RB Leyptsig asosiy darvozaboni Gulachini yo‘qotdi

«RB Leyptsig» bir muddatga asosiy darvozaboni Peter Gulachisiz qoladi. Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tajribali posbon kamida bir yarim oy maydonga tusha olmaydi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Vengriyalik futbolchi jarohatni «buqalar»ning «Volfsburg»ga qarshi uy uchrashuvida olgan. U birinchi bo‘limning o‘zidayoq o‘yinni davom ettira olmay, maydonni tark etgandi.
Yaxshi tomoni — Gulachiga jarrohlik amaliyoti talab qilinmaydi. Tibbiy tekshiruvlar uning chap tizzasidagi medial kollateral bog‘lam uzilganini ko‘rsatdi.
Darvozabon joriy mavsumda barcha musobaqalarda 22 ta rasmiy o‘yinda qatnashib, shundan 10 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
«RB Leyptsig» Germaniya chempionati turnir jadvalida 40 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!