Butunjahon non kuniga bag‘ishlab RIA Novosti tomonidan o‘tkazilgan tahlilda dunyo mamlakatlaridagi oq non narxlari solishtirildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, batonning o‘rtacha bahosi 138 rubl yoki taxminan 21 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Eng qimmat non Afrikaning Djibuti davlatida sotiladi — taxminan 134 ming so‘m. Bu mamlakat oziq-ovqat, jumladan bug‘doy importiga kuchli bog‘langani bois narxlar yuqori. Qimmat non sotiladigan davlatlar qatoridan Bermud orollari (≈103 ming so‘m), Kayman orollari (≈76 ming so‘m), Monako (≈64 ming so‘m) va Bahama orollari (≈63 ming so‘m) ham o‘rin olgan.
Shuningdek, top-10 ichida Kongo (≈61 ming so‘m), Markaziy Afrika Respublikasi (≈54 ming so‘m), Islandiya (≈51 ming so‘m), Lixtenshteyn (≈51 ming so‘m) va Janubiy Afrika Respublikasi (≈50 ming so‘m) kabi davlatlar ham bor.
Aksincha, davlat subsidiyalari hisobiga non narxi eng arzon bo‘lgan mamlakatlar ham aniqlangan. Bu ro‘yxatda Jazoir birinchi o‘rinni egalladi — bu yerda non taxminan 2100 so‘mga sotiladi. Keyingilar: Tunis (≈2300 so‘m), Esvatini (≈2400 so‘m), Afg‘oniston (≈3000 so‘m), Liviya (≈3400 so‘m), Chad (≈4300 so‘m), O‘zbekiston (≈4800 so‘m), Qirg‘iziston (≈5100 so‘m), Qozog‘iston (≈5300 so‘m) va Ozarbayjon (≈5500 so‘m).
Rossiya 35-o‘rinda (≈8700 so‘m), Belarus esa 42-pog‘onada (≈9500 so‘m) joylashdi.
Tahlilchilar fikricha, non narxidagi bu katta farqlar davlatning iqtisodiy siyosatidan, qishloq xo‘jaligi salohiyatidan va oziq-ovqat importiga bo‘lgan bog‘liqlik darajasidan dalolat beradi.
Shunday qilib, dunyoda eng qimmat non Djibutida, eng arzoni esa Jazoirda sotilmoqda — O‘zbekiston esa arzonlik bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!