40 yoshni qarshilagan taniqli hujumchi Krishtianu Ronaldu yana bir tarixiy kechani o‘tkazdi. U 2026 yilgi jahon chempionati saralash bahslari doirasida Portugaliya terma jamoasi safida Armanistonga qarshi o‘yinda ikki marta gol urdi va muxlislarni hayratga soldi.
E’tiborli jihati shundaki, raqib darvozasiga yo‘l olgan barcha beshta to‘p Saudiya Arabistoni chempionatida to‘p tepayotgan portugaliyalik yulduzlarga tegishli bo‘ldi. “An-Nasr” safida o‘ynayotgan Krishtianu Ronaldu va Joau Feliks ikkitadan gol urdi, “Al-Hilol” himoyachisi Joau Kanselu esa yana bir zarba bilan hisobni yirik ko‘rinishga yetkazdi.
Ronalduning birinchi goli 21-daqiqada kiritilib, u uchun terma jamoa libosidagi 139-gol sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, u professional faoliyati davomidagi 941-rasmiy goliga erishib, yangi rekord o‘rnatdi.
Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan yulduz hujumchi yana bir gol urdi. Bu zarba uning milliy jamoa safidagi to‘plarini 140 taga, umumiy faoliyatidagi rasmiy gollar sonini esa 942 taga yetkazdi.
Shu tariqa, Krishtianu Ronaldu bir kechaning o‘zida ikki bor tarixni yangiladi. Uning matonati, mahorati va irodasi Portugaliyaning g‘alabasiga asosiy omil bo‘lib xizmat qildi. Muxlislar esa Ronalduning bu rekordlari hali uzoq vaqt tillarda aytilishini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!