date

“Chet elda ish topib beraman” degan va’dalar yana firibgarlikka aylandi

“Chet elda ish topib beraman” degan va’dalar yana firibgarlikka aylandi

Andijon va Samarqand viloyatlarida fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilib, ularning pullarini o‘zlashtirgan shaxslar faoliyati fosh etildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.” MCHJ rahbari M.J. 8 nafar fuqaroni aldab, ularni Angliyaga ishga yuborishini aytgan. U shu yo‘l bilan 12 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyoji uchun sarflagan.

Shuningdek, Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida yana bir shunga o‘xshash holat aniqlandi. Fuqaro J.A. o‘zini “ish tashkilotchisi” sifatida tanishtirib, boshqa bir fuqaro X.A.ning ishonchiga kirgan va uni “Germaniyada ishga joylashtirish” bahonasida 1300 dollar olgan. U pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar bu kabi holatlar so‘nggi yillarda ko‘payganini ta’kidlab, fuqarolarni xorijda ishga joylashishni faqat rasmiy litsenziyaga ega agentliklar orqali amalga oshirishga chaqirmoqda. Har qanday shaxs yoki tashkilot “tezkor viza”, “ish kafolatli” yoki “arzon yo‘llanma” taklif qilsa, bunday takliflarga ishonmaslik tavsiya etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Chet elda ish topib beraman” degan va’dalar yana firibgarlikka aylandi