
Indoneziya poytaxti Jakartada juma namozi chog‘ida masjid ichida kuchli portlash yuz berdi. Hodisa 7-noyabr kuni Kelapa Gading shahridagi maktab majmuasi hududida joylashgan ibodatxonada sodir bo‘lgani haqida Reuters xabar tarqatdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash natijasida kamida 50 nafar kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ulardan ayrimlari og‘ir holda shifoxonaga yotqizilgan. Shahar politsiyasi boshlig‘i Asep Edi Suheriyning aytishicha, hodisa sabablari hozirda tergov organlari tomonidan aniqlanmoqda.
“Jami 54 kishi jarohat oldi. Ular orasida yengil shikastlanganlar ham, kuchli kuyish olganlar ham bor”, — dedi politsiya rahbari.
Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, portlash juma xutbasi boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tgach sodir bo‘lgan. “Birdaniga qattiq portlash tovushi eshitildi, hona ichi qora tutun bilan to‘ldi. Odamlar yugurib chiqdi, bolalar yig‘lashardi, ayrimlar esa qo‘rqib yiqildi”, — deydi masjidda bo‘lgan matematika o‘qituvchisi Budi Laksono.
Portlashda jarohatlanganlarning ko‘pchiligi shisha sindiriqlari va tovush to‘lqinlaridan shikast olgan. Ularga dastlabki tibbiy yordam Kelapa Gading tumani klinikasida ko‘rsatilgan.
Tergovchilar hozirda bir nechta ehtimoliy sabablarni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida elektr simlari qisqa tutashuvi, elektron uskunalardagi nosozlik va qo‘lbola portlovchi qurilmadan foydalanish ehtimoli ham bor. Voqea joyini ko‘zdan kechirish vaqtida politsiya shubhali buyumlar — pnevmatik qurol, revolver turidagi o‘qotar asboblar va masofadan boshqarish pultlari topilganini ma’lum qildi.
Hozirda barcha dalillar ekspertizadan o‘tkazilmoqda, tergov ishlari esa Indoneziya ichki ishlar va xavfsizlik idoralari nazorati ostida davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!