rossiyaga nisbatan ikki standart va biryoqlama yondashuv mavjudligini ta’kidlarkan, ban holatini «absurd» deb hisoblayotganlar tobora ko‘payayotganini qayd etdi.
Ekspert XOK sanksiyalarni bekor qilsa, bu futbolga ham ta’sir qilishi, FIFA va UEFA ham qarorlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi. Uningcha, XOK kabi yirik tuzilmaning birinchi bo‘lib qadam tashlashi «zanjirli reaksiya»ni boshlab beradi va boshqa tashkilotlar ham shunga ergashadi.
Infantino kelajakda siyosat sabab jamoalarni chetlatishni qonuniy jihatdan taqiqlash kerakligini aytgani borasida esa Tochilin sportning bosh shiori siyosatdan xoli bo‘lishi ekani, Rossiyaga nisbatan qabul qilingan qarorlar esa bu tamoyilga zid kelayotganini bildirdi.
OAVda FIFA aprel oyidagi kongressda Rossiyaning xalqaro turnirlarga to‘liq qaytishi masalasini muhokama qilishi mumkinligi yozilayotgani haqida gapirar ekan, Tochilin agar shunday suhbatlar ketayotgan bo‘lsa, qaytish ehtimolini inkor etmadi. Unga ko‘ra, bunday ma’lumotlar «bo‘sh joydan» chiqmaydi.
Shuningdek, Rossiyaga ruxsat berilgandan keyin ham ayrim raqiblar maydonga tushishdan bosh tortishi mumkinligi eslatilganda, Tochilin reglamentga tayanish kerakligini aytdi. Uning fikricha, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan tomonlarga texnik mag‘lubiyat yozilishi boshqalarga ham signal bo‘ladi va bunday demarshlar oxir-oqibat o‘zlariga zarar keltirishini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!