18:47 / 12.09.2018
3 316

Kuper terma jamoamizni qanday oʻzgartirmoqchi? Tahlil (foto)

Kuper terma jamoamizni qanday oʻzgartirmoqchi? Tahlil (foto)
Ikki oʻyindan kelib chiqib, murabbiyga ijobiy yoki salbiy baho berish mumkinmi? Masalan, jurnalistlar eronliklar terma jamoasi ustozi Karlos Keyrushdan uning jamoasiga qarshilik qilgan “Oʻzbekiston”lar ichida qaysi murabbiyning (Abramov, Qosimov, Babayan, Kuper) jamoasi kuchliroq ekanini soʻrashdi. Aslida, bu jamoalarni solishtirish notoʻgʻri deb oʻylayman.

Birinchidan, Eronga qarshi oʻynagan terma jamoalarimiz turli davrlarda va tayyorgarlik bosqichlarida edi. Osiyo kubogi va saralashning ikki bosqichini birga bosib oʻtgan Abramov jamoasini ikki haftacha oldin ilk marta yigʻilgan Kuper jamoasi bilan teng koʻrish toʻgʻri emas.

Ikkinchidan, avvalgi oʻyinlar rasmiy maqomda boʻlib, murabbiylarimiz, albatta, raqib ham, avvalo, ochko qoʻlga kiritish uchun maydonga tushishgan. Kuper esa, boshqa pallada turibdi.

Uchinchidan, Keyrush bilan yetti yil birgalikda salkam klubga aylanayozgan Eron bilan 2012 yildagisini solishtirishdan ham maʼno yoʻq.

Murabbiyning tayinlanishi biror bir isteʼfodan keyin, masalan, qandaydir turnir davomida amalga oshsa, ilk oʻyinlardayoq, uning ishi koʻzga tashlanadi. Sababi, odatda, bunday holatlarda murabbiylar ishlab turgan uslub va taktikalarni oʻzgartirishga qoʻl urishmaydi. Shunchaki, muvaffaqiyatsizliklardan yigʻilib qolgan salbiy hissiyotlar yoʻqolib, oʻyinga qoʻshimcha chizgilar berilishi (ishlab turgan murabbiy jarayonning ichiga tushib ketib, koʻpincha xatolarini payqamay qoladi, yangi kelgan murabbiy esa, chetdan kuzatuv yordamida muhim nuqtalarni payqashi va ijobiy turtki berishi mumkin) hisobiga jamoa kuchayadi. Qosimov Inileyev va Abramov oʻrniga kelganida ham, Babayan Qosimovdan soʻng tayinlanganda ham, aynan shu jihat yordamida terma jamoa natijalari yaxshilanib, murabbiy ishi darhol koʻzga tashlangandi.

Hozir boshqacha holat. Ektor Kuperga Osiyo kubogiga tayyorgarlik vazifasi topshirildi va uning ixtiyorida yetarli vaqt bor. Tabiiyki, murabbiy avvalo, oʻz jamoasini qurish, futbolchilarni oʻz falsafa va gʻoyalariga moslashtirish yoʻlidan boradi. Kapadzedan qabul qilib olingan jamoa bilan birdaniga gʻalabalar qozonishni oʻylasa, xato boʻlishi shubhasiz. Shu tomondan, Kuperni 2010 yildagi Abramov yoki 2007 yil boshidagi Inileyev holati bilan solishtirish mumkin. Apreldan boshlab juda koʻp oʻrtoqlik oʻyinlarida qatnashgan Abramov ilk gʻalabasini noyabr oyiga kelib qoʻlga kiritgandi.

Va yana bir katta faktor bor. Murabbiy va futbolchilar oʻrtasidagi munosabat hali toʻliq shakllangani yoʻq. Yaʼni, maydondagi oʻyinga qarab turib, murabbiy futbolchilarga aynan qanday yoʻnalishda koʻrsatma va vazifalar berganini bilish qiyin. Chunki hali yangi yuklama va koʻrsatmalarga oʻrganmagan futbolchi oʻz vazifasini qay tariqa bajara olyapti yoki yoʻq, qaysi pallalarda aynan murabbiyning aytganini qilishga urinyapti va qachon improvizatsiya qilyapti, baho berish oson emas. Agar yetarli vaqt va oʻyinlardan keyin ham, terma jamoamiz oʻyini kechagidek boʻlsa, Kuperga toʻliq savollar va ayblovlarni yoʻllashimiz mumkin – shuncha vaqtda oʻz gʻoyalarini futbolchilarga singdira olmagan yoki mos taktika tanlay olmagan deb. Bir hafta mashgʻulotlar va ikki oʻyin orqali futbolchilar tomonidan koʻrsatilgan oʻyin Kuperning miyasidagi taktikaning aksi deb ayta olmaymiz. Hali erta. Bu tushunarli.

Xoʻsh unda nima qila olamiz? Oʻyinlardan kelib chiqib, Kuper Oʻzbekistonda aynan qanday jamoa qurmoqchi ekani, qaysi yoʻnalishda ish olib bormoqchi boʻlayotgani haqida fikr yuritishimiz, terma jamoamiz kelajagi haqida taxminlar qilishimiz mumkin.

TARKIB

Kuper asosiy bahs sifatida Eron bilan oʻyinni tanladi. Suriya bilan oʻyinda kelajakda ham asosiy tarkibda tushishi aniq boʻlgan Ahmedov, Denisov, Shomurodov kabi futbolchilarni tushirmadi. Ilk oʻyinda urgʻu asosiy oʻyinchilar va Indoneziyaga ketgan yoshlardan tashqari, terma jamoamiz asosiy tarkibiga potensial nomzod sifatida qaralishi mumkin boʻlgan baʼzi nomlarni sinovdan oʻtkazishga qaratildi.

Eron bilan oʻyindan keyingi matbuot anjumanida Ektor Kuperning oʻzi ham bu farazni tasdiqladi. Argentinalik mutaxassisning aytishicha, u oʻyinlarda maydonga tushgan futbolchilardan oʻz talabiga javob bermaydiganlarni bilib olgan. Shuningdek, keyingi yigʻinlarda olimpiyachilarimiz safidan ham bir qator futbolchilar va hatto shu paytgacha terma jamoada maydonga tushmagan yangi nomlar ham paydo boʻladi.

Suriya bilan oʻynagan tarkib: Nesterov, Shorahmedov, Krimes, Ismoilov, Zoteyev, Shukurov, Ibrohimov, Gʻofurov, Rashidov, Bikmayev, Nagayev
Eron bilan oʻynagan tarkib: Suyunov, Denisov, Ismoilov, Toʻxtaxoʻjayev, Sayfiyev, Ahmedov, Shukurov, Shomurodov, Bikmayev, Rashidov, Abduxoliqov.

Nazarimda, Kuperning boʻlajak jamoasiga tarkib va taktik nuqtai nazardan eng yaqini Eronga qarshi oʻtkazilgan birinchi boʻlimdir. Aynan oʻsha boʻlimda Kuper himoya va yarim himoyaning optimalga yaqin variantini tushirdi, jamoa taktik jihatdan benuqson oʻynashga harakat qildi, jiddiy yondashildi. Ikkinchi boʻlim esa, yana yangi sinovlarga imkon yaratgani shubhasiz, buni masalan maydonda eng yaxshi boʻlib turgan Sardor Rashidovning almashtirilganidan ham payqash mumkin.

TAKTIKA VA SXЕMA

Kuper terma jamoamizga tayinlanganda, uning asosiy falsafasi tanish boʻlsa-da, aynan qaysi sxemada oʻynashi savol ostida qolayotgandi. Masalan, Misrda oʻyin uslubi Muhammad Salohning individual mahoratini hisobda olgan holda tashkil etilgan. Himoya va tayanch zonasini imkon qadar mustahkamlash va oldinda koʻproq Salohning bir necha himoyachini oʻziga qaratishi yordamida boʻsh zonalar paydo qilish. Umuman, yulduz yetakchisi boʻlgan Argentina yoki Portugaliya ham xuddi shunday qiladi. Oʻzbekiston terma jamoasida bu toifa mahorat egasi yoʻqligi bois, Kuperdan bu yerda yangi Misr kutish biroz notoʻgʻri boʻlardi.

Murabbiy faoliyatidagi boshqa muvaffaqiyatli loyiha – “Valensiya”. Kuper terma jamoamizni sof vingerlar bilan 4-4-2 (baʼzi oʻrinlarda 4-2-4, buni murabbiyning oʻzi ham aytib oʻtdi) sxemasiga moslashtirayotganini sezish qiyin emas.

Buni biz Sardor Rashidovning qaysi qanotda oʻynayotganidan osongina ilgʻab olamiz. Rashidov – chapaqay futbolchi, odatda u terma jamoamizda oʻng qanotda harakat qilardi. Bu unga kerak paytda markaz tomon toʻp bilan harakatlanish (va baʼzida zarba berish) imkonini oshirardi. Chap qanotda Rashidov bunday imkoniyatga ega boʻlmaydi, ammo koʻproq vertikal oʻynash va raqiblardan qochib ketish, kengroq hujum qilish uchun chap tomon imkoniyat yaratadi. Demak Kuper markazda yoki yarim-qanotda son jihatidan ustunlik qilish emas, aynan keng zonalar bilan va tezkor hujum qilishni afzal bilgan.

SALOM, 4-4-2!

Bu sxema ayniqsa, 90-yillarda Angliyada urf boʻlgan, xususan qanotlarda Giggz va Bekhem toʻp surgan “Manchester Yunayted” bu sxemani choʻqqiga olib chiqqan. Ektor Kuper ham “Valensiya”da sof vingerlardan foydalanar va xuddi shu sxemada muvaffaqiyat qozongandi.

Gvardiola va yana boshqa bir qator murabbiylar “total futbol”ni qaytarishgach, bu uslub biroz chekingandek boʻldi va jamoalar imkon qadar maydon markazida koʻproq futbolchi bilan oʻynay boshlashdi. 4-4-2 oʻrniga 4-2-3-1 yaqqol afzal sxema sifatida koʻrilib, bu yerda qanot hujumchilari koʻproq markazga yaqinroq (xuddi oʻng qanotdagi Rashidov singari) boʻladi va qanot toʻligʻicha bir futbolchiga – faol qanot himoyachisiga topshiriladi.

4-4-2 sxemasining uzlatga chekinishiga yana bir sabab, Yevropadagi aksariyat jamoalar bu sxemaning romb variantini qoʻllashgan. Ikki hujumchi ortida hujumkor yarim himoyachi, asosiy pleymeyker joylashadi. Asta-sekinlik bilan raqib jamoalar personal taʼqib orqali bu futbolchini sheriklaridan uzib, butunlay oʻyinni buzib tashlay boshladilar. Yuqorida, aynan “MYU”ni misol keltirganimning sababi bor. Fergyuson 4-4-2 sxemasining chiziqli variantini, yaʼni markaziy yarim himoyachilarning bir chiziqda joylashishini (romb emas) sinagandi. Bu variantda himoyalanishda ham, hujum qilishda ham manevrlari bir biriga yaqin boʻlgan (Kin va Skoulz) ikki futbolchi markazga joylashadi va straxovka yordamida, doimiy ravishda bir birini qoʻllab, raqibning xos taʼqibiga yoʻl bermaydilar.

Bugunga kelib, 4-4-2 butunlay eskirdi, deb boʻlmaydi, aksincha, yangi davrda koʻpgina jamoalar asta-sekin bu uslubga murojaat qilibgina qolmay, muvaffaqiyat qozonmoqda. Simeonening “Atletiko”si, Germaniyada “Borussiya” M va “Ayntraxt” shular jumlasidandir. Sezgan boʻlsangiz, endi 4-4-2 asosan cheklangan resurs bilan kuchliroq jamoalarga qarshilik koʻrsata olishda yordam beradi. Masalan, bu mavsumda Xavi Grasiya “Uotford”da 4-4-2 ni asosiy taktika sifatida qoʻllay boshladi va bu yomon natija bermayapti. Yoki ikki yil oldin Angliyada chempion boʻlgan “Lester”ni olish mumkin. Koʻrib turganingizdek, bu jamoalar 4-4-2 sxemasining samaraliroq boʻlgan chiziqli variantini tanlashgan va yarim himoyaga (Koke-Gabi, Drinkuoter-Kante, masalan) oʻxshash futbolchilarni joylashtirishgan.

Oʻzbekiston terma jamoasi yulduzli tarkib boʻyicha kamida toʻrt jamoa – Eron, Koreya, Yaponiya va Avstraliyadan ortda qolishi, yaʼni jahon chempionati saralashi, Osiyo kubogi kabi turnirlarda resurslarimiz asosiy raqiblarimizga nisbatan cheklanganini inobatga olsak, bu uslub agar yaxshi ijro etilsa, samarali boʻlishi mumkin.

USTUNLIKLAR

4-4-2 zonal himoyalanishda juda katta ustunlik beradi. Qanotda. Markazda, hujumda, umuman maydonning har bir hududida bir emas, futbolchilar juft shaklida harakatlanishadi va doimiy ravishda bir-birlarini straxovka qilishadi. Qanot yarim himoyachisi qanotda himoya oldidagi ilk toʻsiq vazifasini bajaradi, hujumchilardan biri doimiy ravishda ikki markaziy yarim himoyachilarning oʻrtasini yopadi, shu tariqa raqibga maydonning har burchagida toʻpni erkin nazorat qilish imkonini bermaydi.

Bu yerda asosiy talab futbolchilarning yuksak jismoniy tayyorgarligidir. Yaʼni qachonki, futbolchilar butun oʻyin davomida toʻxtamasdan, bir xil tempda harakat qilsalargina, muvaffaqiyat qozonilishi mumkin. Ektor Kuper oʻyindan keyin mana shu jismoniy holatga urgʻu berib, balki shogirdlarida butun oʻyinni shu tempda oʻtkazishga kuch qolmaganini aytdi. Rostan ham, eʼtibor bersak, birinchi taymda Eron darvozamizga u qadar xavf solmayotgandi, shuningdek, Rashidov yoki Shomurodov birinchi taymni yomon oʻynamagan holda, erta almashtirilganiga eʼtibor bering. Misol uchun, Yunus “Ayaks”ning eng muhim futbolchilaridan biri sanaladi, ammo oʻtgan mavsumda De Bur 34 oʻyindan 20tasida uni ikkinchi taymda almashtirgan. Oson emas.

HUJUM TASHKIL QILISH

Eron bilan oʻyin oldidan jurnalist Kuperdan “Siz Suriya bilan oʻyinda asosiy vazifa sifatida himoyaga eʼtibor qaratib, endi Eronga hujumga urgʻu berasizmi?” deb soʻraganda, Kuper rad qildi. Murabbiy savol bunday qoʻyilmasligi kerakligini, aslida hujum ham, himoya ham bir-birini toʻldiradigan sohalar ekanini aytdi.

Toʻgʻri. Ammo Eronga qarshi oʻyinda himoyaga boʻlgan eʼtibor hujum tashkil qilishda pand berdi. 4-4-2 da, maʼlumki, maydon markazida toʻpni nazorat qilish oson emas. Urgʻu ikki qanotga qaratiladi va bu yerda qanot himoyachilarining oʻrni juda muhim. Futbolni matematik analiz qiladigan mutaxassislar aslida 4-4-2 da maydonning eng oxirgi fazasida toʻpga egalik qilishda ham, himoyadan hujumga toʻpni olib borishda ham eng koʻp kombinatsiyalar mavjudligini aniqlashgan ekan.

Buning uchun qanot himoyachisi, vinger va mos markaziy himoyachi (oldingi chiziqda ikkinchi hujumchi) birgalikda uchburchaklar hosil qilgan holda raqib eʼtiborini qaratishlari va qarshi tomonda yoki jarima maydoni yaqinida boʻshliqlar paydo qilishlari oson kechadi. Bir qanotda doimiy ravishda ikki futbolchining boʻlishi naqadar yaxshi – majburiy ravishda raqibning qanot futbolchisiga yordam sifatida kimdir keladi, yana boʻshliqlar yuzaga keladi. Shu bilan birga, hujumchilardan biri doimiy ravishda orqaga qaytishi va oʻsha kerakli son ustunligini yaratishi mumkin. “Real” ikki hujumchi bilan oʻynaganda Benzema yoki “Atletiko”da Grizmann xuddi shu vazifani bajaradi. Bir paytdar “MYU”da Koul-York juftligi navbati bilan shu ishni amalga oshirishardi.

Terma jamoamizning kechagi oʻyinida bu jihat yetishmadi. Butun oʻyin davomida Vitaliy Denisov biror marta ham hujumni qoʻllab-quvvatlamadi. Bikmayev ham, Abduxoliqov ham, bir paytlar Geynrix ideal tarzda mos kelgan rolni bajara olishmadi. Denisov va Sayfiyevning hujumga qoʻshilmasligi Erondan hayiqishmi yoki uslubning hali yetilmaganimi, bilmadim, ammo faol qanot himoyachilarisiz umuman pozitsion hujum qila olmadik. Rashidov ham, Shomurodov ham toʻpni egallaganda faqat toʻp bilan oldinga yugurishdan boshqa chora topa olmadi. Himoyachilar oldinga sinxron harakatlanishmagan paytlarda, Ahmedov yoki Shukurovning hujumga yordam berishi doim raqibning xavfli qarshi hujumiga olib kelaverdi – chunki oʻrtada juda katta zona boʻsh qolardi.

Aslida, yuqorida aytilgandek, soʻnggi fazada toʻpni nazorat qilish uchun eng mos va xavfsiz koʻringan 4-4-2, himoyachilarning oldinda yoʻqliklari evaziga kuchsiz boʻlib qoldi. Terma jamoamiz standart vaziyatlarni qoʻshmaganda, raqib maydonida pozitsiya yarata olmadi.

HIMOYALANISH

Xuddi shu muammo himoyalanishda ham vujudga keldi. Aslida muammo demagan ham boʻlardim. Denisov oʻyinni juda yomon oʻtkazdi, buning sababi maʼlum, terma jamoamiz endi butunlay boshqacha himoyalanmoqda. Qanot yarim himoyachisi va hujumchilarning himoyalanishdagi ishtiroki, hamda qanot futbolchilarining oʻzaro bogʻlami hali toʻliq shakllanib ulgurgani yoʻq. Markazda Shukurov va Ahmedovning himoyachilar bilan hamohangligi u qadar oʻzgarmadi, lekin qanotda endi futbolchilarga yangi talablar, yangi yuklamalar paydo boʻldi.

Ilgari Denisov bemalol raqibga peshvoz chiqar, uni koʻrsatma asosida markaziy himoyachilardan biri quvvatlardi. 4-4-2 da endi bu bogʻlam Denisov va vingerlar oʻrtasida boʻladi. Vinger doimiy ravishda ortga qaytishi va himoyachi bilan bir-birini straxovka qilishi doimiy ravishda amalga oshirilishi kerak. Rashidov yoki Shomurodov passivlik koʻrsatgan paytda butun yuk qanot himoyachisi yelkasiga tushadi.

Yuqoridagi vaziyat, eronliklar darvozabonimiz tepgan toʻpni egallab olgandan keyin yaratilgan. Yaʼni qarshi hujum emas. Vingerlarimiz va qanot himoyachilari oʻrtasidagi masofaga eʼtibor bering – juda katta. Har ikki qanotda eronlik futbolchilar joylashishgan va bemalol toʻpni qabul qilishga tayyor turishibdi. Denisov yoki Sayfiyev bu futbolchilarni yopa olishmaydi, chunki u holda markazda juda xavfli boʻshliqlar yuzaga keladi. Vingerlarimizning oʻz vaqtida zonani yopmayotganliklari tufayli, himoyachilarimiz ikki yomondan xavfsizrogʻini tanlashga, yaʼni Eronning qanotdan hujumni davom ettirishlariga yoʻl qoʻyishga majburlar.

Oʻzaro tushunmovchilikni biz Eron gol urgan vaziyatda ham koʻrishimiz mumkin:

Goʻyoki, eronlik futbolchi ikki futbolchimizni juda chiroyli va kutilmagan tarzda aldab oʻtgandan keyin paydo boʻldi vaziyat. Lekin aslida, ikki futbolchimiz birdaniga, bir paytda hujumchiga tashlanganliklari xato boʻlgandi va bu yerda eronlik futbolchi bemalol toʻpni pas orqali ham kerakli futbolchiga yetkazib berishi ham mumkin edi. Ikki qanot futbolchilarimiz kelishilmagan holatda bir futbolchiga yaqin boʻlib qolganliklari natijasida jarima maydonida boʻshliq paydo boʻldi. Tabiiyki, markaziy himoyachilarimiz bu zonani yopish haqida oʻylamayotgan edi.

Keyingi xato Denisovda. Yuqorida rasmda koʻrib turganingizdek, eronlik hujumchi yana oson variantni tanlashi va yonidagi sherigini sariq strelka bilan koʻrsatilgan ochiq zonaga chiqarishi mumkin edi. Bu yerda sunʼiy ofsayd orqali raqibning bu variantini yoʻqqa chiqarishga urinish kuzatilmadi. Denisov ham oldinga harakatlanishda shoshilmayapti, markaziy himoyachilarimiz ham hushyorlikni qoʻldan boy berishdi.

Hujumchi boshqacha yoʻl tanladi va endi markaziy himoyachilarimiz uxlab qolishdi.

Son jihatdan ustunlik boʻlsa-da, himoyalanishda notoʻgʻri joylashuv sababli, raqibda ochiq zonalar va imkoniyatlar taqdim etish holatlari Suriya bilan oʻyinda ham koʻp kuzatilgandi. Qoʻyidagi suratga eʼtibor qarashingiz mumkin: goʻyoki butun jamoa boʻlib himoyalanyapmiz, ammo suriyalik hujumchilarning qariyb yarmi boʻsh:

SЕRGЕYEV

Murabbiylar almashaveradi, bu mavzu yoʻqolmaydi. Kechagi oʻyinda muxlislar Sergeyevga qarshi hushtak chalishdi. Bu esa hujumchini izdan chiqardi. Biz buni Ahmedovning Igorga nisbatan munosabati, oʻzini qoʻlga olishga chaqirganidan ham koʻrdik. Ha, tashqi bosim Sergeyevga salbiy taʼsir qilayotgani bor gap, muxlislarni esa, umuman oqlamayman.

Ammo bilasizmi, futbolchining vazifasi maydonda yugurish, gol urish, toʻp tepishdan tashqari, mana shunday bosimlarni yengish ham. Aniqrogʻi, mana shunday bosim ostida ham oʻsha asosiy ishini – yugurish, gol urish, toʻp tepish kabi harakatlarini amalga oshiraverishi kerak. Qulogʻiga kirib turgan ovozlar uning asosiy ishidan chalgʻitmasligi, shu holatda ham u murabbiy koʻrsatmasini yodda tutib, ochilib borayotgan sheriklarini koʻrib, undan kutiladigan harakatlarni qilishi shart. Ha oson emas, ammo shu holatda u gol urib, muxlislarga “tsss” ishorasini qilsa, barakalla.

Yoʻq, aksi boʻlsa, futbolchi navbatdagi sinovdan yaxshi oʻta olmaganini bildiradi xolos, bu muvaffaqiyatsizliklarda boshqalarning aybi yoʻq. Unga “enagalik qilish”, “tushunishga urinish” agar lozim topsa, Kuper yoki Ahmedovga havola, zinhor muxlislar yoki jurnalistlardan talab qilinadigan holat emas. Sergeyevga ishonch berildi, avvalo murabbiy va sheriklari tomonidan va agar bu ishonch boshqa bosimlar qarshisida kam tuyulgan boʻlsa, Sergeyev ayni damda terma jamoaga loyiq emas. Shu xolos.

ASOSIY SAVOLLAR

Keyingi yigʻinlarda qiziqtirishi mumkin boʻlgan asosiy savollar:

1. Kuperning oʻzi ham hujumchilar muammosini tan oldi. Taran va vaziyatlardan yaxshi foydalanish juda muhim sanaladigan bu uslubda mos hujumchi topa olamizmi?

2. Ahmedov – Shukurov juftligi maydon markazi uchun tanlangan yakuniy variantmi?

3. Yuqori jismoniy tayyorgarlik talab qilinadigan bu uslubga asosiy vaqtni klubda oʻtkazadigan futbolchilarimiz tayyor boʻla olishadimi? Terma jamoa yigʻinlarida ularning jismoniy koʻrsatkichlarini oshirish imkoni yoʻq-ku?

4. Indoneziyada toʻp surgan yoshlar ichida qaysi futbolchilar Kuperning rejalarida boʻlishi mumkin?

XULOSA

Xulosa oʻlaroq shuni aytish mumkinki, kecha va avvalgi kuni biz koʻrgan mahsulot biz kutilayotgan yillarda tomosha qilishga majbur boʻladigan terma jamoamiz emas. Bizga hali tayyor boʻlmagan mahsulot namoyish qilindi. Shunchaki, oʻyinlar Toshkentda, minglab futbol muxlislari qarshisida tashkil qilingani hisobiga ortiqcha bosim yuklandi xolos. Aslida, vaziyatga biroz xotirjam qarashimiz uchun asoslarimiz yetarli.

Yuqorida aytilganidek, oʻyinimizdagi asosiy tushunmovchiliklar va raqibning imkoniyatlari yangi murabbiyning gʻoyalari toʻliq singdirib ulgurilmagani va avvalgi murabbiylardan biroz farqli boʻlgan futbol namoyish etishga urinilayotgani sababidan yuzaga kelmoqda. Keyingi yigʻinlarda biz ijobiy tomonga burilishlarni kuzatishimiz va oʻyindagi murabbiy falsafasini yanada aniqroq va yanada mukammalroq ijroda koʻrishga umid bildiramiz. Aslida Kuper talab qiladigan oʻyinga futbolchilarimiz, futbolimizning umumiy saviyasi, jismoniy koʻrsatkichlar va bugungi salohiyat qay darajada mos, buni ham keyingi yigʻinlar koʻrsatadi.

Hozircha, sabr.
Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuper terma jamoamizni qanday oʻzgartirmoqchi? Tahlil (foto)