09:27 / 14.11.2017
5 272

Birlashgan Arab Amirliklari qanday raqib...?

Birlashgan Arab Amirliklari qanday raqib...?
Kuz fasli, yanada aniqroq aytsak, noyabr oyi Osiyoda mavsum oxiri hisoblanadi. Shuning barobarida oltin kuzda yirik turnirlar saralash bahslariga navbat beriladi - ahamiyatli o‘yinlarga.

Bu yil esa vaziyat sal boshqacha. JCh-2018 saralashi yakunlangach, noyabr oyi OFK tarkibidagi yetakchi jamoalar uchun o‘rtoqlik o‘yinlari davriga aylandi.

Misol uchun, Rossiya-2018 mundialiga birinchilardan bo‘lib yo‘l ochgan Eron termasi 9 noyabr kuni panamaliklarga qarshi o‘ynagan bo‘lsa, kecha Vensuela milliy jamoasi bilan kuch sinashdi.

Yaponlar esa ancha nomdor raqiblarni tanlashdi - Braziliya (10 noyabr) va Belgiya (14 noyabr) termalarini. Saralash guruhida bizni yana bir bora armonda qoldirgan koreyslar 10 noyabr kuni Kolumbiya termasi bilan o‘ynashdi va endi serblarga qarshi maydonga tushishadi.

Saudiya Arabistoni termasi ham munosib sparring-raqiblar topdi - Portugaliya (10 noyabr) va Bolgariya (13 noyabr). Bular - OFKdan JChga yo‘l olgan jamoalar.

Biz kabi mundial yo‘llanmasidan quruq qolgan BAA termasi esa 10-kuni Gaiti jamoasi bilan o‘ynadi. Umuman, terma jamoamiz ham endi o‘rtoqlik o‘yinlari tashkillashga alohida e’tibor qaratishi shart.

Chunki oldimizda Osiyo kubogi-2019 turibdi. Demak, 2018 yil uchun «o‘toqlik»lar loyihasini hozirdan tayyorlash maqsadga muvofiq.

Bugungi raqibimizga kelsak, milliy jamoamiz 1996-2014 yillar oralig‘ida BAA termasi bilan jami 15 marta to‘qnash kelgan. Shu o‘yinlardan 6tasi o‘rtoqlik maqomida bo‘lib, ularning barchasi mehmonda tashkillashtirilgan.

Aytish o‘rinli, shu kunga qadar milliy jamoamizga eng ko‘p ro‘baro‘ bo‘lgan raqib ham aynan BAA termasidir. 1996 yil 19 va 26 noyabr. Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti - Abu-Dabidagi «Zayd Sport Siti» arenasida XI Osiyo kubogi oldidan ikki jamoa o‘rtasida birdaniga 2ta «o‘rtoqlik» uyushtirilgandi.

Ayni o‘sha uchrashuvlar ayniqsa, biz uchun katta ahamiyat kasb etardi. Zero, jamoamiz Osiyo futbolining bosh musobaqasida debyut qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgandi.

Qolaversa, 19 noyabr kuni milliy jamoamizning chinakam o‘rtoqlik o‘yinlari hisobi ochilgandi. O‘sha tarixiy o‘yinda bosh murabbiy Bahodir Ibrohimov quyidagi tarkibga tayangandi: Pavel Bugalo (Dmitriy Bashkevich, 46), Tohir Madrahimov (Ravshan Bozorov, 46), Farhod Magometov, Eduard Mamotov (Nikolay Shirshov, 70), Ulug‘bek Ro‘zimov, Sergey Lebedev, Ilhom Sharipov, Stepan Atoyan, No‘’mon Hasanov, Shuhrat Maqsudov (Azamat Abduraimov, 75), Dilmurod Nazarov.

Yodingizdami?
BAA termasiga qarshi ko‘plab o‘yinlarimiz o‘ta hayajonli o‘tgan. Birinchi navbatda, Shuhrat Maqsudovning maydondan chetlatilgani-yu, Maksim Shatskixning ajoyib goli yodga tushadi.

1997 yil 27 sentyabr.
JCh-98 saralashi biz uchun birinchi murakkab sinov bo‘lgandi. 1994 yili Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan ko‘plab yigitlarimiz katta hayajonda borlarini berib o‘ynashgani yodimizda.

Deylik, «Paxtakor» stadionida BAA termasiga qarshi kechgan bahs o‘sha saralash sikli doirasidagi eng dramatik o‘yin bo‘lgandi. Tezkor gol urgan (10-daqiqada) vakillarimiz 37-daqiqada ustunlikni mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Lekin Mirjalol Qosimov penaltidan foydalanolmagandi. Aynan shu omadsizlikdan 3 daqiqa o‘tmay turib, 3 nafar futbolchimiz ogohlantiriladi, ayniqsa, Shuhrat Maqsudovga ko‘rsatilgan «qizil» og‘ir botgandi.

O‘sha vaziyatda eronlik hakam Jalol Moradi raqib futbolchilari hiylasiga uchganini o‘yinni ko‘rgan xolis muxlislar yaxshi eslashadi. Xullas, shu omil sababmi, ikkinchi bo‘limda hammasi mutlaqo o‘zgarib ketib, mehmonlar ketma-ket 3ta gol urishgandi.

Ravshan Bozorovning 90-daqiqada darvozabon xatosidan foydalanib urgan goli esa natijaga ta’sir o‘tkazolmagan. 1999 yil 27 noyabr. Livanda tashkillashtirilgan Osiyo kubogi saralash bosqichiga muayyan mamlakatlar mezbonlik qilgan.

Xullas, terma jamoamiz chekiga BAAda murakkab sinovdan o‘tish tushadi. Maksim Shatskix tomonidan 71-daqiqada urilgan golga qadar hammasi BAA termasi foydasiga ishlayotgandi.

O‘sha golgacha va undan keyin ham Andrey Fyodorov boshchiligidagi himoya chizig‘imiz o‘z oldidagi vazifani sharaf bilan uddalagandi. Otabek Pirmatov esa o‘yinda Odil Ahmedovdek «stopper» rolini ideal darajada bajargandi.

Xullas, futbolchilarimiz raqibning turli provokatsion harakatlariga berilmay, ortga Osiyo kubogi yo‘llanmasi bilan qaytishadi. Marhum bosh murabbiy Mahmud Rahimovning qisqa muddatda bajargan ishi qit’ada munosib baholangani ham esimizda.

Uni yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etishadi. Afsuski, Mahmud aka bu kunlarni ko‘rmadi. Mash’um avtohalokat uni oramizdan olib ketdi.

BAA qanday raqib?
Yangi murabbiy Alberto Zakkeroni oldida murakkab vazifa turibdi - o‘ta iste’dodli avlodni qaytadan yangi manzil sari yo‘lga solish.

Xullas, italyan mutaxassisi e’tiborni oshirish asnosida terma jamoani xalqaro musobaqalarga munosib tayyorlashi kerak. Yangi murabbiy xususan, Ahmad Xalil - Ali Mabhut hujum juftligi («Al-Jazira» klubidagi superduet)ni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishi lozim. Terma jamoaning ishongan «tog‘i» - Umar Abdurahmon ham o‘zgacha stretegiyalarga muhtoj.

O‘zaro raqobat. O‘zaro hisob-kitobga kelsak, jami 15ta o‘yinda vakillarimiz 3ta g‘alaba, 4ta durang va 8ta mag‘lubiyat qayd etishgan. 2014 yilning 14 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan oxirgi bahs (o‘rtoqlik o‘yini)ni yirik hisobda foydamizga hal qilganmiz.

Aytgancha, BAA termasi jamoamizni ketma-ket 3 marta yutgan. Bunday holat terma jamoamiz tarixida faqat bir marta uchragan. JCh saralashlariga alohida to‘xtalsak, o‘zaro 4ta uchrashuvning 3tasida arablar ustun kelishgan va yana birida durang qayd etilgan.

Bu o‘yinlarda raqibning 8ta goliga 3 marta javob berganmiz. Oxirgi o‘zaro o‘yin. 2014 yil 14 oktyabr. Dubay. «Dubay klub» stadioni. Hakam: Ibrohim Ali (Misr). BAA - O‘zbekiston - 0:4. Gollar: T.Kapadze (31), Mohannad Salim (45+1-avt.), S.Jeparov (68), N.Alimov, (90+3). O‘zbekiston (boshlang‘ich tarkib): E.Suyunov, Sh.Mullajonov, A.Ismoilov, Sh.Muhammadiyev, F.Sayfiyev, S.Tursunov, A.Haydarov, O.Ahmedov, T.Kapadze S.Jeparov, V.Shodiyev. Bosh murabbiy: M.Qosimov.

Ma’lumot uchun. Birlashgan Arab Amirliklari (arabchada - Davlat al Imarat al Arabiyah al Muttahhidah) - G‘arbiy Osiyodagi davlat. Yer maydoni - 83600 kilometr|kvadrat (jahon bo‘yicha 114-o‘rin). Aholisi - 9,4 million (2017 yil, jahon bo‘yicha 94-o‘rin).

Poytaxti - Abu-Dabi. Davlat boshqaruvi - federativ mutlaq monarxiya. 1971 yilning 2 dekabrida o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Rasmiy tili - arab. Pul birligi - BAA dirhami.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi - 68424 dollar (jahon bo‘yicha 7-o‘rin). Prezidenti - Xalifa bin Zayd al Nahiyon (2004 yil 3 noyabrdan buyon).

So‘nggi yillarda BAA aholisining ilm-fanga mehri ortib borayotganligi bois, mamlakatda jahon darajasidagi oliy o‘quv yurtlari, yirik kompaniyalarning ilmiy markazlari ochilyapti. 2007 yildan buyon mamlakatda Yaqin Sharq xalqaro kinofestivali o‘tkazilmoqda.


Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Birlashgan Arab Amirliklari qanday raqib...?