date

Gvardiola kechagi dramatik g‘alabadan keyin muhim fikrlarni bayon qildi

Gvardiola kechagi dramatik g‘alabadan keyin muhim fikrlarni bayon qildi

Angliya Premyer-ligasining 33-turida “Manchester Siti” juda keskin va murosasiz kechgan bahsda turnir peshqadami “Arsenal”ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, chempionlik uchun kurashga yana-da jiddiy qaytdi. Ushbu qarama-qarshilik nafaqat natija, balki namoyish etilgan futbol sifati bilan ham muxlislarning diqqat markazida bo‘ldi.

Uchrashuvdan so‘ng “shaharliklar” ustozi Xosep Gvardiola o‘yin jarayoni, raqib jamoa va o‘z shogirdlari haqida batafsil fikr bildirdi.

G‘alaba haqida

Murabbiyning taʼkidlashicha, bu o‘yin Premyer-liga uchun haqiqiy reklama vazifasini o‘taydigan darajada bo‘lgan. U “Arsenal”ni juda faol, bosimli va jismonan kuchli jamoa sifatida taʼrifladi.

— “Arsenal” juda agressiv uslubda harakat qiladi, yakkakurashlarda ustunlikka intilgan holda o‘ynaydi. Faoliyatim davomida qarshi chiqqan jamoalar ichida ular duellar, yakkama-yakka vaziyatlar, uzun uzatmalar va havodagi kurashlar bo‘yicha eng raqobatbardoshlardan biri. Rostdan ham fantastik jamoa, — deya qayd etdi Gvardiola.

Uning fikricha, har ikki tomonda ham yetarlicha golli imkoniyatlar yuzaga kelgan va bunday uchrashuvlarda natijani aynan mayda detallar hal qiladi. Gvardiola bu bellashuvni yuqori saviyadagi, haqiqiy top-darajadagi o‘yin sifatida baholadi.

— Ikki jamoa ham yuqori darajada, har ikki murabbiy ham eng yaxshi mutaxassislardan. Maydonda esa top futbolchilar harakat qildi, — dedi u.

Shu bilan birga, ispaniyalik mutaxassis ehtiyotkorlikni unutmaslik kerakligini ham taʼkidladi.

— Men doim talabchanman. Ammo bu faqat bitta o‘yin, xolos. “Arsenal” hali ham peshqadam va to‘plar nisbati bo‘yicha ustun. Albatta, g‘alabadan bahra olish kerak, lekin eʼtiborni yo‘qotish mumkin emas. Endi bor diqqatimizni “Byornli”ga qarshi bahsga qaratamiz, — dedi Gvardiola.

O‘Rayli haqida

Gvardiola ushbu o‘yinda o‘zini ko‘rsata olgan yosh futbolchi Niko O‘Raylining harakatlariga alohida to‘xtaldi va uning o‘yiniga yuqori baho berdi.

— Niko ajoyib darajada harakat qilmoqda — himoyada ham, hujumda ham, standart vaziyatlarda ham. Juda istiqbolli futbolchi o‘sib kelmoqda. U bir nechta pozitsiyada samarali o‘ynay oladi. Bu noyob iqtidor, — dedi murabbiy.

Gvardiolaning so‘zlariga ko‘ra, yosh futbolchi ushbu bahsda barcha jihatlarda o‘zini namoyon qildi va ikkinchi golda ham muhim ishtirok etdi.

— U xotirjamlik bilan harakat qildi. Qanday ajoyib mavsum o‘tkazmoqda! Uni yilning eng yaxshi futbolchisi deb ayta olamanmi — bilmadim, lekin eng yaxshi yosh o‘yinchi ekani aniq. Unga shu mukofotni bering, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Arsenal”ning goli haqida

Gvardiola uchrashuv davomida yo‘l qo‘yilgan xatolardan birini ham yashirmadi. Xususan, raqib gol urgan vaziyatga to‘xtalib o‘tdi.

Maʼlumki, “Siti” hisobni ochganidan ko‘p o‘tmay, Mateush Nunyesh yon chiziqdan to‘pni darvozabon Janluiji Donnarummaga yo‘llagan. Italiyalik kiper to‘pni uzoqlashtirishga ulgurmagan va natijada to‘p Kay Xaversga tegib, darvozaga kirib ketgan.

— Bu holatda Abduqodir Husanov Xaversga nisbatan yana-da faolroq va keskinroq o‘ynashi lozim edi. Shunga qaramay, menga eng yoqqani — xatodan keyin jamoaning birlashgani va Donnarummani qo‘llab-quvvatlagani bo‘ldi. Gol o‘tkazib yuborilgandan so‘ng aybdor qidirishni yoqtirmayman, — dedi Gvardiola.

Futbolchilarga murojaati

Uchrashuvdan keyin murabbiy shogirdlariga ham muhim maslahat berganini maʼlum qildi.

— Yigitlarga dedim: “Bu lahzalardan zavqlaninglar, lekin diqqatni yo‘qotmanglar. Oldinda yana uch-to‘rt hafta bor va aynan shu davr barchasini hal qiladi”, — deya so‘zlarini yakunladi mutaxassis.

Maʼlumot o‘rnida, “Manchester Siti” navbatdagi turda 22 aprel kuni mehmon sifatida “Byornli”ga qarshi maydonga tushadi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov joriy mavsumda “shaharliklar” safida barcha musobaqalarda 32 ta o‘yinda qatnashib, ularning katta qismini asosiy tarkibda boshlagani eʼtiborga loyiq. Uning barqaror o‘yini jamoa muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Gvardiola kechagi dramatik g‘alabadan keyin muhim fikrlarni bayon qildi