Xitoylik 14 yoshli o‘quvchi uyda reaktiv dvigatel yaratdi

Xitoyda 14 yoshli o‘smir Che Szingan uy sharoitida haqiqiy aviatsiya dvigatelini yig‘ib, ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Bu haqda Oddity Central nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u aviatsiyaga qiziqishni bolaligidan — qog‘oz samolyotlar yasash orqali boshlagan. Keyinchalik bu qiziqish ilmiy izlanishlarga aylanib, o‘smir aerodinamika va muhandislik yo‘nalishlarini mustaqil ravishda chuqur o‘rganishga kirishgan.
Che Szingan tayyor chizmalardan foydalanmay, loyiha ustida boshidan ish olib borgan. U detallarni o‘zi loyihalab, 2D va 3D modellar yaratgan, shuningdek, havo oqimi va bosim kabi murakkab hisob-kitoblarni amalga oshirgan.
Dvigatel ustidagi ishlar qariyb 8 oy davom etgan bo‘lib, loyiha uchun 8–9 ming yuan atrofida mablag‘ sarflangan. Dastlabki sinov muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay, o‘smir izlanishni to‘xtatmagan.
Hozirda u dvigatelning takomillashtirilgan variantini yaratish ustida ishlamoqda. Uning ta’kidlashicha, muvaffaqiyatsizlik tajriba orttirishning muhim qismi bo‘lib, yanada katta maqsadlarga undaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!