date

“Manchester Siti”da tozalanish: Husanov yana bir raqobatchidan qutiladi

“Manchester Siti”da tozalanish: Husanov yana bir raqobatchidan qutiladi

“Manchester Siti” rahbariyati bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning tashabbusi bilan tarkibni qisqartirish siyosatini izchil davom ettirmoqda. Ispaniyalik mutaxassis jamoa o‘zagini tashkil qiladigan futbolchilarni aniqlab olgan va asosiy tarkibda o‘z o‘rnini topa olmagan, o‘yin amaliyoti yetarlicha berilmayotgan futbolchilar bilan xayrlashish jarayonini boshladi.

Ma’lumki, Yevropaning yirik ligalarida yozgi transferlar oynasi yopildi. Biroq ba’zi mamlakatlarda hali kirish transferlari ochiq bo‘lib turibdi. Yana bir necha kundan so‘ng bu imkoniyat ham tugashi kutilmoqda.

Yozgi transferlar davomida “shaharliklar” bir qator nomdor o‘yinchilar bilan xayrlashdi. Jumladan, Kevin de Bryuyne, Jek Grilish, Ilkay Gyundog‘an, Ederson, Manuel Akanji kabi yirik futbolchilar klubni tark etdi. Shu bilan birga, yosh futbolchilardan Vitor Reys va Maks Alleyn ham sotib yuborildi.

Aynan markaziy himoyachi pozitsiyasidagi Akanji, Reys va Alleyn ketishi natijasida Abduqodir Husanov uchun kengroq imkoniyatlar yaratildi. Gvardiola bu mavsum o‘zbek futbolchisini jamoada olib qolish qarorini ma’qul topdi.

Endilikda esa shu pozitsiyada harakat qiladigan yana bir tajribali himoyachi – Natan Akening jamoani tark etishi haqida xabarlar tarqalmoqda. 30 yoshli niderlandiyalik futbolchi ichki raqobatda o‘z o‘rnini yo‘qotmoqda, ayniqsa Husanov kabi yosh va baquvvat raqobatchilarning ortida qolmoqda.

Hozirgi paytda “Tottenxem” bu vaziyatdan unumli foydalanish niyatida. Londonliklar Natan Akeni qishki transferlar oynasida jamoaga olib kelish uchun harakat boshladi. Ular himoya chizig‘ida barqarorlik olib kelish uchun tajribali futbolchini tarkibga qo‘shib olish muhim deb hisoblayapti.

CaughtOffside’ning ma’lumotlariga ko‘ra, “Tottenxem” bosh murabbiyi Tomas Frank yozdayoq Akening transferiga qiziqish bildirgan. Endi klub direktorlari ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlayapti. Ular Natanning Premer-liga va Yevropa maydonlaridagi katta tajribasi “shporlar” uchun foyda keltiradi, degan fikrda.

Gvardiola esa, jamoada yoshi o‘tib qolgan o‘yinchilardan asta-sekin voz kechayotganini yashirmayapti. U asosan Jon Stounz, Abduqodir Husanov, Yoshko Gvardiol va Ruben Diash kabi himoyachilarga tayanish niyatida. Shu sabab, Akening asosiy tarkibda muntazam o‘ynash ehtimoli juda past.

Natanning o‘zi ham vaziyatni to‘g‘ri baholab, zaxirada qolib ketish o‘rniga jamoa va muhitni o‘zgartirishga qarshi emas. Ayniqsa, jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan mavsumda unga muntazam o‘yin amaliyoti zarur.

Shunday qilib, “Manchester Siti”dagi tarkibiy tozalanish Abduqodir Husanov uchun katta imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda. Agar Ake ketsa, o‘zbek himoyachisi uchun yanada ko‘proq o‘yinlarda maydonga tushish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti”da tozalanish: Husanov yana bir raqobatchidan qutiladi