06:37 / 23.11.2018
3 209

Isroil Madrimov: "Havaskor boksda o‘sishdan to‘xtab qolgan edim" (foto)

Isroil Madrimov: "Havaskor boksda o‘sishdan to‘xtab qolgan edim" (foto)
Taniqli bokschimiz Isroil Madrimov 2 kundan so‘ng bo‘lib o‘tadigan prof boksdagi debyut jangidan nimalar kutayotgani va katta boks olami haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

24 noyabr kuni AQShning Atlantik-Siti shahrida tashkil etiladigan boks kechasida yurtdoshimiz Isroil Madrimov professional boksdagi debyut jangini o‘tkazishidan xabaringiz bor. Ayni kunlarda bokschimiz bo‘lajak jangga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Biz Isroil bilan bog‘lanib, oldinda kutib turgan jang va professional boksdagi mashg‘ulotlar, prof boks olami haqida qator savollar bilan murojaat qildik.

– Professional boksda endi jang qilsangiz ham oz bo‘lsa-da havosidan bahramand bo‘ldingiz. Havaskor boks bilan solishtirganda qanday farqni sezyapsiz?
– To‘g‘ri, hali rasman jang qilmagan bo‘lsam ham tasavvurning o‘zida katta farq sezyapman. "Uzbek taygerz"da tushib yurgan janglarimiz bilan qiyoslab, taxminan shunaqa bo‘lishi haqida tasavvur bor xolos. Katta boksda raundlar ko‘p bo‘ladi. Bu esa kuchli jismoniy tayyogarlik talab etadi.

– Promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganingizdan keyin ilk jangingiz birdan kamar uchun bo‘lishi cho‘chitmayaptimi?
– Albatta, bunday vaziyatda hayojon bo‘ladi. Lekin tavakkalsiz biror narsaga erishish qiyin. Mana buni tavakkal desa bo‘ladi. Shu orqali yangilik qilishga harakat qilyapman. O‘ylaymanki, bu yangilik muxlislarimizga manzur bo‘ladi.

– Noyabrning oxirigacha ko‘plab yurtdoshlarimiz jang qilishadi. Ular birga yashayapsiz. Yigitlarda kayfiyat qanaqa?
– Ha, haqiqatdan ham yaqin kunlar ichida bizni ketma-ket janglar kutib turibdi. Hammalari yaxshi kayfiyatda mashg‘ulotlarni davom ettirishmoqda. Bungacha bo‘lgan janglarida g‘alaba qozonishdi. Nasib qilsa, buyog‘iga ham g‘alabali seriyalarni davom ettiramiz.

– Prof boks ma’qul kelgan bo‘lsa kerak. Hech havaskor boksga qaytmaslik haqida xayol bo‘ldimi?
– Yo‘q, bu haqida hali o‘ylamadim. Sababi men havaskor boksda qilishim kerak bo‘lgan ishlar bor. Misol uchun, kelasi yil Sochida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati. Qolaversa, undan keyin Tokio Olimpiadasi oldinda kutib turibdi. Bu musobaqalarda g‘olib bo‘lishni astoydil niyat qilganman va bu maqsadim amalga oshmaguncha prof boksga to‘laligicha o‘tib ketmayman.

– Amerikagacha bo‘lgan Isroil Madrimov bilan hozirgi Isroilni solishtirib ko‘rsa, qanday tafovut bor?
– To‘g‘risini aytsam, havaskor boksda ozgina o‘sishdan to‘xtab qolgan edim. Bu yerga kelgandan keyin yangicha uslubda jang qilish, yangi muhit va yangi texnikalarni o‘rganyapmiz. Amerikada prof boksning sir-asrorlarini biladigan murabbiylar ko‘p. Shuning uchun ham qisqa fursat ichida ancha o‘sdim, deya olaman.

– Bo‘lajak raqib qanchalik o‘rganilmoqda?
– Qo‘ldan kelgancha o‘rganyapmiz. Ancha tajribali bokschi, boz ustiga chapaqay. Janglarini tomosha qilib, texnikasini, kuchli va ojiz tomonlarini tahlil qilib boryapmiz.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Madrimov professional boksdagi ilk jangini meksikalik Vladimir Ernandesga qarshi "WSB Intercontinental" kamarlaridan biri uchun o‘tkazadi. Ernandes shu paytgacha 12 jang o‘tkazib, 10 marta zafar quchgan (6 nokaut) va 2 bor mag‘lubiyatga uchragan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov: "Havaskor boksda o‘sishdan to‘xtab qolgan edim" (foto)