date

O‘zbekiston terma jamoasida "perezagruzka": Kannavaro nimani o‘zgartirmoqchi?

O‘zbekiston terma jamoasida "perezagruzka": Kannavaro nimani o‘zgartirmoqchi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun Fabio Kannavaro davri boshlandi. Italiyalik mutaxassisning ilk yig‘in va o‘yinlaridan ko‘pchilik mo‘jiza kutmagan — shunday bo‘lishi tabiiy edi. Chunki har qanday yangilanish uchun ma’lum vaqt kerak. Hozir milliy jamoada aynan shunday "perezagruzka" — ya’ni yangilanish jarayoni kechmoqda.

Biroq bu yangilanish hozircha ehtiyotkor qadamlar bilan amalga oshmoqda. Kannavaro uslubida Katanes davrining soyasi hali ham sezilib turibdi.

Taktik yo‘nalish: Katanes izidan ketgan italiyacha tartib

Kannavaro uchun dastlabki bahslar — kuzatuv va tahlil bosqichi bo‘ldi. U hali taktik jihatdan katta o‘zgarishlar kiritmadi, balki Katanes “konspekti”ni davom ettirdi: himoyada intizom, o‘yinni nazorat qilish va natijaga intilish.

Kuvaytga qarshi 2:0 hisobida oldinda borayotgan jamoa tempni pasaytirib, natijani saqlashga o‘tdi — bu italiyacha pragmatizmdan darak. Urugvayga qarshi o‘yinda esa jamoa intizomni saqlashga intilib, himoyani birlamchi vazifa qilib oldi.

Demak, Kannavaro hozircha natijaviy, ehtiyotkor va hisobni saqlab qolishga qaratilgan o‘yin uslubini tanlagan. Uning jamoasi realizmga suyanadi, ya’ni “chiroyli futbol”dan ko‘ra “natija” ustuvor.

Tarkibda ehtiyotkorlik: yangi nomlarga hali vaqt kelmadi

Bu yig‘indagi tarkib deyarli Kapadze davridagidek bo‘ldi. Kuvayt bilan o‘yindan keyin Turdimurodov, Rahmonaliyev, Abdumajidov va Hojimirzayevga javob berib yuborildi, bu o‘yinchilar klublari ixtiyoriga qaytib ketdi. Ularning o‘rniga tajribali futbolchilar — Eshmurodov, Norchayev va Turg‘unboyev taklif qilindi.

Bundan kelib chiqyaptiki, italiyalik mutaxassis futbolchilarning avvalgi o‘yinlariga va statistikasiga tayangan holda qaror qabul qilgan. U hali mahalliy chempionatdagi yangi nomlarni shaxsan kuzatib ulgurmadi, shu sabab tajribali, terma jamoa muhitini yaxshi biladigan o‘yinchilarga ishonch bildirdi.

Gapning qisqasi, Kannavaro hozircha “tayyor mahsulot” bilan ishlayapti. Bu xavfsiz yo‘l, lekin zaxira imkoniyatlarini ochish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Shu o‘rinda Kapadzening yondashuvini eslatib o‘tishga arziydi — u CAFA turnirida hammaga imkoniyat berib, almashtirib bo‘lmaydigan futbolchi yo‘qligini ko‘rsatgandi. Kannavaro esa hozircha bu yo‘lni tanlamadi. Balki noyabr oyidagi FIFA kunlarigacha chempionat o‘yinlarini kuzatib, yangi nomlarga ham e’tibor qaratar.

Aziz G‘aniyevning qaytishi

Aziz G‘aniyev — Kannavaro davridagi eng qiziq taktik sinovlardan biri. BAA chempionatida barqaror o‘ynab kelayotgan yarim himoyachi ikki yildan so‘ng asosiy tarkibga qaytdi. Ammo Kannavaro uni markazda emas, qanotda sinadi.

Bu qaror bahsli: Azizning kuchli jihati — markazda o‘yinni boshqarish, uzatmalar orqali tempni belgilash. Qanotda esa u bu fazilatlarni to‘liq ko‘rsata olmaydi. Shu bois, murabbiy hali ham o‘z sxemasini izlayotgani va pozitsion tajribalar o‘tkazayotgani ko‘rinadi.

Jarohatlar va raqobat muhiti: toblanish pallasi

Jarohatlar terma jamoa uchun ham sinov, ham imkoniyat. O‘tkir Yusupov jarohat olgach, uning o‘rnini Abduvohid Ne’matov to‘ldirdi. “Nasaf” darvozaboni hozir raqobatsiz muhitda bo‘lsa-da, bu uning o‘sishiga ta’sir qilishi mumkin.

Xuddi shunday, Vladimir Nazarov, Botirali Ergashev kabi nomlar ham har lahzada tayyor turishi lozim. Keyingi yig‘inda Aliqulov va Husanovni ko‘rishimiz ehtimoli katta. Abduqodir ikki yig‘inni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, uning qayta olish ehtimoli yuqori.

Shunday pallada o‘rtoqlik o‘yinlari ikkinchi plandagilar uchun toblanish va o‘zini ko‘rsatish imkoniyati bo‘lib xizmat qiladi. Bu yerda Kannavaro Kapadzening tajribasidan foydalansa, jamoada raqobatni kuchaytirish mumkin bo‘ladi.

Xulosa: "perezagruzka" boshlandi, lekin vaqt oz

Fabio Kannavaro uchun bu yig‘inlar faqatgina boshlanish. U hali jamoani to‘liq sinab ulgurmadi. Ammo uning asosiy yo‘nalishi aniq: intizom, realizm va natija. Bu — Italiya futboliga xos falsafa.

O‘zbekiston terma jamoasi hozir "perezagruzka" arafasida turibdi. Katanetsdan qolgan asos, himoyadagi intizom va jamoaviy ruh saqlanmoqda. Endi esa yangi ruh, yangi g‘oya va yangicha fikrlash qo‘shilishi lozim. Jahon chempionatiga qadar vaqt oz. Ammo agar Kannavaro bu qisqa fursatda natija bilan yangilanish o‘rtasida muvozanatni topa olsa, terma jamoamiz nafaqat taktik, balki psixologik jihatdan ham kuchayadi.

Muallif: Iskandarov Abdulaziz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasida "perezagruzka": Kannavaro nimani o‘zgartirmoqchi?