"Bavariya" Manzambini 30 million yevroga sotib olishni rejalashtirmoqda

"Bavariya" bosh murabbiyi Vinsent Kompani Germaniya kubogi yarim finali doirasidagi "Shtutgart" va "Frayburg" jamoalari o'rtasidagi uchrashuv haqida o'z fikrlarini bildirdi. Belgiya mutaxassisi ushbu bahsda namoyish etilgan futbol sifatini yuqori baholab, nemis futbolida yangi iqtidorlar avlodi shakllanayotganini ta'kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kompani o'z nutqida uch nafar futbolchi — Yuito Suzuki, Yoxan Manzambi va Bilol El-Xannusning harakatlariga alohida to'xtalib o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, ilgari Angliya Germaniyadan sifatli o'yinchilarni olib ketgan bo'lsa, hozirda Bundesliganing o'zida kuchli yoshlar yetishib chiqmoqda. Murabbiy bunday raqobat ligadagi barcha klublar uchun foydali ekanini qayd etdi.
Ayniqsa, "Frayburg" yarim himoyachisi Yoxan Manzambi Myunxen klubi e'tiborini tortmoqda. 20 yoshli shveysariyalik vinger joriy mavsumda 41 o'yinda 13 ta golda ishtirok etib, o'zini ko'rsatishga ulgurdi. Mutaxassislar uni yozda jamoani tark etishi kutilayotgan Leon Goretskaning munosib o'rinbosari sifatida ko'rishmoqda.
Manzambining "Frayburg" bilan shartnomasi 2030 yilgacha amal qiladi va unda tovon puli ko'rsatilmagan. Shu sababli, "Bavariya" iqtidorli futbolchini o'z safiga qo'shib olish uchun kamida 30 million yevro sarflashiga to'g'ri keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!