18:25 / 03.04.2018
2 810

Pro-liga uchun ortiqcha “pley-off” o‘yinlari nimaga kerak?

Pro-liga uchun ortiqcha “pley-off” o‘yinlari nimaga kerak?
Gap shundaki, gazetamizning ikkinchi sahifasida muntazam yoritiladigan mulohazalarda milliy chempionatimiz formatini yangilash masalasi 2015 yilda ko‘tarilgan va asosli takliflar bildirilgandi. Quvonchlisi, o‘sha takliflar asosida Superliga formati belgilandi.

Buning uchun futbolimiz mutasaddilari va mutaxassislaridan minnatdormiz, albatta. Biroq o‘sha takliflarning bir qismi Superliga bilan bog‘liq bahs-munozaralar sababli biroz e’tibordan chetda qoldi. O‘sha mulohazada oliy yoki birinchi liga emas, balki milliy chempionatimiz formatini kompleks yangilash masalasi kun tartibida ko‘rilgandi.

Unga ko‘ra, oliy ligani “Bosh liga” birinchi ligani “Avangard liga” deb nomlash va qayta tashkillash, ikkinchi liga maqomidagi havaskorlar ligasini tuzish nazarda tutilgandi. Afsuski, oliy va birinchi ligaga “Superliga” va “Pro-liga” deb nom berildi. Mayli, endi nomlarga ko‘nikamiz.

Lekin kelajakda amalga oshiriladigan loyihalar nuqtai nazaridan bu nomlar mohiyatni ifodalay olmasligini va ularda o‘ziga xoslik yo‘qligini aytishimiz darkor. Zero, taraqqiyot shu kabi mulohazalardan boshlanadi.

Yana milliy chempionatimiz formati masalasiga qaytamiz.

Xullas, o‘shanda Pro-liga taqdiriga oydinlik kiritilmadi. Natijada, bu muammo so‘nggi kunlarda yana yuzaga qalqib chiqdi. To‘g‘ri, futbolimiz yangilanish va tajribalar davrida yashamoqda.

Ammo Pro-liga formati masalasi bu qadar ortga surilib ketmasligi kerak edi. Chunki, kechikkan ishni bajarish chog‘ida, baribir, ayrim jihatlar aql ko‘zidan nari qochadi. Nazarimizda, Pro-liga formatida ham shunday nuqson ko‘zga tashlanmoqda.

Savol tug‘iladi: nima uchun “V” guruhida birinchi va ikkinchi o‘rin hamda “A” guruhida ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar o‘rtasida o‘tish o‘yinlari o‘tkaziladi? Bu hol sport tamoyillariga zid emasmi? Xo‘sh, “V” guruhining qaysi vakili Superliga yo‘llanmasi uchun kurashishga tayyor?

Dadil aytish mumkinki, hech biri! “A” guruhining kamida oltita vakili esa yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan umidvor va bu umidvorlik zamirida asoslar yetarli. Shunday ekan, hozir ham, mavsum yakunida ham saviya jihatidan yaqqol farq­lanib turishi aniq bo‘lgan jamoalar o‘rtasida o‘tish o‘yinlarini tashkillashdan aslida hech qanday mantiq yo‘q.

Fikrimizcha, ortiqcha o‘tish bahslarini tashkillash g‘oyasi Pro-liga ishtirokchilarini ikki guruhga ajratilishi natijasida tug‘ilgan. “V” guruhi vakillari o‘zlarini kamsitilgandek his qilmasliklari uchun shunday yo‘l tutilgan, shekilli. Endi mavsum yakunida ikki kuchli jamoa ikki nisbatan zaif raqib bilan kuch sinashadi.

Falakning gardishi bilan ortiqcha “pley-off”da infratuzilmasi kuchsiz jamoa g‘olib chiqsa, nima bo‘ladi? U holda, Superliga autsayderiga imkon beriladimi yoki “A” guruhining yengilgan jamoasi yo‘llanma uchun yana qo‘shimcha bahsda qatnashadimi?

Oxir-oqibat PFL Superliganing 11- va 12-ishtirokchisini sport tamoyillariga emas, balki vaziyatga qarab tanlamaydimi? Mutasaddilarning vaziyat taqozosi bilan majburiy o‘zgarishlarga qo‘l uraverishlari muxlislar qalbida uyg‘onayotgan ishonchga soya solmaydimi?

Shunday og‘riqli savollar tug‘ilmasligi uchun biz ancha avval Pro-liga bahslarini ham Superliga formatida o‘tkazish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagandik. Ana o‘shanda Pro-ligada ham, havaskorlar ligasi, ya’ni ikkinchi ligada ham 12tadan jamoa bahslarda ishtirok etardi.

Shunda milliy chempionatimizda hozirgidek 30ta emas, balki 36ta jamoa to‘p surishiga sharoit yaratilardi. Balki PFL nomidan kelib chiqib ikkinchi ligani yoshlar ligasi, deb atalar?!

Eng muhimi, uchchala ligada ham musobaqalarni o‘tkazish reglamenti bir xil bo‘lishi, “oltin ochko” qoidasi saqlanishi lozim. Uzr, real voqelikdan yana takliflarga buribmiz.

Nima deb o‘ylaysiz: bu yaxshimi yoki yomon? Bizningcha, takliflarning bo‘lgani yaxshi. PFL bu mavsum bo‘lmasa, keyingisida mazkur mulohaza-takliflarni hisobga olar, ehtimol. Harqalay, mavsum yakunidagi ortiqcha “pley-off”lar na muxlisga, na yetakchi klublarga yoqadi.

Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pro-liga uchun ortiqcha “pley-off” o‘yinlari nimaga kerak?