Vinisius "Real Madrid" bilan yangi shartnoma imzolaydi

Braziliyalik hujumchi Vinisius Junior uzoq davom etgan muzokaralardan so'ng "Real Madrid" klubi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma borasida kelishuvga erishdi. Sky nashri xabariga ko'ra, tomonlar o'rtasida kelishuvning so'nggi tafsilotlarini tasdiqlash qolgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2027 yilda yakuniga yetishi kerak edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Avvalroq hujumchining maoshi borasidagi talablari yuqoriligi sababli muzokaralar to'xtab qolgan edi. Bu holat Saudiya Arabistoni klublari tomonidan Vinisiusga astronomik maosh taklif qilinishi va turli mish-mishlar ko'payishiga sabab bo'ldi. Biroq 25 yoshli futbolchi Madridda qolishni afzal ko'rdi va shaxsiy imtiyozlardan voz kechishga rozi bo'ldi.

Yangi kelishuvga ko'ra, Kilian Mbappe jamoaning eng ko'p maosh oluvchi futbolchisi bo'lib qoladi. Vinisius o'z maoshi oshirilishiga qaramay, frantsiyalik jamoadoshidan kamroq daromad oladi. Bu braziliyalik yulduzning klubda qolish istagi qanchalik kuchli ekanligini ko'rsatmoqda.
Shuningdek, jamoani keyingi mavsumda kim boshqarishi hozircha noma'lum. Yevropa Chempionlar ligasidan chiqib ketgan va Ispaniya chempionatida "Barselona"dan 9 ochko ortda qolayotgan "Real Madrid" murabbiyi Alvaro Arbeloa mavsum oxirida lavozimini tark etishi kutilmoqda. Nomzodlar orasida Didye Desham va Sebastyan Xenness ismlari tilga olinmoqda.
Vinisius 2018 yilda "Flamengo"dan kelib qo'shilganidan beri "Real Madrid" safida 370 ta o'yinda maydonga tushib, 124 ta gol urdi. U klub bilan ikki marta Chempionlar ligasi va uch marta La Liga g'olibligini qo'lga kiritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!