date

Abduqodir Husanovning jarohatdan so‘nggi ahvoli bo‘yicha ma’lumot...

Abduqodir Husanovning jarohatdan so‘nggi ahvoli bo‘yicha ma’lumot...

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasi 3-turidan o‘rin olgan “Brayton”ga qarshi bahsning 85-daqiqasida jarohat olib, zaxiraga olingan edi. Keyingi tibbiy ko‘riklar uning chap oyoq mushaklarida shikast borligini tasdiqladi.

Shifokorlar va mutaxassislar maslahatidan so‘ng Husanovni milliy terma jamoa o‘yinlariga chaqirmaslikka qaror qilindi. Shu sababli yosh himoyachi “CAFA Nations Cup 2025” xalqaro turnirida ishtirok etmayapti. Bu musobaqa esa o‘zbekistonlik futbolchilar uchun 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.

Angliya futboli tahlilchilari Husanovning jarohatini “Manchester Siti” uchun katta yo‘qotish, deb baholashdi. Chunki kelayotgan to‘rtinchi turdagi Manchester derbisida raqib — “Manchester Yunayted” asosan himoyaga tayanadi va qarshi hujum orqali harakat qiladi. Bunday vaziyatda Husanovning tezligi, kurashchanligi va maydonda vaziyatni anglay olish qobiliyati katta ahamiyat kasb etadi.

“Siti” mutaxassislari ham o‘zbek legionerini tezroq safga qaytarish ustida ishlayapti. Ayniqsa, Jon Stounz ham jarohat tufayli Angliya terma jamoasidan klubga qaytarilgani Xosep Gvardiolaga qo‘shimcha muammo bo‘ldi.

Manchester Evening News muxbiri Tayron Marshallning yozishicha, Husanovning to‘liq sog‘ayishi kamida ikki hafta vaqt talab etadi. Bu orada FIFA kunlari munosabati bilan Premer-ligada qisqa tanaffus e’lon qilingani “shaharliklar” uchun katta imkoniyat bo‘ldi.

— Hozir barcha umid Abduqodir Husanovning Manchester derbisigacha safga qaytishi bilan bog‘liq. Ikki haftalik hordiq va davolanishdan so‘ng yosh himoyachi maydonga qaytadi, degan ishonch yuqori, — deya yozdi somosfanaticos.fans sayti.

Angliyadan kelgan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Husanovning sog‘ayish jarayoni jadal sur’atda kechmoqda. U tez orada individual mashg‘ulotlarni boshlaydi, shundan so‘ng umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilishi va “Manchester Yunayted”ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishi kutilyapti. Bu esa o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun quvonchli xabardir.

Eslatib o‘tamiz, Angliya Premer-ligasi 4-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” — “Manchester Yunayted” uchrashuvi 14-sentyabr kuni, soat 20:30 da (Toshkent vaqti) start oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanovning jarohatdan so‘nggi ahvoli bo‘yicha ma’lumot...