Dunyo olimlari yana bir bor insoniyatni jiddiy xavf haqida ogohlantirdi. Kanadaning MakGill universiteti tadqiqotchilari tayyorlagan so‘nggi hisobotga ko‘ra, agar issiqxona gazlari chiqindisi hozirgi sur’atda davom etsa, dengiz sathining ko‘tarilishi global miqyosdagi ekologik ofatga aylanishi mumkin.
Hisobotda ta’kidlanishicha, kelgusi yuz yil ichida dengiz sathi sezilarli darajada oshishi va natijada qirg‘oqbo‘yi shaharlar asta-sekin suv ostida qolishi kutilmoqda. Bunday iqtisodiy zarar, millionlab odamlar uchun hayot makonini yo‘qotish xavfini ham keltirib chiqarishi mumkin.
Olimlarning xulosalariga ko‘ra, ayniqsa Afrika, Janubi-sharqiy Osiyo hamda Janubiy va Markaziy Amerikadagi shaharlar katta xavf ostida. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu hududlarda aholi zich joylashgan bo‘lib, hatto kichik suv toshqini ham portlar, sanoat zonalari va madaniy meros obyektlariga ulkan zarar yetkazishi mumkin.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan mintaqalardagi 840 milliondan ziyod binolarning 136 millioni 2100-yilga borib dengiz sathining taxminan 20 metrga ko‘tarilishidan bevosita zarar ko‘radi. Bu faqatgina binolarni emas, balki yirik infratuzilma tizimlari, elektr stansiyalari va transport tarmoqlarini ham xavf ostida qoldiradi.
Professor Erik Galbrayt ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi va suv sathining ko‘tarilishi inson hayotining barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatadi — “Okean yaqinida yashamasangiz ham, uning oqibatlari sizga yetib keladi”, — deydi u.
Olimlar hisobotida bu ma’lumotlar faqat ilmiy tahlil emas, balki shaharsozlik, arxitektura, qurilish va development sohalaridagi mutaxassislar uchun amaliy qo‘llanma bo‘lishi kerakligini ta’kidlashgan. Ular ushbu natijalardan foydalanib, kelajakdagi zararni kamaytirish va yangi shahar modellarini xavfsizroq yo‘nalishda rejalashtirishlari mumkin.
Shuningdek, hisobotda har bir mamlakat hozirdanoq iqlim siyosatini qayta ko‘rib chiqishi, issiqxona gazlari chiqindisini cheklash va tabiiy muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi zarurligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Sautgempton universiteti olimlari Efiopiyaning Afar mintaqasi ostida Yer qa’ridan ritmik ravishda ko‘tarilayotgan eritilgan mantiya oqimlarini aniqlagandi. Ular bu jarayonni “Yurak urishi”ga o‘xshatib, Afrika qit’asi asta-sekin yorilib, yangi okean shakllanishi mumkinligini bildirishgan.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi tabiiy jarayonlar insoniyatni yangi geologik davr ostonasiga olib kelmoqda. Ular inson faoliyati bilan bog‘liq ta’sirlar bilan birlashganda, Yer iqlimida sodir bo‘lmagan o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!