Rio—2016 Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan, keyingi yili esa Gamburgdagi Jahon Chempionatida g‘olib chiqqan bokschi Shahram G‘iyosov bilan suhbat «Olamsport» nashrida chop etildi.
- Har bir sportchining xalqaro sport arenasida erishgan ilk katta yutug‘i o‘zi uchun hamisha qadrli bo‘ladi. Keling, suhbatimizni sizning ana shu muvaffaqiyatingiz haqidagi fikringiz bilan boshlasak.
- Birinchi yutug‘im bu 2014 yili talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan. Men o‘shanda jahon chempioni bo‘lgandim. Bu mening ilk xalqaro musobaqam edi. Undan keyin esa Sidney Jakson xalqaro xotira turnirida g‘olib bo‘lganman. O‘zbekiston chempionatida kumush medal bilan taqdirlanganman. Aynan 2014 yilda Beloyarskda bo‘lgan jahon Kubogida g‘olib bo‘lib, ushbu turnirning eng yaxshi bokschisi deb topilganman. 2015 yili O‘zbekiston chempionatida odatdagidek 64 kg emas, vaznimni o‘zgartirib 69 kgda mamlakat chempioni bo‘lganman. 2016 yili Osiyo-Okeaniya mintaqasi saralash musobaqasida chempioni bo‘lib, Rio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganman. Xabaringiz bor, o‘tgan yili to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida kumush medal bilan taqdirlandim. Bu yil men uchun yana ham omaddi keldi. Toshkentda o‘tgan Osiyo, Gamburg shahri mezbonlik qilgan jahon chempionatlarida shoxsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildim. Muxlislar so‘roviga ko‘ra jahon chempionatining eng yaxshi bokschisi deb ham topildim. Buning uchun avvalo, Allohimga va meni dunyoga keltirib, ulg‘aytirgan ota-onamga, qariyb 15 yillik hamrohim Ravshan Xo‘jayevga minnatdorchilik bildiraman. Ularning yordami va ko‘magi bo‘lmaganida, men hozir qarshingizda Shahram G‘iyosov bo‘lib intervyu berib o‘tirmasdim.
- Shoxsupaga chiqqaningizda va yurtimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida, ko‘nglingizdan qanday kechinmalar o‘tadi?
- (ancha o‘ylanib turib) O‘sha paytdagi ichki kechinmalarimni ta’riflashga til ojiz. Buni boshidan o‘tkazgan sportchilarimiz juda yaxshi bilishadi. Bu har bir sportchining orzusi, maqsadi desam adashmayman. Ota-bobolarimiz bejizga mehnatning tagi rohat, deyishmagan ekan. Shoxsupaga ko‘tarilganimda qiyinchiliklar esdan chiqib ketadi. Uning gashti boshqacha. G‘alabadan keyin oladigan sovrinlaringiz bu xis-tuyg‘ularning oldida uchinchi yoki to‘rtinchi darajaga tushib qoladi. Menga hozir siz bergan savolni berishsa hamisha yuragim to‘lib ketadi.
- Boksda sportchi uchun eng kerakli narsa nima?
- Sportda ham, hayotda ham eng avvalo maqsad va o‘ziga ishonch bo‘lishi kerak! Agar inson oldiga aniq maqsad qo‘yib, shunga qarab intilsa, o‘zi istagan natijaga erisha oladi. Hayotda har qanday vaziyat bo‘ladi. Xuddi shunday sportda ham. Senga ishonadiganlar ham, ishonmaydiganlar ham bo‘ladi. Qachonki, ortdan kimdir yiqitadigan zarba bergan taqdirda ham yiqilmasliging kerak. O‘rningdan turib yana oldinga borishing, ruhan o‘zingni ko‘tarishing va buni yengib o‘tishing shart. Sportda mag‘lubiyatlar yetarlicha bo‘ladi. Shunday holatlarda sport menga emas ekan, deb tashlab ketmaslik lozim. Ochig‘i, menda ham shunday vaziyat bo‘lgan. O‘zimga aytishmasa ham, orqamdan gapirishgan. Bo‘ldi, endi u ko‘p yutqazyapti, sport uning uchun emas, borib boshqa kasbni qilsin, deganlar ko‘p bo‘lgan. Lekin men o‘zimga ishonishda davom etganman. Ota-onam, murabbiylarim, do‘stlarim menga ishonishgan.
- Agar siz futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘ynaganingizda, Xitoy yoki Janubiy Koreya darvozasini ishg‘ol qila olarmidingiz?
- Savolingiz juda joyiga kelib tushdi. Bilasizmi, men futbolni juda ham yaxshi ko‘raman. Agar bokschi bo‘lmaganimda, aniq futbolni tanlardim. Hozirgacha erishgan yutuqlarimdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, futbolda ham natija ko‘rsata olardim. Chunki, o‘zimga bo‘lgan ishonch yuqori. Bu esa muvaffaqiyatim omili bo‘lardi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega yevropalik futbolchilar gol uradi, biznikilar esa yo‘q? Bizni ulardan qayerimiz kam? Yoki bizga nima yetishmaydi? Muhtaram Yurtboshimiz sport uchun barcha imkoniyat eshiklarini ochib qo‘yganlar. Nahotki, ular shundan ham foydalana olishmaydi? Bunga javob bitta! O‘z ustida ishlashmadi va yetarlicha mehnat qilishmadi. Bu gaplarim bilan men ularni yomonlamayapman, ulardan iltimos qilyapman. Xalqimiz gapirdi, ishondi, afsuski, foydasi bo‘lmadi. Boks misolida olsak, bu sport turiga e’tibor kuchayganiga 3-4 yil bo‘ldi. Natija esa darhol ko‘zga tashlandi. Futbolga e’tibor berila boshlaganiga necha yil bo‘ldi? Hukumatning qanchadan-qancha Qaror va Farmonlari e’lon qilindi. Yetar endi, qachongacha davom etadi bu. Vatanimiz sha’ni uchun jon kuydirish vaqti keldi. Biz o‘zbekmiz – bu o‘ziga xon, o‘ziga bek degani. Har sohada har tomonlama “Bek”ligimizni ko‘rsatishimiz shart.
- Ustozlaringizning kaysi fazilatlarini qadrlaysiz va o‘zingiz uchun olgansiz?
- Shaxsan mendan ustoz chiqmaydi deb o‘ylayman. Chunki, ulardagi sabr va matonatni ko‘rganda qoyil qolganman. Birinchi sinfga borganimda hali aqlimni ham tanimasdim. Men kabi bolalarning 30 nafariga kerak bo‘lsa, 30 marta qayta takrorlab ilm berishgan. O‘zligimni tanitgan, xarflarni o‘rgatgan ustozlarga rahmat aytaman. Ustoz va murabbiylar oilasidan ham ko‘proq shogirdlari yonida bo‘ladi. Ustoz va murabbiylarimdagi ana shu sanab o‘tgan fazilatlarini qadrlayman.
- Bugun siz kabi chempionlik darajasiga yetishni orzu kilgan yosh ukalaringizna qanday maslahat berasiz? Sizningcha, ota-onasi qarshi bo‘lgan taqdirda ham taniqli sportchi bo‘lib yetishishi mumkinmi?
- Juda qiyin. Agar qattiq mehnat qilsa, peshonasiga chempionlik baxti yozilgan bo‘lsagina erishishi mumkin.
- Sizdan yaxshigina aktyor ham chiqardi, shunday emasmi?
- Shu kungacha 2-3 ta klipda suratga tushdim. Qo‘limdan keladigan ish, desam yanglishmayman. Rejissyorlar men haqimda badiiy film olishmoqchi ekanliklarini aytib qo‘ng‘iroq qilishadi. Bu juda ham yoqimli holat. Lekin bunga vaqtim yetmaydi, deb o‘ylayman. Afsus...
- Faoliyatingiz davomida siz uchun eng og‘ir kechgan uchrashuv va unda nimadan kuch olgansiz?
- G‘alaba osonlikcha qo‘lga kiritilmaydi. Barcha janglarim qiyin kechgan. Lekin eng qiyini Jahon chempionatida Buyuk Britaniya bokschisi bilan jangda kechgan. Raqibim jismonan baquvvat edi. Men esa ruhan kuchli edim. O‘shanda yurtga bo‘lgan muhabbatim menga kuch bergan.
Ustoz shogirdi hakida....
Ravshan Xo‘jayev: "Shahram 2003 yildan e’tiboran boks bilan shug‘ullanishni boshlagan. Uni sportga yo‘naltirishda otasi va amakisining alohida o‘rni bor. Ular Shahramning qalbida ilk bor boksga mehr uyg‘otishgan. U paytlarda men o‘z ustozimga yosh sportchilar bilan ishlashda ko‘maklashardim. 2005 yili esa murrabbiy bo‘ldim. Shahram o‘zining tirishqoqligi, intiluvchanligi bilan boshqalardan ajralib turar edi. U hamma narsaga tezroq erishishni, tezroq chempion bo‘lishni xohlardi. Shogirdimning yutuqlari ortida tinimsiz mehnat, tizimli mashg‘ulotlar zahmati yashirin. U o‘z orzusiga erishdi va ishlashda davom etmoqda. Bunda ozmi-ko‘pmi, mening ham xissam borligidan, yillar davomidagi mashaqqatli mehnati o‘z mevasini berganidan xursandman.
Gulmira Gulyamova suhbatlashdi “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Britaniya transport vaziri kichik yolg‘on tufayli iste’foga chiqdi
Italiyadagi xushmanzara qishloq Tramp boshqaruvidan norozi amerikaliklarga 1 dollardan uy taklif qilmoqda
Olimlar psixoz tashxisini qo‘yishga yordam beradigan yangi biomarkerni aniqladi