22:05 / 25.09.2017
3 426

Terma jamoamizni boshqargan so‘nggi to‘rt murabbiyning to‘rt sifati

Terma jamoamizni boshqargan so‘nggi to‘rt murabbiyning to‘rt sifati
O‘zbek futboli hozir uzoqqa yugurish oldidan biroz tin olib turgan atletga o‘xshaydi. Gavda biroz oldinga egilgan, nigohlar yerga qadalgan va ruxsat berilgani hamono oldinga otilishga shay.
Har holda federatsiya rahbariyati o‘zgargandan so‘ng hamma yaxshi yangilik kutmoqda. Eng intiq qilgan xabar esa, shubhasiz, O‘zbekiston termasi bilan bog‘liq. Milliy jamoaga qachon yangi bosh murabbiy tayinlanadi?

Asosiy masala shunda. Ammo shu bilan birga boshqa mulohaza ham bor - yaqin orada termamizni hech qanday musobaqa kutmayapti.

Shunday ekan, o‘yini yo‘q jamoaga murabbiy olib kelish shartmi? Shart bo‘lsa, ushbu vazifaga qanday mutaxassis tayinlanishi lozim?

BIZGA KIM KERAK?


O‘zbekiston termasiga qanday murabbiy darkorligi haqida gapirishdan oldin, uning qanday sifatlarga ega bo‘lishi shartligini ham ko‘rib chiqsak, zarar qilmasa kerak. Buning uchun o‘tgan yillar mobaynida milliy jamoaga ustozlik qilgan mutaxassislar nomiga murojaat etishga to‘g‘ri keladi. So‘nggi uchta bosqichda termamizni mahalliy murabbiylar boshqardi. Ular ishlagan davrda natijaga erishilmagani boshqa masala. O‘zbek futbolidan yetishib chiqqan murabbiylarning kamchiliklari bilan birga, yaxshi jihatlari ham bo‘lgani tayin. Aynan shu ikki jihatni tahlil qilish orqali, kimga nima yetishmaganini aniqlab olsak.

Demak, ishni avvalo, Rauf Inileyevdan boshlaymiz. Zero O‘zbekiston terma jamoasida xorijlik murabbiylar erasi tugab, mahalliy mutaxassislarga ishonch bildirila boshlanganda «boshqaruv pulti» aynan Inileyevga topshirilgan edi.

INILEYeV


Rauf Inileyev taktik jihatdan juda aqlli murabbiy hisoblanadi. Har holda hamma ham Osiyoning eng yaxshi murabbiyi, degan e’tirofga sazovor bo‘lavermaydi.

Aynan uning davrida O‘zbekiston terma jamoasi o‘zgacha futbol namoyish etishni boshlagan edi. Inileyevning g‘oyalarini futbolchilar juda yaxshi tushunishgan.

Xususan, Maksim Shatskix boshqa hech bir murabbiy qo‘l ostida bu qadar yengil o‘yin namoyish etmagandi. Ayniqsa, 2007 yilgi Osiyo kubogi hamon yodimizda saqlanadi.

Ammo shu bilan birga Rauf Talgatovichning kamchiliklari ham bis-yor edi. Uning davrida terma jamoaga «temir qo‘l» yetishmayotgani sezilib qoldi. Taktika bo‘lgani yaxshi, ammo murabbiy futbolchilarning bor imkoniyatini «sug‘urib» olmas ekan, nazariy bilimning foydasi ko‘p sezilmaydi. Inileyevga aynan shu narsa yetishmadi.

U futbolchilarni har qanday holatda ham maydonga bor kuchni tashlab chiqishga majbur etolmadi. Oqibatda terma jamoa og‘ir vaziyatga tushib qolganda murabbiy ham, futbolchilar ham o‘zlarini yo‘qotib qo‘-yishdi. Agar Inileyev taktik bilim bilan birga biroz qattiqqo‘llikni ham o‘zlashtirganda, hozirgacha terma jamoani boshqarayotgan bo‘larmidi?!

QOSIMOV


Mirjalol Qosimov O‘zbekiston terma jamoasini qabul qilib olganda o‘zbek futbolida eng katta hurmat va ehtiromga ega inson edi. Bu gapni hech ikkilanmay ayta olamiz. Ammo bu ehtirom yuz foiz futbolchilik faoliyati bilan bog‘liq. O‘zbekiston futbol federatsiyasining ishonch bildirishiga ham aynan shu omil sabab bo‘lgan.

Xullas, Mirjalol Qosimov futbolchilik davrida orttirgan obro‘-e’tibori bois O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruviga tayinlandi. Va shu narsa katta muammolarni keltirib chiqardi.

Har qanday sohada mas’uliyatli lavozimga tayinlanadigan inson, avvalo, bunga munosib bo‘lishi lozim. Shu joyda ishlashga haqli ekanini yillar davomida isbotlashi shart. Aks holda, muvaffaqiyatga erishishi juda qiyin kechadi.

Mirjalol Qosimov futbolchilik faoliyati davomida ko‘p murabbiylar qo‘l ostida ishlagan va ularning uslubi bilan yaxshi tanish edi. Ammo unga bir narsa yetishmas edi - tajriba. Qosimovga terma jamoadagi birinchi davri mobaynida aynan shu omil pand berdi.

Mirjalol Qosimov - talabchan murabbiy. Ammo o‘z qarashlarini futbolchilarga yetkazib berishda muammolarga duch keldi. Terma jamoadagi ikkinchi davri mobaynida ancha samarali ishladi.

JCh-2014ga chiqish uchun yetmay qolgan ikkita golni hozirga qadar eslaymiz. Biroq murabbiyning qo‘l ostidagi futbolchilarni yaxlit jamoa sifatida birlashtira olmagani ham ayni haqiqat.

ABRAMOV


Shunga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi boshqa murabbiy - Vadim Abramov davrida yaxlit kuch bo‘lib birlasha oldi. Darhaqiqat, ungacha va undan keyin bunaqa jamoani boshqa ko‘rmadik. Abramov terma jamoaga kelgandan so‘ng futbolchilar ko‘zida paydo bo‘lgan olov shu vaqtgacha ham, keyinchalik ham kuzatilmadi.

2011 yilda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi fikrimizga yaqqol isbot vazifasini o‘tashi mumkin. O‘sha musobaqaning ochilish marosimida Qatarga qarshi kechgan bahs Vadim Karlenovichning terma jamoadagi faoliyatini ta’riflash uchun tashrif qog‘ozchasidir.

Abramov har bir futbolchini tushuna oladigan murabbiy. U jamoaga eng yaxshi sharoit yaratib berish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Ushbu mutaxassis faoliyat yuritgan davrda futbolchilar terma jamoani nafaqat klub, balki o‘z manfaatidan ham ustun qo‘ya oldi.

Aytishlaricha, bir safar u hatto futbolchilarning oila a’zolari uchun ham alohida yig‘ilish o‘tkazib, terma yig‘ini davomida ortiqcha bezovta qilmasliklarini so‘ragan ekan. «Agar oilada birorta muammo tug‘ilsa, futbolchilarga emas, menga qo‘ng‘iroq qiling.

Har qancha yordam kerak bo‘lsa, tayyorman. Faqat o‘yinchilarning xayolini bo‘lmanglar. Ularning fikru-zikri oilaviy masalalar yechimi emas, balki terma jamoa o‘yinida bo‘lishi kerak», - degan edi murabbiy. Bu gapdan o‘zingiz xulosa chiqarib olavering.

Ammo Vadim Abramov ham o‘ziga yarasha kamchiliklardan xoli emasdi. U eng mas’uliyatli o‘yinlarda ko‘p bor taktik xatolarga yo‘l qo‘ydi. Osiyo kubogi yarim finalida Avstraliyaga qarshi kechgan bahsni (0:6) eslash kifoya bo‘lsa kerak.

Murabbiyning milliy jamoa boshqaruvidagi oxirgi o‘yini ham yana bir misol. Eron termasi bilan Toshkentda o‘tgan o‘sha bahsda (0:1) Karlush Keyrush aynan murabbiylik mahorati evaziga Vadim Karlenovichni mag‘lub etgan edi.

SAMVEL BABAYaN

Yuqorida O‘zbekiston termasini boshqargan murabbiylar haqida so‘z ochdik. Ochig‘i, bu ro‘yxatga Samvel Babayanni qo‘shish oldidan ancha o‘ylandik. Chunki biz milliy jamoaning ijobiy va salbiy jihatlariga to‘xtalib o‘tmoqdamiz.

Babayanning esa ikki yillik faoliyati davomida qaysidir jihati bilan muxlislarni qoyil qoldirganini eslay olmadik. Tanqid qilinmagan tomoni deyarli qolmagandir - mujmal o‘yin, bemaqsad yugurish va darvoza tomon birorta zarba berilmay tugagan uchrashuvlar kimga ham yoqadi deysiz?

Babayan qo‘l ostidagi tarkibni o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchlisi deb atagandi. Ammo mana shu o‘yinchilar bilan JCh saralashi so‘nggi bosqichida juda yomon natija qayd etdi. Qolaversa, u «Osiyoda taniqli bo‘ladigan o‘yin uslubi yaratishi»ni aytib maqtangandi. Biroq bu uslub o‘zida nimani mujassam etganini 50 yildan buyon futbolga aloqador bo‘lgan mutaxassislar ham aytib bera olishmadi.

Shunga qaramay, Samvel Babayanni ham e’tirof etadigan bitta jihat bor - omad! Tan olamiz, o‘zbek futboli tarixida hali hech qaysi murabbiy bu qadar omadli bo‘lmagandi. Suriya va Eron termalaridan mag‘lub bo‘lib, hamma umidlar so‘nishiga tayyor turganimizda Qatar Janubiy Koreyani yengib bergan.

Yana nima deyish mumkin? Babayanning omadli ekanini aytish uchun boshqa gap shart emasdir? Garchi uning davrida milliy jamoa «chok-chokidan so‘kilib ketgan» bo‘lsa ham, Babayanni aslo omadsiz murabbiylar qatoriga qo‘sha olmaymiz. Aslo!

ChEVAR


Har qancha achchiq bo‘lsa ham aytamiz, mana shu omadli murabbiydan bizga aftodahol jamoa qoldi. Hozirgi O‘zbekiston termasi - misoli kiyimi eskigan kishi. Endi uni yasantirish uchun mahoratli chevarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Ammo shunday mutaxassis bizda bormikan?

O‘zbekiston terma jamoasiga hozir Rauf Inileyevdek aqlli, Mirjalol Qosimovdek talabchan, Vadim Abramovdek ruhshunos va Samvel Babayandek omadli murabbiy kerak. Afsuslar bo‘lsinki, bu insonlarni birlashtirib, yaxlit mutaxassisga aylantirish imkoni yo‘q. Iloji topilgan taqdirda, hozir u «Barselona» yoki «Inter»da ishlayotgan bo‘lardi. Demak, bizda faqat bitta yo‘l qoladi - xorijdan murabbiy taklif etish.

XORIJLIK MURABBIY


Besh-olti yil muqaddam «Paxtakor»da ishlab ketgan Miodrag Radulovichning bir gapi bo‘lardi. Uning aytganlarini so‘zma-so‘z keltirib o‘tsak: «Mening vatanim Chernogoriyada futbolchilar «Barselona» yoki «Real» safiga qo‘shilish ilinjida to‘p surishadi. Yevropaning kuchli klublaridan taklif olish uchun mashg‘ulotga bor kuchlarini tashlab chiqishadi.

Kerak bo‘lsa, yashil maydonda jonlarini berishga ham tayyorlar. Sizda esa futbolchilarning maqsadi boshqacharoq ekan. Ular asosan ko‘proq pul topish niyatida o‘ynasharkan», - degan edi u.

Albatta, Radulovichning hamma gapi ham haqiqat emas. Masalan, Odil Ahmedov faqat boylik orttirishni o‘ylaganda, 2011 yilda «Anji» emas, «Al-Garafa» safiga qo‘shilardi. Arablar unga bir necha barobar ko‘proq pul taklif etishganini eshitganmiz. Shunday ekan, bizda ham futbolni puldan ustun qo‘yadiganlar bor. Ammo muammo shundaki, bundaylar ko‘p emas.

O‘zbekiston terma jamoasiga esa hozir aynan mana shu dunyoqarashni o‘zgartira oladigan murabbiy kerak. Agar bizda bir emas, o‘n bir nafar Odil to‘p sursa, ishonamizki, jahon chempionati yo‘llanmasi taqdirini qit’amizdagi boshqa jamoalardan ancha avval hal qilamiz.

Albatta, o‘z foydamizga. Mazkur masalaning yechimi endi O‘FFdagi yangi rahbariyatning qanday ishlashiga bog‘liq. Modomiki, biz terma jamoadagi mentalitetni o‘zgartirmoqchi ekanmiz, buning uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Besh yildan keyin o‘tkaziladigan musobaqaga tayyorgarlikni hozirdan boshlash shart.

Ishqilib, JCh-2022ga arafasida biz bunday muammolarning ijobiy hal etilgani-yu, mundialga qanday tayyorgarlik ko‘rish lozimligi haqida gapiraylik-da!

Zafar QOSIMOV

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoamizni boshqargan so‘nggi to‘rt murabbiyning to‘rt sifati