Futbolga qiziqmayman, deb ayta olmayman. Vaqt bo‘lganida, yoki vaqtliroq ko‘rsatilsa, Angliya va Ispaniya chempionatlarini ko‘rish jonu dilim. O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini ko‘rmay qo‘yganimga ancha bo‘lgan. 90-yillarda O‘zbekiston kubogi musobaqasining finalida Qo‘qonning «Temiryo‘lchi» va Farg‘onaning «Neftchi» jamoalari kuch sinashadigan bo‘ldi. Men o‘shanda qo‘qonliklar murabbiyi bilan suhbatda bo‘ldim. «Agar bizga hokimiyat mukofot pullarini qilib bermasa, biz o‘yinni yutqazib beramiz» deb ochiq aytgan gaplaridan keyin O‘zbekiston chempionati va Kubogi o‘yinlaridan hafsalam pir bo‘lgan. Shundan keyin ham bot-bot O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida kelishilgan o‘yinlar borligi haqida hamma joyda, hatto ommaviy axborot vositalarida ham ta’kidlanib turiladi.
Lekin, biror marta shu paytgacha, biror o‘yin tahlili bo‘yicha kimdir javobgarlikka tortilgani, hatto bu masala mas’uliyatli organ, ya’ni O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan jiddiy tarzda ko‘rib chiqilgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Qachonligi esimda yo‘qku, bir kuni Axbor Imomxo‘jayev o‘g‘illaridan birining jonli efirda olib borgan «Futbol sharhi» ko‘rsatuvini ko‘rib qoldim. Ko‘rsatuv mehmoniga, bir paytlar Hindiston terma jamoasiga murabbiylik qilgan, menimcha ayni paytda FIFA uslubchisi bo‘lib ishlovchi Islom Ahmedovga «Nega O‘zbekistonga kelib biror bir jamoaga murabbiylik qilmaysiz?» deb savol berishdi.
Shunda Islom Ahmedov «Bugugungi kunda O‘zbekistondagi jamoalarda qaysi futbolchi o‘ynashini futbolga aloqasi yo‘q mansabdor kishilar hal etmoqda, men bunday sharoitda O‘zbekistonda ishlay olmayman», deb javob bergani esimda. Menimcha hozirgi kunda ham shunday savolga taniqli futbol mutaxassisi yana xuddi o‘shanday javob qaytarsa kerak. O‘zbekiston terma jamoasi esa mamlakatimiz futbolining ko‘zgusi, uning o‘yinlariga qarab mamlakat futbolining qay ahvolda ekanligini bilib olish mumkin.
Aytmoqchi bo‘lganim, terma jamoamizning Jahon chempionati final o‘yinlariga bora olmasligi boshdan bosh ma’lum edi. Xitoy va Koreya jamoalari bilan bo‘ladigan o‘yinlardan avval jamoa o‘yinini, uning treneri Babayanning noto‘g‘ri taktika tanlab o‘yinga mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan Sergeyev, Lobanov kabi «o‘yinchilarni» maydonga tushirayotgani, ularni tushirishdan murabbiyning asosiy maqsadi ularni biror bir xorijiy klubga pullash ekanligini rosa yozishdi. Terma jamoani Jahon chempionati o‘yinlarida ko‘rishning yagona usuli jamoa murabbiyini zudlik bilan almashtirilishi ekanligini rosa ta’kidlashdi.
Futbolimizga mutasaddi kattalar bu chiqishlarga zarracha ham e’tibor qilmadilar. Babayan bechora muxbirlardan xorijga qochdi. Federatsiya kattalari jonli matbuot anjumaniga hech narsaga mas’ul bo‘lmagan mutasaddilarni jo‘natishdi. O‘shandayoq navbatdagi chempionat o‘zbek futbolchilarisiz o‘tishi aniq bo‘lib bo‘lgandi, menimcha. Ishqibozlar ishqiboz ekanda, yana umid qilishdi. Xitoy va Koreyani mag‘lubiyatga uchrata olsa Babayanga bundan keyin ham «chidayveramiz» deyishgacha borishdi. Biroq... Mo‘’jiza ro‘y bermadi. O‘sha futbol, o‘sha o‘yinchilar, o‘sha taktika, o‘sha bahonalar...
To‘g‘risi, o‘yinchilarimizning maydondagi ahvollarini ko‘rib rahmim keldi. O‘yin boshidanoq ularning ko‘zidagi qurquv va xavotirlikdan, harakatlaridagi majolsizlikdan uchrashuv taqdiri aniq edi. Va kutilganidek natija bo‘ldi. Bilasizmi, o‘yindan so‘ng ayrim o‘yinchilarning yig‘isi ham soxtadek tuyuldi menga. Yarashmagan yig‘i edi bu. Bir paytlar qo‘shni sinfga basketbol o‘ynab yutqazganimizda, rosa yig‘laganmiz. Hech kimdan uyalmay yig‘laganmiz. Bizni hatto raqiblarimiz ham yupata boshlashgan. Sababi o‘sha yig‘imiz haqiqiy yig‘i edi, rosa jon berib o‘ynalgan o‘yin mag‘lubiyatidan keyingi alam ko‘z yoshlari edi. Futbolchilarimiz esa o‘zbek jamoatchiligidan qo‘rqib yig‘lashgandek tuyuldi, menga. Qolaversa, shu o‘yin bilan Rossiyaga borib yig‘lagandan ko‘ra, hozir yig‘lab olgan ham ma’qulroq o‘zi.
Mag‘lubiyatdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda murabbiy va o‘yinchilarimizni, federatsiya rahbarlarini «rosa do‘pposladik». Endi ko‘zimizni ochib ishimizni, xususan, mamlakatimizda futbolni rivojlantirish masalalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yaylik, hamma narsa shaffof va aniq bo‘lsin, yanayam qolaversa, Federatsiya rahbariyati va bosh murabbiy hisobot berishsin, deb ayuhannos soldik. Oqibati nima bo‘ldi? Yaqinda bo‘lib o‘tgan hisobot va saylov anjumani sovet davrlarida bo‘lgani kabi namunali tarzda, birgina nomzod bilan o‘tkazildi. E’tiborlisi, mamlakatda hatto mamlakat Prezidenti saylovlari muqobillik asosida o‘tkazilgan bo‘lsada, Futbol Federatsiyasi rahbari shunday tayinlanib qo‘yaqolindi.
Mamlakatimiz Futbol uyushmasi jamiyatimizdan ayro holda, o‘z xohishiga ko‘ra ishlash va qarorlar qabul qilishni o‘ziga ep ko‘ra oladigan tashkilot ekanligini yana bir bor isbotladi. Eskilar hech qanday va’da bo‘lmaganini, hamma narsa muvaffaqiyatli va yaxshiligini gapirib, yangilarga jurnalistlarning tanqidlariga befarq bo‘lmaslikni tavsiya etishdi. Shu bilan o‘zbek futbolining yaqin 15 yillik tarixiga «shonli» yakun yasaldi. Demak, hammasi to‘g‘ri bo‘lgan. Hammasi shunday bo‘lishi kerak edi. Va eng qo‘rqinchlisi, hammasi shunday bo‘lib qolishi ham mumkin. Achinarlisi, jurnalistlarimiz ham voqelikni shunday qabul qilishdi. Yana jimlik. Ertaga hech narsa bo‘lmagandek, yana bo‘m – bo‘sh stadiondagi «Toshkent derbisi» haqida yozib ketaveramiz.
Shuning uchun ham terma jamoamiz mag‘lubiyatidan unchalik ham xafa bo‘lmadim. Shunday saralash shunday yakun topishini bilardim. Xafa bo‘lgan joyim, saralashdan to‘g‘ri xulosa chiqarmaganimiz. Angliya premer-ligasida eng oxirgi o‘rinni olgan jamoa ham katta moliyaviy mukofot olar ekan. Ular futbolni haqiqiy biznesga aylantirishdi. Halol o‘yinlar, halol rahbarlik, halol munosabat prinsiplari hamma foyda oladigan, muhimi, futboldan hamma zavq oladigan tizimni yaratdi. Futbol o‘yini u yerda haqiqiy bayram. Bizda esa, bu o‘yin faqat ayrim futbol funksionerlarigagina bayram. Faqatgina ayrimlar uchun moliyaviy zavq olib kelyapti. Futbol ishqibozlariga esa faqat dard va alam. Ronaldu, Messi, Mbappelarning sotuv narxidan boshlab, oladigan oyligi, oila a’zolari, to‘lagan yoki to‘lamagan soliqlarigacha yaxshi bilamiz. O‘zbek futbolchilari o‘qituvchi va shifokorlarimizdan qancha ko‘p olayotganlarini esa bilmaymiz yoxud yoza olmaymiz.
O‘zbek futbolida ham haqiqiy oshkoralik bo‘lsa, chala demokratiyadan voz kechilsa, tanish bilishchilik va korrupsiyaga barham berilsa, ishonchim komil, nafaqat Osiyo, balki Yevropa va Janubiy Amerika jamoalarini ham mag‘lubiyatga uchrata oladigan potensialimiz bor. Federatsiyaning yangi rahbariyatidan ham shunday o‘zgarishlarni kutib qolamiz. Zero, ishonch,muhabbat so‘nganidan keyin ham umid yashayverarkan.
Burxon Shermatov, futbol muxlisi
Manba: kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas