date

Eldor Shomurodov turk futbolida janjal markazida

Eldor Shomurodov turk futbolida janjal markazida
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "Istanbul Bashakshehir" klubi hujumchisi Eldor Shomurodovning "Antalyaspor"ga qarshi o‘yinda kiritgan gollari (4:0) turk futbolida katta janjalga sabab bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘istonning yirik sport portali "Sports.kz" xabar berdi.

Mazkur o‘yinda o‘zbekistonlik hujumchi 22-daqiqada hisobni ochdi va o‘yinning so‘ngida yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Keyingi turda esa u "Kodjaelispora" qarshi bahsda yagona va g‘alabali golni kiritdi.

Ammo "Bashakshehir"ning yirik g‘alabasidan so‘ng mag‘lubiyatga uchragan "Antalyaspor" bosh murabbiyi Erol Bulut shov-shuvli bayonot bilan chiqdi va bu holat raqib tomonida norozilikni keltirib chiqardi. Bulut matbuot anjumanida "Antalyaspor"dan kimdir "Bashakshehir" murabbiylar shtabiga ichki ma’lumotlarni yetkazgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Uning fikricha, ushbu "axborot sizdirilishi" yirik mag‘lubiyatga olib kelgan. Bu so‘zlar "Bashakshehir" tomonidan halol o‘yin tamoyillariga qarshi ayblov sifatida qabul qilindi.

Shundan so‘ng "Istanbul Bashakshehir" rasmiy bayonot bilan chiqib, o‘zining halol o‘yin tamoyillariga sodiqligini ta’kidladi. Klubning bayonotida murabbiylar shtabi va futbolchilar faqat o‘z ishlariga e’tibor qaratishlari va raqib haqida maxfiy ma’lumotlarga ega emasliklari qayd etilgan.

Klub shuningdek, har bir jamoa o‘z bayonotlari uchun javobgarlikni zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi. "Bashakshehir" bosh murabbiyi Nuri Shohin ham har qanday shubhalarni rad etib, o‘z faoliyati davomida sport tamoyillariga zid hech qanday harakat qilmaganini bildirdi.

U jamoasining yutuqlari kundalik mehnat natijasi ekanligini ta’kidladi va bu "asoslanmagan da’volar" sababli klub uchun noqulay vaziyat yuzaga kelganidan afsusda ekanligini aytdi. Endilikda futbol muxlislari ushbu mojaroning qanday rivojlanishini diqqat bilan kuzatmoqda.

Ular mazkur nizolar maydondagi o‘yinlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga umid qilishmoqda. "Istanbul Bashakshehir" muxlislari esa Shomurodovning gollari seriyasining davom etishini kutishmoqda.

Qayd etish lozimki, joriy mavsumda Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida 11 ta o‘yinda 7 ta gol urib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov turk futbolida janjal markazida