
Toshkent shahrida yo‘l harakatini boshqarish bo‘yicha yagona markaz tashkil etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Markaz transport va piyodalar oqimini tahlil qiladi, intellektual transport tizimini boshqaradi, avtoturargohlar, elektromobillar uchun quvvatlash infratuzilmasi va shahar transport rejasini ishlab chiqishda mas’ul bo‘ladi. So‘nggi yillarda Toshkentda jamoat transporti tarmog‘i sezilarli darajada kengaytirildi: avtobuslar soni qariyb 1,9 mingtaga yetdi, interval 15 daqiqagacha qisqardi, metro tarmog‘i esa 70,5 kilometr va 50 bekatga kengaydi.
Yangi markaz kameralar, datchiklar va GPS ma’lumotlaridan hamda sun’iy intellektdan foydalanib, tirbandliklarni bashorat qiladi, yo‘nalishlarni optimallashtiradi, svetoforlarni moslashtiradi va yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha tezkor xizmatlarni safarbar qiladi. Ushbu loyiha yo‘l harakati vaqtini qisqartirishi, tirbandliklarni kamaytirishi va favqulodda xizmatlarning o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlashi kutilmoqda.
Pilot loyiha joriy yilda ishga tushirilishi va 2030 yilga kelib mamlakat bo‘ylab kengaytirilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.