O‘tgan haftada futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘yinlari eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘ldi. Futbol ishqibozlari bosh murabbiy Samvel Babayanning iste’fosini talab qilib, aksiya ham o‘tkazishdi. Lekin O‘zbekiston futbol federasiyasi qaror chiqarib, Samvel Babayan bosh murabbiylik postida kamida joriy yilning 5 sentyabriga qadar qolishini aytdi.
Shu maqsadda “Odamlar nima deydi?” ruknining navbatdagi sonini o‘zbek futboliga bag‘ishlagan edik. Unda o‘zbek futbolini rivojlantirish, uni yanada yuqori cho‘qqilarga olib chiqish uchun qanday islohotlar o‘tkazilishi kerak kabi savollar orqali jamoatchilik fikri o‘rganildi.
Ko‘pchilik hozirgi bosh murabbiyni bosh aybdor sanab, uning iste’fosini talab qilgan. Lekin bunga endi kech, chunki O‘zbekiston futbol federasiyasi qaror qabul qilib bo‘ldi. Futbol muxlislari kamida 5 sentyabrgacha kutishga majbur, agar O‘FF o‘zidan tashabbus qilib, xalq dardiga quloq tutmasa.
Ayrimlar aynan O‘FF rahbariyatining qarorlaridan noroziligini bildirgan, ularning ko‘p va’da berib, aksariyatini bajarmasligini ta’na qilgan. Misol tarzida O‘FF prezidenti Mirabror Usmonovning “Paxtakor” xususidagi va’dasi esga olingan.
Shuningdek, muxlislarning bir qismi barcha muammo tizimda ekanini, bolalar sporti tizimini qaytadan ko‘rib chiqib, islohot o‘tkazish kerakligi, poraxo‘rlik va ta’magirlik evaziga futbol o‘ynatishlarga chek qo‘yish lozimligini ta’kidlashgan. Ayrimlari o‘z hayoti misolida poraxo‘rlikka guvoh bo‘lganlarini yozishgan. Bunisiga bir nima deyolmaymiz, chunki isbotimiz yo‘q. Lekin bir nima deya oladigan mutasaddi tashkilotlar bir o‘ylab ko‘rishar balki.
Quyida esa jonkuyar futbol ishqibozlari va mutaxassislarining fikrlaridan namunalar keltiramiz.
Yoqubjon Bobojonov, UzReport TV telekanali Sport tahririyati bosh muharriri, sport jurnalisti:
“Bugungi kunda jamiyatimizning har bir sohasida katta o‘zgarishlar, yangilanishlar kuzatilmoqda. Mening fikrimcha, mamlakatimizdagi futbol tizimida ham tub islohotlar qilish vaqti keldi. Shu paytga qadar futbolga hukumat darajasida juda katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Katta mablag‘lar sarflanyapti, futbol infrastrukturasi yaxshilanib bormoqda. Endilikda shunga yarasha natija ko‘rsatish vaqti ham keldi, deb o‘ylayman.
Buning uchun chet ellik mutaxassislarni yurtimizga jalb qilish kerak. Osiyoda futboli rivojlangan mamlakatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak (Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya), ularning barchasi xorijlik kuchli mutaxassislar yordamida futbol tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishgan. Biz ham Evropadan kuchli futbol funksionerlarini yurtimizga uzoq muddatli shartnoma bilan taklif qilishimiz kerak. Ularning katta tajribalariga suyangan holda bolalar futbolidan tortib, o‘smirlar, yoshlar va milliy terma jamoa darajasidagi tayyorgarlik ishlarini tubdan yangilashimiz zarur. Shundagina biz ham Osiyoda futboli kuchli hisoblanadigan terma jamoalar safiga qo‘shila olamiz. Jahon chempionati yo‘llanmalari esa biz uchun oddiy holga aylanadi. Asosiy maqsad JChga yo‘llanmani qo‘lga kiritish emas, raqobatbardosh futbol namoyish qilish bo‘ladi”.
Tolib Rahmatov, 23:03 16.06.2017
Bugunga kelib, O‘zbekiston futboli va O‘FF isloh qilishga juda muhtoj. Biz jahon chempionatiga chiqishni juda xohlar ekanmiz, tizimni yangilashimiz shart. Bizda iqtidorlar etarli, ularga e’tibor juda ham kam. Mening fikrim shundan iboratki, milliy terma jamoada yoshlar maydonga mukofot puli yoki manfaat ko‘zlab emas, Vatan tuyg‘usini his qilib tushishlari uchun har qanday ishni amalga oshirgan bo‘lar edim.
Bizda federasiyadan tortib murabbiylar shtati ham ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri sarf qila olishmaydi. Sabab manfaat bo‘lsa kerak, yana bilmadim, agar ajratilgan mablag‘lar to‘g‘ri taqsimlansa, musobaqalar davomida federasiya va murabbiylar birinchi o‘ringa Vatan tuyg‘usi or-nomus mas’uliyat bilan yondashishsa, ishoning, bizga chetdan murabbiy kerak emas. O‘zimizda ham mundialga olib chiqa oladigan murabbiylar bor. Chetdan murabbiy kelishining yaxshi va eng foydali tomoni – terma jamoa uchun ajratilgan pullar to‘liq terma uchun ishlaydi.
Davronbek Abdumannobov, 03:46 17.06.2017
Federasiyaga Shavkat Mirziyoyevdek ishlayman deganni rahbar qilish kerak. Ishlash prinsipini yangilash lozim. Yangilangan prinsip bir narsani, ya’ni sog‘lom raqobatni ta’minlay olsa, boshqa ish qilishi shart emas. Qolgani o‘zi bo‘ladi, murabbiy tanish-bilish, o‘yinchilar tanish-bilish bo‘lgach, hech qachon hech nima o‘zgarmaydi.
Doniyor, 09:40 17.06.2017
Terma jamoamiz birinchi navbatda bosh murabbiyini almashtirishi kerak. Bosh murabbiylikka bir necha nomzodlarni aytishim mumkin: Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov va Viktor Jalilov. Viktor Jalilovni nomzodlar ro‘yxatiga qo‘shganimning sababi shuki, u har bir futbolchi bilan individual ishlaydi va natijaga birinchi navbatda e’tibor beradi.
Endi futbolchilarga kelsak, biz har doimgidek o‘sha avvalgi o‘zimiz bilgan futbolchilarni ko‘ramiz, xolos. Nima, MTJ murabbiylari ulardan boshqalarini kuzatishmaydimi? Bizda shunday futbolchilar borki, ba’zi futbolchilardan ming chandon yaxshi o‘ynay oladi. Ularni sizga aytib o‘tishim mumkin: "Nasaf"dan I.Kenjaboyev, "Navbahor"dan G‘.Komilov, A.Turg‘unboyev kabi ko‘plab yosh futbolchilar bor. Ularni ham MTJga taklif qilish kerak. Darvozabonga kelsak, Lobanovni umuman MTJga chaqirmasa ham bo‘ladi, undan kuchli darvozabonlar juda ko‘p.
Maqsad, 11:51 17.06.2017
Bizga ayni paytda chet eldan murabbiy juda zarur. Ahamiyat bersak, Osiyoning deyarli barcha jamoalarida chet ellik murabbiy ishlamoqda. Nima sababdan bizda bu yo‘lga qo‘yilmagani qorong‘u.
Nodir, 00:29 19.06.2017
Hurmatli O‘FF rahbarlari, sizlardan iltimos, kabinetlardan chiqib, xalq ichidagi dardlarini eshitinglar. Butun O‘zbekistondagi vazirliklar, tashkilot rahbarlari xalq ichida. Muhtaram Prezidentimiz qaysi viloyatga borsa, shu erdagi oddiy xalq bilan uchrashadi va dardini eshitadi. Shunday qilishni vazirlardan va boshka rahbarlardan talab qilmokda. Aftidan sizlar buyruqni kutmoqdamisizlar. Bo‘lmasa, O‘zbekiston MTJ ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi va millionlab ishqibozlarni ranjitdi. Sizlar hatto buning sabablarini ishqibozlarga tushuntirib bermadingizlar va qo‘yingki, o‘yinlarda nima qilmoqchi ekaningizni aytmadingizlar. Qachon sizlar elim-yurtim, deb ishlaysizlar. Sizlardan iltimos, o‘zbo‘larchilik, rasmiyatchilik va ishga sovuqqonlik bilan qarashlarni yig‘ishtirib, jonkuyarlik bilan ishlasalaringiz, albatta, JChga chiqamiz.
Husen Xolmurodov, 19:48 17.06.2017
O‘zbek futbolini rivojlantirish uchun, eng avvalo, O‘FF tarkibini to‘liq almashtirish lozim. Mirabror Usmonovdan, kerak bo‘lsa, qorovuligacha almashtirish kerak, o‘zbek futboliga ichi achiganda Babayanga yana imkoniyat bermasdi. Bundan tashqari, MTJga jonkuyar va tajribali murabbiy va yangi yosh, iste’dodli futbolchilar judayam zarur.
Anvar Yakubov, 17:02 17.06.2017
O‘zbek futbolini jurnalistlarimiz ham orqaga tortishyapti. Futbol sohasida birorta mard jurnalist qolmagan. Shu vaqtgacha men janob Mirabrordan intervyu olgan, u kishiga o‘zining ichidagi savollari bilan murojat qilolgan birorta mard jurnalistni ko‘rmadim. Jurnalistlarimiz O‘FFdan qo‘rqib, to‘g‘ri savol bera olishmaydi. Bundan boshqa muammolarni hamma yaxshi biladi. Yaqinda jurnalistlarimiz o‘rniga iqtisodchilar intervyu olishadi.
Ilhom, 10:41 17.06.2017
O‘FFda katta islohotlar amalga oshirilishi kerak. O‘FF rahbariyati va MTJ murabbiylar jamoasining barcha a’zolari tarkibini almashtirish kerak. Aniq maqsad qo‘yish kerak. Vatan taqdiri hal bo‘lyapti axir. Evropadan andoza olish kerak. Hozirda Babayanni olib, Qosimov va eng sara murabbiyni qo‘ygan bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Sababi, futbolchilar tarkibi ham noto‘g‘ri tuzilgan. Yosh bo‘lsa-da, Evropa maydonlarida o‘ynay oladigan yulduzli futbolchilarimizning sinov mashg‘ulotlarida o‘yinini nazoratdan o‘tkazish kerak. Futbolchilarimizning Ronaldu va Messidan kam joyi yo‘q. Faqatgina texnika va jismoniy tayyorgarlik yo‘q. Qarindosh-urug‘chilikka chek qo‘yilishi lozim. Evropadan yaxshi murabbiy olib kelib, uning aytganini qilish kerak. Uning ishiga hech kim aralashmasligi lozim. Murabbiyga ham aniq maqsad qo‘yilganini tushuntirish lozim. Bu tarkib bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Nahotki, bokschilarimiz butun dunyoni zabt etishsayu, futbolchilarimiz hech narsa qilolmasa. Mashinani ham to‘rt shinasi harakatga keltiradi, motori unga tezlik va kuch ato etadi.
Faxriddin, 10:39 17.06.2017
O‘FF tomonidan Samvel Babayanni o‘z o‘rnida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilinibdi. Lekin nega qoldirilgani to‘g‘risida asosli rasmiy chiqish qilinmadi? Mening yoshim 48 da, taxminan yaqin 15 yildan beri Stanislav Andreev, Aleksandr Geynrix, Server Jeparov, ulardan keyin Igor Sergeev, Davron Hoshimov, Aleksandr Lobanov, Aziz Haydarov terma jamoaning inventarlari bo‘lib kelishmoqda. Shu ketishda pensiyaga chiqqanimizda ham shu o‘yinchilar termada o‘ynasa kerak-ov.
Hali kech emas, terma jamoada havoni yangilash kerak. Viktor Jalilov, Ravshan Haydarov yaxshi murabbiy bo‘lganida koptokka o‘xshab klublarni almashtirib yurishmas edi. Nega hech kim Igor Shkvirinni esga olmaydi. Menimcha, uni bosh murabbiylikka olib kelinsa, har xil bo‘lmagan mujmal gaplarni gapirib, matbuot anjumanlarini o‘tkazmasdan, aniq ishlarni amalga oshirar edi. Shkvirin xalqqa emas, O‘FFda kimgadir yoqmasa kerak.
Ulug‘bek Ashuraliev, 09:35 17.06.2017
Maydonda butun bir mamlakat sha’ni turganda allaqanday o‘yinchiyu murabbiyni o‘ylab, uning ishsiz qolishi bu bir oddiy narsa, shuning uchun tarkibni ham, murabbiylar shtabini ham o‘zgartirish kerak. Agar buning iloji yo‘q ekan, har birimiz 5-6 yashar o‘g‘limizni futboli rivojlangan Evropa futbol akademiyalariga yuboraylik, shunda 2030-34 yoki 2038 yilda biz mundialda o‘ynarmiz. Boshqa chora ko‘rmayapman, chunki 1996-2017 – bu 21 yil degani. Hali ham imkoniyatlarimiz o‘sha-o‘sha.
Muzliklar yurti Islandiya Evro-2016da nimalar qildi, Uels-chi? Avstraliya-chi? Osiyoga o‘tib, o‘zining yarimta imkoniyatini butun qilib oldi. Buning hammasi o‘sha 21 yil ichida bo‘ldi. Endi biz bitta saralashda 50% natijali terma jamoa rahbariyatini almashtirolmasak.
Yana bir chora – bu muammoni rasmiy ravishda Prezidentimizga murojaat qilaylik. Hali deyarli 75 kun bor, axir Eron avvalgi JCh saralashida kambek kilganda biz butun xalq bir bo‘lib hali 100% imkoniyat turganda eplolmasak, uyat bo‘lar.
Jalolidin, 06:41 17.06.2017
Menimcha, qanchalik murabbiy almashmasin, futbolchilar o‘z ustilarida ishlamasalar, mashg‘ulotlarda jon berib tayyorlanmasalar, befoyda! Agar ahamiyat qilgan bo‘lsangiz, ko‘p texnik xatolar, noaniq pas uzatishlar uchrayapti. Bunaqa o‘yinni ko‘rib, futbolchi mashg‘ulotda kun bo‘yi nima bilan band deb hayron bo‘lasan!
Alisher, 03:52 17.06.2017
Birinchi o‘rinda, futbol xo‘jaligimizni professionallar boshqarishi lozim. Futbolni yaxshi ko‘rish va puldor bo‘lish etarli emas. O‘FF ham, PFL ham o‘ta qoniqarsiz boshqarilmoqda. Ikkinchidan, milliy chempionatimiz to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Keskin raqobat va adolat ta’minlanishi juda muhim. Musobaqani ikki bosqichdan iborat qilish kerak. Ma’lum bir bosqichdan keyin hammasi boshidan, chempionlik va chempionatda qolish uchun kurashadigan ikkita guruh musobaqa olib borishi kerak. Uchinchidan, stadionlarni investision majburiyat hisobiga klublarga berish jarayonini boshlash lozim. Klublarni muhim daromad manbaini davlat aralashuvidan xoli qilish vaqti keldi. Yana bir shart sifatida klub va o‘yinchi o‘rtasidagi shartnomaning eng kam muddati sifatida 2 yil qilib belgilash shart. Bu klublardagi muntazamlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri bo‘ladi.
Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali izoh qoldirgan muxlislar
Yuldashalinurmatov
To‘g‘risi, men 25 yildan beri futbol ishqiboziman. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan beri bunaqa past saviyadagi o‘yin ko‘rsatmagan. Qosimov, Fyodorov, Lebedev, Maqsudov, Abduraimov, aka-uka Do‘rmonov, Shirshov, aka-uka Shaskix Bozorov, Bugalo va boshqalar o‘ynashgan vaqtda ham JChga chiqolmaganmiz, ammo bu erkaklarda Vatan hissi bor edi, jonini berib o‘ynashardi, hozirgilarga o‘xshab oyog‘i qaltiramasdi.
alisher___xolmuratov
Birinchi navbatda, eskicha dunyoqarashga ega rahbarlarni o‘zgartirish kerak va dunyo futbolidan xabari bor yosh, futbolni sevadigan mutaxassislarni rahbar qilish kerak. Bu birinchi va asosiy ishimiz. Keyingi o‘rinda murabbiylar shtabini (xorijlik murabbiyga) o‘zgartirish kerak.
leon_7886
O‘zbek futbolining TJ va chempionatdagi jamoalariga aslida qaysi qanday jamoaligini, haqiqiy talantlar tanilishi uchun birgina O‘FF prezidentligiga dunyo miqyosidagi g‘alabalarni hamyoniga tushadigan pullardan ustun qo‘ya oladigan, futbol uchun jonini beradigan munosib nomzod tayinlansagina, O‘zbekisoton TJ va jamoalari xalqaro chempionatlar final bosqichlarining nafaqat guruh o‘yinlarida, balki pley-off bahslarida ham munosib o‘yin ko‘rsata oladi. Bunga O‘zbekistonda talantlar etarlicha.
milaya_xozayushka
Ismim Zebo. Men o‘g‘limni “Bunyodkor”ga olib bordim. O‘sha erda futbolchi bo‘lasan deb. U paytda BO‘SM va Toshkent shag‘ridagi mahalliy jamaolarda o‘ynab yurardi. O‘g‘lim ikkala jamoada o‘ng qanot himoyada o‘ynar edi va jamoalar orasida chempionatlar bo‘lganida talashib qolishardi. Eng yaxshi himoyachi sifatida olgan bir nechta medallari bor.
Endi maqsadga o‘tsam. “Bunyodkor”ga olib borgan paytimda murabbiyni kutib turib, o‘g‘lim tengi bir bolakay bilan gaplashib qoldim. 2004 yilda tug‘ilganlar jamoasi tarkibida Qozog‘istondan o‘rtoqlik uchrashuvidan qaytishgan payt ekan. O‘sha bolachaning aytishi bo‘yicha, o‘yinga tushishi uchun ota-onasi 3 million so‘m pul to‘labdi. Aytishicha, muhimroq o‘yinda o‘ynash uchun o‘z stavkalari bor ekan. Zaxirada qolmaslik uchun ...$, o‘yinga borish uchun ...$, mahalliy o‘yinlarga tushish uchun ...$, chet elga borib zaxirada o‘tirish uchun ...$ yoki o‘yinga tushish uchun ...$. Bunaqa narx-navolarni eshitib, qo‘rqib ketdim. O‘sha paytdagi murabbiy bilan uchrashib, gaplashib ko‘rdim. Muomalasi umuman yo‘q. Odamni mensimadi. Qiziqishi kuchli bo‘lgan o‘g‘limning mo‘ltirab turgan ko‘zlariga achindim.
Juraevq
Birinchi o‘rinda futbol maktablariga kirishni bepul qilish kerak, ya’ni porasiz. Haqiqiy iste’dodi bor, bolalarni qabul qilish lozim. Farg‘ona futbol maktabiga o‘g‘lingizni olib borsangiz, tanish bo‘lsa 500 $, bo‘lmasa 800-1000 $ga qabul qilishadi. Uning iste’dodi bormi, yaxshi futbolchi chiqadimi, farqi yo‘q. Mana, futbolimiz rivojlanmasligining asosiy sabablaridan bittasi – futbol o‘ynashga talanti bor bolalarning otasida pul yo‘q, kirgizolmaydi. Shuning uchun birinchi o‘rinda yosh bolalarga e’tiborni qaratish kerak, deymizu, agar hozir shu masalalar ham hal bo‘lsa, O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqishi uchun yana 15-20 yil kerak bo‘ladi.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin