Herri Keyn Gerd Myullerning tarixiy seriyasini takrorladi

Bundesliganing o‘tgan turida «Bavariya» Frankfurtning «Ayntraxt» jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv qahramonlaridan biri Herri Keyn bo‘lib, u ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Angliyalik hujumchi avvalgi ikki o‘yinda ham dubl qayd etgandi: «Hoffenhaym»ga qarshi bahsda ham, «Verder» bilan uchrashuvda ham ikki tadan gol urdi.
2023 yildan buyon Bundesligada to‘p surayotgan Keyn ketma-ket uch o‘yinda dubl qilish seriyasini faoliyatida uchinchi marta takrorladi. Shu orqali u 1960–70-yillardagi «Bavariya» afsonasi Gerd Myuller natijasiga tenglashdi.
«Bavariya» tarixida bunday seriyani faoliyati davomida to‘rt marta amalga oshirgan yagona futbolchi esa Robert Levandovski hisoblanadi. Hozir u Kataloniyaning «Barselona» klubi safida o‘ynamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!