"Manchester Yunayted" 2 mlrd funtlik stadion qurilishini kechiktiradi

"Manchester Yunayted" klubining 2 milliard funt sterlinglik yangi stadion loyihasini amalga oshirish muddati yer sotib olish bilan bog'liq muammolar tufayli kechikmoqda. Old Trafford hududini qayta tiklash bo'yicha ishchi guruh rahbari Sebastyan Ko 100 ming kishilik arena qurilishi rejasi murakkab logistik jarayonlar sababli biroz noaniq bo'lib turganini ma'lum qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ser Jim Retkliff boshchiligidagi loyiha nafaqat zamonaviy sport majmuasini barpo etishni, balki Trafford hududida yangi turar joylar va ta'lim muassasalarini qurishni ham ko'zda tutadi. Biroq Sebastyan Koning so'zlariga ko'ra, stadion atrofidagi turli yer uchastkalarini sotib olish jarayoni kutilganidan sekinroq kechmoqda. Bu esa qurilish ishlarining boshlanish sanasini belgilashga xalaqit bermoqda.

Sebastyan Ko o'zining 2012 yilgi London Olimpiadasi tajribasiga tayanib, sport ob'ektlari atrofida infratuzilmani rivojlantirish mahalliy aholi hayotini yaxshilash va investitsiyalarni jalb qilishning eng tezkor yo'li ekanini ta'kidladi. Uning fikricha, jahon darajasidagi stadion hududning iqtisodiy o'sishi uchun kuchli katalizator bo'lib xizmat qiladi.
Hozirda ishchi guruh loyihaning huquqiy va moliyaviy jihatlarini o'rganishda davom etmoqda. Old Traffordni qayta tiklash bo'yicha yakuniy tavsiyalar va aniq yo'l xaritasi 2026 yilning oxiriga qadar taqdim etilishi kutilmoqda. Ungacha klub rahbariyati va muxlislar yer masalalari to'liq hal etilishini kutishlariga to'g'ri keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!