date

Abduqodir Husanov derbida o‘ng qanotda sinab ko‘rilishi mumkin

Abduqodir Husanov derbida o‘ng qanotda sinab ko‘rilishi mumkin

Ma’lumki, FIFA kunlari munosabati bilan Yevropaning yetakchi chempionatlarida ikki haftalik tanaffus e’lon qilindi. Barcha klublar bu oraliqda xalqaro bahslardan so‘nggi dastlabki turga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turidan o‘rin olgan Manchester derbisi esa hozirdanyoq ko‘plab ishqibozlar va mutaxassislar diqqat markazida turibdi. Bu haqda nufuzli manchestercity.news sayti tahliliy maqolasi e’lon qildi va unda o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning jamoadagi ahamiyati alohida tilga olindi.

Ekspertlarning qayd etishicha, derbi har ikki jamoa uchun ham hayotiy ahamiyat kasb etadi. “Manchester Siti” dastlabki uch turdan ikkitasida mag‘lub bo‘lib, chempionlik poygasida orqaga surilib qolmaslik uchun maydonga faqat g‘alaba uchun tushadi. “Manchester Yunayted” esa mavsum boshida ko‘rsatgan natijalari bilan maqtana olmaydi — Ruben Amorim qo‘l ostidagi jamoa dastlabki to‘qqiz ochkodan beshtasini yo‘qotib bo‘ldi. Demak, bu uchrashuvda g‘alaba har ikki taraf uchun suv va havodek zarur.

Qiziq jihati, derbi oldidan “Siti” Janluiji Donnarummani, “Yunayted” esa Senna Lammensni olib, darvozabon pozitsiyasini mustahkamladi. Ammo asosiy syurprizlardan biri sifatida Abduqodir Husanovning o‘ng qanot himoyachisi sifatida sinab ko‘rilishi kutilmoqda.

Husanov hozircha jarohatdan tiklanish jarayonida. Agar u derbigacha safga qaytib ulgursa, Xosep Gvardiola uni himoya markazida emas, balki o‘ng qanotda o‘ynatishni rejalashtirgan. 21 yoshli o‘zbek legioneri “Siti” safida ikkita bahsda aynan shu pozitsiyada maydonga tushgan va yuqori darajada harakat qilgan. Jumladan, o‘tgan mavsum Chempionlar ligasida “Real”ga qarshi bahsda Vinisius Juniorga hech qanday imkoniyat qoldirmagani eslatib o‘tildi.

Gvardiola o‘z shogirdining tezkorligi, maydondagi vaziyatni tez anglay olishi va kurashchanligini yuqori baholamoqda. Bu xususiyatlar uning “Yunayted”ga qarshi o‘ng qanot himoyasi uchun eng munosib nomzodga aylanishini ta’minlaydi.

“Yunayted”ning chap qanotda o‘ynaydigan futbolchisi Patrik Dorgu raqib himoyasiga katta xavf tug‘dira oladi. Shunday vaziyatda himoyada tajribasi va ustunligi bor Husanovning o‘yini hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.

Ekspertlar ta’kidlashicha, Riko Lyuis va Mateush Nunesh kabi qanot himoyachilari hozircha barqaror o‘yin ko‘rsatmayapti. Shu bois, 33,8 million funt evaziga olingan o‘zbek futbolchisini asosiy tarkibga qo‘yish “Siti” uchun eng to‘g‘ri qaror bo‘lishi mumkin.

Shu tariqa, 14-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:30 da “Etihad” stadionida start oladigan Manchester derbisi nafaqat jamoalar taqdiri, balki Abduqodir Husanovning yangi pozitsiyada qanday harakat qilishi bilan ham qiziqarli kechishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov derbida o‘ng qanotda sinab ko‘rilishi mumkin