22:20 / 22.03.2018
4 268

Pro-Liga yangi formatda o‘tkaziladi

Pro-Liga yangi formatda o‘tkaziladi
O‘zbekiston professional futbol ligasi nufuzi jihatdan Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi Pro-Liga formatini o‘zgartiradi, deb xabar beradi PFL sayti.

O‘zbekiston professional futbol ligasi nufuzi jihatdan Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi Pro-Liga formatini o‘zgartiradi. Bu haqdagi qaror O‘FA Ijroiya qo‘mitasi Byurosi tomonidan qabul qilindi.

Bungacha Pro-Ligada 16 ta jamoa ishtirok etishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, musobaqa 25 mart kuni start olishi rejalashtirilgandi. Ammo PFLga shundan keyin ham bir qator klublar murojaat bilan chiqishda davom etdi. Ijroqo‘m a’zolari esa mamlakat futbolining rivoji yo‘lida takliflarga ijobiy javob qaytarishga qaror qildi.

Nega shunday bo‘ldi?
Buning bir qator sabablari bor. Shulardan birinchisi futbolga o‘z sarmoyasini kiritishni niyat qilgan xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdir. To‘g‘ri, ayni holatda ular birdaniga superklubga asos solishi qiyin. Biroq O‘FA futbolni rivojlantirishning muhim faktorlaridan biri bo‘lgan klublarni xususiylashtirish masalasini bir chetda qoldira olmaydi. Ya’ni, xususiy klublarga bosqichma-bosqich rivojlanib borish uchun imkoniyat beradi.

Ikkinchidan. Superliga jamoalari soni 12 taga qisqartirildi. Bu bilan elitada to‘p suradigan futbolchilarning umumiy soni ham kamaydi. Natijada Superligada to‘p surish istagida bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida raqobat oshdi. Endi esa raqobatda yutqazib qo‘ygan futbolchilar qo‘nim topishi mumkin bo‘lgan ob’ektlarga ehtiyoj bor. Pro-Liga esa bu borada yuqoridagi kabi futbolchilarga imkoniyat taqdim etishi mumkin.

Uchinchidan. Futbol hamisha muxlislar uchun o‘ynaladi. Shuningdek, Pro-Ligada ishtirok etish istagida bo‘lgan ba’zi klublar muxlislaridan O‘FAga doimiy ravishda murojaatlar kelib tushadi. Bu esa ma’lum shahar yoki tuman rahbariyatini harakatga keltirib, ularda ham futbol rivojiga hissa qo‘shish fikri paydo bo‘ladi.

Jamoalar soni nechta bo‘ladi?
Superligaga yo‘llanma beruvchi ligada farm-klublarning to‘p surishi mantiqqa biroz to‘g‘ri kelmasdi. Shu holat hamda klublarning o‘z iltimoslari inobatga olinib, “Bunyodkor” va “Paxtakor” farm-klublari Pro-Ligadan o‘chirildi. Aksincha, yaxshi niyat bilan katta futbolga qadam qo‘yish niyatida bo‘lgan “Xotira-79”, “Nurafshon-S”, “Labsa”, “Sherdor” kabi klublar turnirga qo‘shildi. Natijada Pro-Liga jamoalari soni 18 taga yetdi.

Klublar reytingi
Pro-Liga klublarini musobaqaga qo‘yish oldidan PFL komissiyasi ishtirokchi jamoalar infratuzilmasi bilan tanishib chiqqan. Ularning oldiga tashkilot tomonidan qo‘yilgan talablarga ayrim klublar javob beradi, ba’zilariga esa vaqt kerak. O‘z-o‘zidan o‘sha klublarnigina olib qolib, qolganlarga javob berib yuborish — yuqorida sanab o‘tilgan faktorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birgalikda PFL ham o‘z talablarida qat’iy turishni ma’qul ko‘rdi hamda Pro-Liga istagida bo‘lgan klublarning bugungi kundagi holatidan kelib chiqib, ularni ikki zonaga ajratdi. Ya’ni, oldinga intilayotgan klublarga ham imkoniyat berildi:

PRO A Liga tarkibi:
“Andijon” (Andijon)
“Dinamo” (Samarqand)
“Istiqlol” (Farg‘ona)
“Mash’al” (Qashqadaryo)
“Orol” (Qoraqalpog‘iston)
“Surxon” (Surxondaryo)
“Sho‘rtan” (Qashqadaryo)
“Xorazm” (Xorazm)
“Norin” (Namangan)

PRO B Liga tarkibi:
“Iftixor” (Yoshlar ittifoqi jamoasi)
“Yozyovon” (Farg‘ona)
“Zomin” (Jizzax)
“Labsa” (Buxoro)
“Lokomotiv-BFK” (Toshkent)
“Nurafshon” (Toshkent viloyati)
“G‘ijduvon” (Buxoro)
“Sherdor” (Samarqand)
“Xotira-79” (Namangan)

PFL jamoalarni bu guruhga ajratishda ulardagi moddiy-texnik baza masalasini birinchi planga qo‘ydi. Reytingga ko‘ra saralangan 9 ta jamoa ajratib olingani bilan, Superliga uchun nazariy jihatdan Pro B jamoalarda ham imkoniyat bo‘ladi. Biroq bunda asosiy maqsad Pro-Ligada yetakchi bo‘lishgina emas, balki infratuzilmani talab darajasiga olib chiqish ham bo‘lishi shart. Chunki Superliganing talablari yuqori ekani barchaga ma’lum.

Vaziyatni yaxshilash uchun PFL 2020 yilgacha bo‘lgan kichik dastur ishlab chiqadi va klublarni yilning to‘rt choragida nazorat qilib boradi. Ya’ni, moddiy-texnik bazasi talab darajasida bo‘lmagan klublar Pro-Ligaga qo‘yilgani bilan, ular infratuzilma masalasida jiddiy ishlashi shart. Ular mablag‘ jihatdan Superliga klublari bilan raqobatlasha olmasa-da, 2—3 yil ichida maydon, baza va futbol maktabi PFLning minimum talabiga javob berishi kerak. Vaqti kelib ularning stadioniga mamlakatning eng kuchli klublari hech bir e’tirozsiz kelishi lozim. Shundan kelib chiqib, infratuzilma bosqichma-bosqich rivojlanadi. Agar har chorak tekshiruvidan keyin klublar nazoratdan o‘ta olmasa, ularga nisbatan sanksiyalar belgilanadi (umuman ishlamayotgan klublar Pro-Ligadan chetlashtiriladi).

Bunda bir narsani tushunish lozim. Hozirgi holatda chempionlik uchun kurashadigan jamoaga pul sarf etib, infratuzilmani tashlab qo‘yishda ma’ni yo‘q. Chunki Superliganing talabi doim yuqori bo‘lib qolaveradi. Shundan kelib chiqib, asosiy e’tibor infratuzilmaga qaratilishi mantiqliroq. O‘FA esa faqatgina shu shart bilan talabgor klublarga Pro-Liga eshiklarini ochdi.

Format qanday bo‘ladi?
Rejaga ko‘ra, har ikki guruh jamoalari to‘rt davrali (2 ta uyda va 2 ta safarda) o‘yinlar o‘tkazadi — 32 (jami 36) ta tur. Unga ko‘ra, Pro A’da yetakchi bo‘lgan jamoa Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. PRO A liganing so‘nggi jamoasi PRO B ligaga tushib ketsa, PRO B g‘olibi, PRO A ligaga yo‘llanma oladi. PRO A liganing 2 va 3-jamoalari esa Pro B’da mos ravishda 2 va 1-o‘rnini egallagan klublarga qarshi o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi. G‘oliblar Superligada 10 va 11-o‘rinni egallagan klublarga qarshi pley-off o‘yini o‘tkazadi.

Eslatma:

Mavsum davomida qaysi zonada bo‘lishidan qat’iy nazar biror bir jamoa yarim yo‘lda turnirdan chiqib ketsa, 2019 yilgi mavsumda o‘ynash imkoniyatidan ham mahrum etilishi mumkin (bu masala O‘FA Ijroiya qo‘mitasi Byurosi tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi).

Xulosa:
O‘FA barcha uchun imkoniyat eshiklarini ochishga qaror qildi. 2018 yilgi mavsum Pro-Liga talabida bo‘lgan klublarning haqiqiy imkoniyatini ko‘rsatib beradi va kelgusi rejalar hamda format shuning asosida kelib chiqadi.

PFL O‘zbekiston Superligasi hamda Pro-Ligasi o‘yinlari bir vaqtda tugashi masalasini inobatga oladi. Bu har ikki liga klublari o‘rtasidagi o‘tish o‘yinlari oldidan jamoalarning jismoniy jihatdan imkoniyatlarini tenglashtiradi.

PFL O‘zbekiston Kubogi formatini o‘zgartirish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu borada ham yangilik bo‘lishi katta ehtimol. Pro-Liganing barcha ishtirokchilarida O‘zbekiston Kubogida ishtirok etish imkoniyati bo‘ladi. Yangi format esa yaqin kunlar ichida e’lon qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pro-Liga yangi formatda o‘tkaziladi