
Zamonaviy futbolning eng qudratli hujumchilaridan biri sanalgan Erling Xoland o‘zining samarador o‘yini va to‘purarlik siri haqida gapirdi. “Manchester Siti” hamda Norvegiya terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan 25 yoshli yulduz nafaqat maydondagi iste’dodi, balki uning ortidagi mehnat, intizom va jismoniy tayyorgarlikni ham asosiy omil sifatida tilga oldi.
So‘nggi vaqtlarda Xoland haqiqiy gol mashinasiga aylangani shubhasiz. U oxirgi 14 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 24 marta ishg‘ol etib, joriy mavsumda bir necha rekordlarni yangiladi. Shu bilan birga, u hujumdagi samaradorlikning tasodif emas, balki mashaqqatli mehnat natijasi ekanini ochiq tan oldi.
“Menda tabiatan yaxshi egiluvchanlik bor, ayniqsa, son qismida. Bu men uchun juda muhim jihat. Agar shu xususiyatni yo‘qotsam, qanday qilib to‘p kiritaman? Maydonda “jinnicha” gollar urish uchun harakatchanlik va yengillik zarur. Bu narsa mening har bir harakatimda his qilinadi”, — dedi Xoland.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muxlislar ko‘pincha maydondagi gollar, xursandchilik va nishonlashlar orqali u haqda tasavvur hosil qiladi. Biroq futbolchining ta’kidlashicha, buning ortida soatlab davom etadigan mashg‘ulotlar, jismoniy tayyorgarlik va psixologik bosimlarga qarshi ish olib borish jarayoni yotadi.
“Hech kim mashq zalidagi mehnatimni ko‘rmaydi. Ammo aynan shu mashqlar menga har bir o‘yinda kuch va ishonch beradi. Men muxlislarim bu jihatni ham anglab yetishlarini xohlayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Erling Xoland nafaqat o‘yini bilan, balki shaxsiy intizomi bilan ham ko‘plab futbolchilar uchun namuna bo‘lib kelmoqda. U hayot tarzini qattiq nazorat qiladi — maxsus diyetaga amal qiladi, ovqatlanishda steyk va xom sut kabi tabiiy mahsulotlarni tanlaydi. Shuningdek, ko‘p hollarda taomni o‘zi tayyorlaydi.
Mutaxassislar fikricha, Xolandning bunday qat’iy rejimda yashashi uning jismoniy barqarorligini ta’minlaydi. Bu esa uning to‘purarlik samaradorligida muhim rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ham shogirdini mehnatsevarligi va harakatga bo‘lgan munosabati uchun doimo maqtaydi. Uning ta’kidlashicha, Xoland har bir mashg‘ulotda jamoadoshlaridan ko‘ra ko‘proq ishlaydi va o‘zini doimo yangi cho‘qqilarga sinab ko‘rishga intiladi.
Erling Xoland uchun futbol nafaqat kasb, balki hayot tarziga aylangan. Uning jismoniy va ruhiy tayyorgarlikdagi intizomi shundoq ham kuchli jamoa — “Manchester Siti”ni yanada qudratli qilayotgan omillardan biri sifatida baholanadi.
Shunday qilib, Xolandning har bir goli ortida shiddatli mehnat, kuchli iroda va doimiy o‘z ustida ishlash turibdi. Uning so‘zlari bilan aytganda, bu — “muvofaqiyatning haqiqiy poydevori”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!