date

O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiyaga ega ilk “Halol” markazi ochildi

O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiyaga ega ilk “Halol” markazi ochildi

O‘zbekistonda ilk bor xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan “Halol” sertifikatlash markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi tashkil etilgan muassasa mazkur markaz huzurida faoliyat yuritadi hamda Turkiyaning nufuzli Halal Accreditation Agency (HAK) tomonidan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan organ sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan.

Mazkur natija mamlakat sanoati va eksport salohiyati uchun muhim yutuq hisoblanadi. Chunki endi mahalliy ishlab chiqaruvchilar xorijiy bozorlar, ayniqsa Islom davlatlari bozorlariga chiqishda xalqaro miqyosda tan olingan “halol” sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan ishonchni oshiradi va eksport hajmini kengaytiradi.

Mutahassislarning ta’kidlashicha, “halol” sertifikati nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari uchun, balki kosmetika, dori-darmon va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu akkreditatsiya mahalliy korxonalarga xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish, mahsulot sifatini mustahkamlash va yangi eksport yo‘nalishlarini ochish imkonini beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon “halol” bozori hajmi 2 trillion AQSH dollaridan ortiq, “halol” turizm sektori esa 400 milliard dollarga yaqin. Shu bois, O‘zbekistonning ushbu tizimda faol ishtirok etishi milliy iqtisodiyot uchun katta imkoniyatlarni yaratadi.

Mamlakatdagi ilk xalqaro “Halol” markazining faoliyati orqali ishlab chiqaruvchilar endi mahsulotlarini nafaqat mahalliy, balki Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Malayziya va Indoneziya kabi bozorlarga ham eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu markaz nafaqat sertifikat berish bilan cheklanmay, balki tadbirkorlar uchun o‘quv kurslari, maslahat xizmatlari va sifat nazorati bo‘yicha ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘yadi.

Shu tariqa, O‘zbekistonda xalqaro “Halol” standarti asosida ishlaydigan ilk markazning ochilishi mamlakatdagi ishlab chiqarish madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadi, xalqaro bozorda “Made in Uzbekistan” brendiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda xalqaro akkreditatsiyaga ega ilk “Halol” markazi ochildi