Luis Enrike PSJ uchun Chelsini maʼqul raqib deb bildi

"Pari Sen-Jermen" bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi 1/8 finalida jamoasi uchun qaysi raqib qulayroq bo‘lishi haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Parij klubi pley-offning saralash bosqichida "Monako"dan o‘ta olsa, keyingi raundda "Barselona" yoki "Chelsi"ga qarshi maydonga tushadi. Ikki jamoa o‘rtasidagi ilk bahsda PSJ safarda monakoliklarni 3:2 hisobida mag‘lub etgandi.
Enrikening aytishicha, u shaxsan "Chelsi" variantini afzal ko‘radi. Murabbiy "Barselona"ning o‘yini ancha barqarorligini, jamoa to‘pni nazorat qilishini, yuqori pressing qo‘llashini va tarkibda uchrashuv taqdirini bir lahzada hal qila oladigan futbolchilar ko‘pligini taʼkidladi. Unga ko‘ra, "Barsa" optimal formaga kirsa, uni to‘xtatish juda qiyin.
“Agar tanlash imkonim bo‘lsa, keyingi raqib sifatida "Chelsi"ni aytardim. "Barselona"ga qarshi o‘ynaganda faqat jamoaga emas, butun bir g‘oyaga ham qarshi turasan — bu esa vazifani yanada murakkablashtiradi”, — deya Enrike so‘zlarini keltiradi ispan OAV.
Chempionlar ligasi 1/8 final uchrashuvlari mart oyida bo‘lib o‘tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!